Surxondaryo viloyatida milliy madaniyat va boy folklor merosini keng targ‘ib etuvchi “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalining tantanali ochilish marosimi yuqori ruhda boshlandi. Ushbu nufuzli festival nafaqat yurtimiz, balki butun dunyo xalqlarining madaniy boyliklarini bir maydonga jamlayotgani bilan alohida e’tiborga loyiq.
Ochilish marosimi doirasida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov xorijiy mehmonlar va rasmiy delegatsiyalar bilan birgalikda hududlarda tashkil etilgan pavilonlarni ko‘zdan kechirdi. Bu yerda milliy hunarmandchilik namunalari, xalq amaliy san’ati durdonalari hamda ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan an’anaviy turmush tarzi jonli namoyish etildi. Har bir ko‘rgazma xalqimizning boy tarixi, qadriyatlari va betakror madaniy merosini o‘zida mujassam etgani bilan tashrif buyuruvchilarda katta taassurot qoldirmoqda.
Festival davomida turli davlatlardan tashrif buyurgan ijodiy jamoalar o‘z folklor san’ati, urf-odat va an’analarini keng jamoatchilikka taqdim etmoqda. Bu esa madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirib, xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Festival o‘z mohiyatiga ko‘ra, oddiy madaniy tadbirdan ancha kengroq ahamiyat kasb etadi. U — milliy o‘zlikni anglash, tarixiy ildizlarni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lida muhim platformadir. Shu bilan birga, festival turizm salohiyatini oshirish, hududning xalqaro nufuzini mustahkamlash va madaniy diplomatiyani rivojlantirishda ham muhim o‘rin tutadi.
“Boysun bahori” xalqaro folklor festivali xalqlarni yaqinlashtiruvchi, madaniyatlarni uyg‘unlashtiruvchi va insoniyatning umumiy merosini ulug‘lovchi betakror bayram sifatida tobora katta ahamiyat kasb etib bormoqda.

