Boysun tumanining “Bibishirin” mahallasida joylashgan “Boysun bahori” turizm majmuasida xalqaro folklor festivali tantanavor ruhda boshlandi. Ushbu nufuzli anjuman viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimovning kirish so‘zi bilan rasman ochib berildi.
Viloyat rahbari o‘z nutqida festivalni xalqimizning bebaho madaniy merosi, asrlar davomida sayqallanib kelayotgan milliy an’analari, o‘ziga xos urf-odatlari va milliy o‘zligini namoyon etuvchi yirik madaniy maydon sifatida alohida e’tirof etdi. Barchani ushbu ulkan bayram bilan samimiy muborakbod etib, uning nafaqat hudud, balki mamlakatimiz nufuzini oshirishdagi o‘rnini ta’kidladi.

Joriy yilgi festivalda dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidan — Xitoy, Rossiya, Kanada, Fransiya, Italiya, Polsha, Gretsiya, Germaniya, Yaponiya va Hindistondan tashrif buyurgan rasmiy delegatsiyalar va ijodiy jamoalar ishtirok etayotgani tadbirning xalqaro miqyosdagi ahamiyatini yanada oshirdi. Bu esa “Boysun bahori”ni madaniyatlar chorrahasiga aylantirib, turli xalqlar o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro hurmat va madaniy almashinuvni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Festivalning ochilish marosimi rang-barang konsert dasturi bilan davom etmoqda. Poytaxtdan kelgan taniqli san’atkorlar, vohaning iste’dodli ijodkorlari, maqom, folklor va baxshichilik san’ati ustalari o‘z chiqishlari orqali tomoshabinlarga unutilmas lahzalarni tuhfa etmoqda. Har bir kuy-qo‘shiqda milliy ruh, har bir sahna chiqishida ajdodlar merosi va xalq qalbi aks etmoqda.

Zamonaviy texnologiyalar ham bayramga o‘zgacha joziba bag‘ishladi. Ayniqsa, dronlar ishtirokidagi yorqin shou kechaga betakror kayfiyat olib kirib, an’anaviy va zamonaviy san’at uyg‘unligini namoyish etdi.
“Boysun bahori” xalqaro folklor festivali bugun nafaqat madaniy tadbir, balki milliy o‘zlikni anglash, tarixiy merosni asrab-avaylash va uni dunyoga targ‘ib etishning muhim platformasiga aylanib bormoqda. U xalqlarni birlashtiruvchi, yuraklarni yaqinlashtiruvchi va insoniyatning umumiy qadriyatlarini ulug‘lovchi betakror bayram sifatida tobora yuksalib bormoqda.

