Erta tongdan Boysun tumanida “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali start olib, uzoq va yaqindan tashrif buyurayotgan mehmonlar oqimi tobora ortib bormoqda. Bu esa festivalga bo‘lgan katta qiziqish va uning nufuzi yuksalayotganidan dalolat bermoqda.

Viloyatning har bir tumani o‘ziga xos tarzda milliy meros, urf-odat va madaniy qadriyatlarini jonlantirib, o‘z “qo‘rg‘onlari” va e’tiborga molik jihatlarini namoyish etmoqda. Festival doirasida Jarqo‘rg‘on tumani pavilyoni ham alohida e’tibor markazida bo‘lib, unda hududning boy madaniy merosi, hunarmandchiligi va zamonaviy yutuqlari uyg‘un holda taqdim etilgan. Rang-barang bezaklar va milliy ruhdagi muhit tashrif buyuruvchilarda katta taassurot qoldirmoqda.
Shuningdek, Qumqo‘rg‘on tumani tomonidan Janubiy Surxon suv ombori va tog‘ tizmalari aks etgan maket ham namoyish etilib, hududning tabiiy salohiyati hamda sayyohlik imkoniyatlari keng yoritilmoqda.

Festival davomida milliy liboslar namoyishi, an’anaviy qo‘shiq va raqslar, hunarmandchilik ko‘rgazmalari hamda qadimiy urf-odatlar jonlantirilib, xalqimizning boy madaniy merosi keng targ‘ib etilmoqda. Ayniqsa, qadimiy hunarmandchilik mahsulotlari xorijiy mehmonlar tomonidan katta qiziqish bilan kuzatilmoqda.
“Boysun bahori” festivali nafaqat milliy qadriyatlarni namoyish etish, balki hududlararo madaniy aloqalarni mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va turizm salohiyatini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Festival o‘z ishini davom ettirmoqda.

