Jamiyat salomatligi — bu faqat shifokorlarga bog‘liq masala emas, balki u har bir oilaning kundalik turmush tarzida, farzandlar tarbiyasida va profilaktik tibbiyotga bo‘lgan munosabatida namoyon bo‘ladi.Ayniqsa, tayanch-harakat tizimi bilan bog‘liq kasalliklarning yosharib borayotgani bugungi kunning dolzarb muammolaridan biriga aylangan. Shu nuqtayi nazardan, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashabbusi bilan Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Denov va Qumqo‘rg‘on tumanlarida tashkil etilgan tibbiy ko‘riklar muhim ijtimoiy tashabbus sifatida e’tiborga loyiq.
Mazkur ko‘riklar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-maydagi farmoniga muvofiq, aholiga tibbiy yordam sifatini yaxshilash maqsadida o‘tkazilayotir. Tajribali professor-doktorlar ishtirokida tashkil etilgan tibbiy tekshiruvlar davomida 100 dan ortiq bemor ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga malakali maslahat va amaliy yordam ko‘rsatildi.
E’tiborli jihati shundaki, bolalar va kattalar orasida eng ko‘p uchraydigan ortopedik kasalliklar alohida nazoratga olindi. Xususan, bolalardagi umurtqa pog‘onasi skoliozi, tug‘ma bo‘yin qiyshiqligi, ko‘krak qafasi deformatsiyasi, tug‘ma yassi maymoqlik, chanoq-son bo‘g‘imi displaziyasi kabi tug‘ma kasalliklar aniqlanib, davolash ustuvor vazifa etib belgilandi. Kattalar orasida esa koksartroz, gonartroz, osteoxondroz kasalliklari ko‘p uchrashi kuzatildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, aynan shu kasalliklar qanchalik erta aniqlansa, davolash natijalari shunchalik samarali bo‘ladi.
Bu kasalliklar ko‘pincha kech bosqichda aniqlanib, bemor hayot sifatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, ko‘riklar davomida nafaqat tashxis qo‘yish, balki zarur hollarda jarrohlik amaliyotlarini rejalashtirish va amalga oshirishga ham alohida e’tibor qaratildi.
Tibbiy brigadalar tomonidan hududlarda nafaqat bemorlar ko‘rigi tashkil etildi, balki mahalliy shifokorlar uchun ilmiy-amaliy seminarlar ham o‘tkazildi. Bu esa hududlarda tibbiy xizmat sifatini oshirish, zamonaviy yondashuvlarni joriy etish va tajriba almashish imkonini berdi. Shuningdek, murakkab holatlardagi bemorlar viloyat va respublika darajasidagi davolash muassasalariga yo‘naltirildi. Bu tizimli yondashuv bemorlarning davolanish jarayonini uzluksiz va samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
— Bugungi kunda ortopedik kasalliklar nafaqat keksalarda, balki yoshlar va hatto bolalar orasida ham ko‘payib bormoqda, — deydi Markaz shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Ravshan Xalimov. — Buning sabablari orasida noto‘g‘ri o‘tirish odatlari, kamharakatlik, noto‘g‘ri ovqatlanish va raqamli qurilmalarga haddan tashqari bog‘lanib qolish holatlari bor. Bizning asosiy maqsadimiz — kasallikni davolashdan ko‘ra, uni erta aniqlash va oldini olishdir. Shu sababli bunday ko‘riklar orqali nafaqat tashxis qo‘yamiz, balki aholiga sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilamiz.
Bugungi tibbiy ko‘riklar oddiy statistik ko‘rsatkichlardan iborat emas. Ular ortida inson taqdiri, sog‘lom kelajak va jamiyat farovonligi turibdi. Ayniqsa, bolalarda aniqlangan tug‘ma nuqsonlar o‘z vaqtida davolanmasa, kelajakda nogironlikka olib kelishi mumkin. Shu bois, bu kabi tashabbuslar aholining tibbiy madaniyatini oshirish, kasalliklarni erta aniqlash va sog‘lom jamiyatni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sog‘liq — bu insonning eng katta boyligi. Uni asrash esa faqat shifokorlarning emas, balki butun jamiyatning vazifasidir. Hududlarda tashkil etilayotgan bunday tibbiy ko‘riklar esa sog‘liqni saqlash tizimining xalqqa yanada yaqinlashayotganini ko‘rsatadi.
Har bir ota-ona, har bir fuqaro o‘z va farzandlari salomatligiga befarq bo‘lmasa, tibbiy ko‘riklardan vaqtida o‘tsa va sog‘lom turmush tarziga amal qilsa — bu nafaqat individual farovonlik, balki sog‘lom va baxtli jamiyatning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qiladi.
Sayyora ALLAYEVA

