Himmat kamari bog‘lansa…

Date:

Oltinsoy tumanidagi “Gulobod” hamda “Xalqobod” mahallalarida yashaydigan soddadil, beg‘ubor, tanti va mard, shijoatli odamlar misolida hamjihatlikning samarasini ko‘rishimiz mumkin. O‘tgan asrning 50-yillarida Boysun tumanining Beshtaxta, Havz, Oqsu hamda Fangat qishloqlarining tub aholisi Oltinsoy tumanining o‘zlashtirilmagan yerlarini obod, bog‘-u bo‘stonga aylantirish maqsadida ko‘chirib kelingan edi. O‘sha paytda bu qorako‘zlar kelajakda bu ochiq dashtlik o‘rnida so‘lim va nurafshon bir maskan bunyod bo‘lishiga ishongan bo‘lsalar, ajab emas. Zotan, har qanday ishga himmat kamari bog‘lansa, tikan ham guldasta bo‘ladi, deganlaridek, inson tinimsiz mehnati, sa’y-harakati va sabr-matonati bilan sahroni bo‘stonga aylantira oladi.
Oradan 70 yildan ko‘proq vaqt o‘tdi. Ilgari Oqoltin kolxozi, mustaqillikning dastlabki yillarida Yangiobod mahallasi tarkibida bo‘lgan va keyinchalik sholi o‘sishi natijasida “Gulobod” hamda “Xalqobod” mahallalariga bo‘lingan hudud odamlari hali-hamon et va tirnoqdek bir tan-u bir jon bo‘lib yashab kelishmoqda. Mana shu birdamlik va ittifoqchilik sabab bugun ilgarigi tikanakzorlar va yaydoq dalalar o‘rnida ko‘rkam uylar, muhtasham binolar, mevali va manzarali bog‘-u rog‘lar bunyod bo‘ldi, tor ko‘chalar o‘rnida esa keng va ravon yo‘llar barpo etildi.
Ammo o‘z yechimini kutayotgan bir muammo ham bor ediki, bu anchadan buyon ikki mahalla ahlini qiyin ahvolga solib kelardi. Har yili bahor mavsumida “Gulobod” mahallasining yuqori qismida joylashgan Suvqo‘li soyiga keladigan sel toshqinlari natijasida yo‘llar yopilar, oqibatda qishloq chekkasida yashaydigan odamlar hamda qabriston ziyoratiga bormoqchi bo‘lgan ikki mahalla aholisi qiyinchilikka duch kelardi. Xalq birlashsa, har qanday muammoga ham yechim topilar ekan. Nihoyat, bu qiyinchiliklarga ham barham berilib, Suvqo‘li soydagi eski, nurab qolgan ko‘prik o‘rniga yangisi qurildi. Joriy yilning15-fevralida qurilishi boshlangan hamda uzunligi 19 metr, balandligi 4 metr va eni 6,5 metrga teng bo‘lgan mazkur ko‘prik chizmasidan tortib, to oxirgi ishlarigacha asosan qo‘l mehnati bilan amalga oshdi. Qiymati 1,2 milliard so‘m bo‘lgan loyihaga sarflanadigan mablag‘ni tadbirkorlar va oddiy qishloq odamlari o‘z zimmasiga olishdi.
Hashar – elga yarashar, deganlaridek, sal kam ikki oy davom etgan ko‘prik qurilishiga ikki mahallaning yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan aholisi birdek jalb qilindi. Qo‘lida bittalab tosh tashiyotgan jajji bolakaylardan tortib, yelkasida belkurak ko‘tarib yurgan nuroniy otaxonlarning tinimsiz mehnati natijasida mahallada yangi, zamon standartlariga javob bera oladigan mustahkam ko‘prik barpo etildi.
“Gulobod” mahallasida mazkur loyihaning ochilish marosimiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda so‘z olganlar qishloq aholisini yangi ko‘prik barpo etilganligi bilan samimiy muborakbod etishdi va bu kunlarga shukrona keltirishimiz lozimligini ta‘kidlab, xalqning birdamligiga, bir yoqadan bosh chiqarib, mehnat qilganligiga yuksak baho berishdi. So‘ngra ko‘prik boshida dasturxon yozilib, noz-ne’matlar tortildi, tinchlik, birdamlik va shukronalik to‘g‘risida iliq fikrlar aytildi, ko‘prik qurilishiga hissa qo‘shganlar haqiga duolar qilindi.
Ha, Prezidentimiz ta’biri bilan aytsak, o‘zimiz mehnat qilmasak, o‘zimiz intilmasak, o‘zimiz o‘zimizni qiynamasak, hech kim chetdan kelib, bizga hech narsa qilib bermaydi. Bugungi zamon taraqqiyotining asosini tinchlik, do‘stlik, birdamlik, o‘zaro hurmat va mehr-muhabbat tashkil etadi. Buni “Gulobod” va “Xalqobod” mahallalari aholisi amalda isbotlashdi.

Shukrullo SIROJ

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

TerDU talabalari — finalda!

Termiz davlat universiteti talabalari “Talabalar teatr studiyalari” festivalining Samarqandda...

Samarqand-u Buxoroga sayohat

Angor tumanida ichki turizmni rivojlantirish hamda yurtimizning boy tarixiy-madaniy...

Do‘ppi chelenji o‘tkazildi

Angor tumanida milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va yoshlar orasida milliy...

Mini GES ishga tushdi

Oltinsoy tumanida energiya samaradorligini oshirish va aholini elektr ta’minoti...
KunTun
KunTun