Hududlarda amalga oshirilayotgan ishlab chiqarish va infratuzilma loyihalari, avvalo, yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish va ularning kasbiy rivojlanishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Bu kabi tashabbuslar iqtisodiy faollikni oshirib, mahalliy aholining turmush darajasini yaxshilashga zamin yaratadi.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Angor tumanida bo‘lib, bir qator istiqbolli loyihalar bilan tanishdi. Jumladan, “Charos-Angor” OK tomonidan amalga oshirilayotgan choyshab va yumshoq yostiqlar ishlab chiqarish loyihasi ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, “Usta Salim hoji” MCHJning muzlatkichli omborxona imkoniyatlari va “Angor Farm” MCHJ tomonidan yo‘lga qo‘yilayotgan farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi ham o‘rganildi.
Bundan tashqari, Sharq guli mahallasidan o‘tuvchi 1 km uzunlikdagi kollektorni yopiq tizimga o‘tkazish orqali 45 ta savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini tashkil etish rejalashtirilgani alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Ushbu loyihalar hudud infratuzilmasini yaxshilash bilan birga, tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Mazkur tashabbuslar yangi ish o‘rinlari yaratish, yoshlarni band qilish va hudud iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Natijada Angor tumanining investitsiyaviy jozibadorligi ortib, aholi farovonligi yanada yuksaladi.

