Bugun aksariyat odamlar tashqi to‘siqlarni ko‘radi: iqtisodiy qiyinchiliklar, siyosiy muammolar, ekologik xavflar… Lekin eng xavfli to‘siq — ko‘rinmaydigan, ammo hayotni ichidan yemirayotgan gender dizinformatsiyadir. Bu nafaqat yolg‘on xabar, balki jamiyat ongiga sekin singadigan, inson imkoniyatini sindiradigan, kelajakka qaratilgan hujumdir.
Gender dizinformatsiya — bu odamni ishonchidan mahrum qilish quroli. Qizga “sen rahbar bo‘la olmaysan”, o‘g‘il bolaga “sen hissiyotingni ko‘rsata olmaysan” degan yolg‘onlar aslida ularning qalbini o‘ldiradi. O‘ldirilgan qalb esa jamiyatni rivojlantira olmaydi. Bugun ko‘plab iste’dodlar ana shu ko‘rinmas illat qurboni bo‘lmoqda.
Siyosiy va iqtisodiy qurol sifatida
Gender dizinformatsiya — bu oddiy xato emas, u atayin ishlab chiqariladigan mafkuraviy qurol. Ayrim kuchlar uchun ayollarning siyosatda ovozi chiqmasligi, erkaklarning esa ma’lum qolipda qolishi foydali. Chunki ongi zaharlangan odamni boshqarish oson. Natijada, mamlakatlar imkoniyatlarini yo‘qotadi, iqtisod esa taraqqiy etmaydi. Bu — xalqning rivojlanishiga qarshi qo‘yilgan mina. Bugun ijtimoiy tarmoqlar “erkinlik maydoni” emas, balki gender dizinformatsiyaning eng qulay maydoniga aylangan. Mashhurlashtirilayotgan seriallar, reklama va bloger kontenti odam ongiga “ayolning qadri tashqi ko‘rinishda”, “erkakning qadri kuch va pulda” degan xato fikrni tiqishtirmoqda. Natijada, butun avlod buzilgan tasavvurlar bilan ulg‘aymoqda.
Dizinformatsiya qurboni — kelajak
Bitta noto‘g‘ri qarash yuzlab imkoniyatni yo‘qqa chiqaradi. Bugun minglab qizlar oliy ta’limdan voz kechmoqda, minglab yigitlar o‘z hissiyotini bostirib yashamoqda. Bu — nafaqat shaxsiy hayotga, balki butun xalqning ertangi kuniga tahdid. Zero, imkoniyatini yo‘qotgan jamiyat ertangi kunini ham yo‘qotadi.
Ommaviy axborotni nazorat qilish emas, balki uni tozalash — yolg‘on stereotiplarni tarqatuvchilarga qarshi jiddiy mexanizm ishlab chiqish kerak. Ta’lim tizimini yangilash — bolalar darsliklaridanoq tenglikni, hurmatni, inson qadriyatini o‘rganishi shart. Jamiyatning “immuniteti”ni kuchaytirish — gender dizinformatsiyani faqat ayol masalasi emas, balki butun millatning omon qolish masalasi sifatida ko‘rish. Zahar tarqatuvchilarni fosh qilish — yolg‘on stereotipni tarqatayotgan OAV, bloger yoki shaxslar oshkora tanqid qilinishi kerak. Gender dizinformatsiya — bu millatni ichidan yemirayotgan “ko‘rinmas devor”. Uni sindirmasak, iqtisodiy islohotlar ham, siyosiy yangilanish ham natija bermaydi. Chunki inson imkoniyati bo‘g‘ilgan joyda taraqqiyot bo‘lmaydi. Demak, bugungi eng katta vazifa — gender dizinformatsiyaning hayotimizdagi to‘sig‘ini buzish. Aks holda, bizning kelajak ham yolg‘onlarning qurboni bo‘ladi.
Yevropa Ittifoqi Tabassum: “O‘zbekistonda gender tengligini targ‘ib qilish va yosh ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish uchun media qobiliyatlari” loyihasi DW Akademie tomonidan Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilmoqda va Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ) tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Gender dizinformatsiyaga qarshi kurash – bu faqat shaxsiy tashabbus emas, balki butun jamiyat va xalqaro hamkorlikni talab qiladigan jarayondir. Shu ma’noda, amalga oshirilayotgan loyiha katta ahamiyatga ega. Mazkur tashabbus nafaqat yosh ayollar uchun yangi ufqlar ochadi, balki butun jamiyat ongida sog‘lom qarashlarni shakllantirishga xizmat qiladi. Zero, tenglikni qadrlagan, imkoniyatni qadrlagan jamiyatgina chinakam taraqqiyot sari boradi.
G. Avazova