— Bolam, chida, homiladorlik dard emas, — ona go‘shakka gapirar ekan, chuqur uf tortdi.
— Nima qilay, oyijon. Tursam ham, yursam ham ko‘z o‘ngimdan ketmayapti. Butun xayolim faqat shunda bo‘lib qoldi.
— Bolam, biz ham ha desa eshigingni taqillatib, salom berib kirib boraverolmaymiz-ku. Ayb bo‘ladi, axir. O‘zi borganimizga uch kun bo‘lmadi.
Eringga ayt dardingni. Er degani shunaqa vaqtda xotiniga yaxshiroq e’tibor berishi kerak.
Nodira opa shunday dedi-yu, baribir qiziga yuragi achidi. Qizi Shoira homilador. Homiladorligi juda og‘ir kechyapti. Umuman qozon ovqat yeyolmayapti. Unda-bunda ko‘ngli ho‘l meva tusaydi xolos. Uch kun oldin har xil mevalardan ikki yashik qilib olib borib tashlashgan edi. O‘shanda qizini ko‘rib Nodira opaning yuragi ezilib ketdi. Boyaqish Shoiraning rangini kesakdan farqi qolmabdi. Jilmaysa, milklari oppoq bo‘lib ko‘rinadi. Qudasi Hanifaxon esa…Tavba, shu ayol ham homilador bo‘lgan-ku?! Nega tushunmas ekan-a?! Kelinning uyidagilari bekorga olib kelmagandir shuncha narsani desa bo‘ladi-yu?! Uning o‘rniga “Voy yaxshi bo‘ldi, singlim tug‘ilgan kunining tavoniga nima qilaman deb turuvdim”, deya mevalarning bir yashigini olib jo‘nabdi. Qolganini “Quda xolalaringni duo qilinglar” deb o‘rtada yedirib yuboribdi. “Hoy kelin, manavi to‘rtta olma, to‘rt bosh uzumni uyingizga obkirib qo‘ying, ko‘nglingiz tusasa yersiz” deyishga shunchalik ko‘p farosat kerakmikan-a?!
— Aytdim, oyijon. Aytdim, — hiqilladi Shoira, — ular ham so‘raganimni olib keladilar-u, oyijonga beradilar. Oyijon bo‘lsa…
Kuyovingiz “Biz o‘g‘ri tomoq bo‘lib o‘smaganmiz, ana hamma bilan ye”, deydilar u-bu narsa desam…
— Shoira, shu aytgan shaftolingni olib borganim bilan qo‘lingga tegmaganidan keyin…
Nodira opa bo‘g‘ildi. Derazadan kelini Dildoraga ko‘zi tushib ovozini pasaytirdi:
— Bo‘pti, bir iloji topilar…
Nodira opa Shoira bilan xayrlashgach, ancha o‘ziga kelolmadi. Nima qilishni bilmay boshi qotdi. Qiziga “uyga kel” desa, kelish-ketish grafik asosida. Yigirma kundan bir kun oldin ham javob yo‘q. Bu yoqda yoz. Qizi ta’tilda. U institutdagi o‘qishida bo‘lgandayam boshqa gap edi.
Nodira opa nima qilishni bilmay og‘ir o‘yga cho‘mdi…
Shoira go‘shakni qo‘ygach, beixtiyor yodiga bundan uch yillar avval qizlik uyida bo‘lib o‘tgan bir voqea tushdi. O‘shanda erta bahor edi. Oshxonada handalakdek turgan qovunni ko‘rib endi qo‘liga olib kesaman deganda oyisi kelib qolib “tegma” deb koyigan edi. “Buni akang kelinoyingga olib kelgan, sen yeyishing shart emas, ammo Dildora kelinoying yemasa bo‘lmaydi”, deganini esladi. O‘sha kuni Shoiraning asabi buzilib turgan edi, alamini beayb kelinoyisidan olib, onasi ketishi bilan qovunni bir o‘zi tinchitib qo‘ygandi.
Ammo oila a’zolaridan hech kim o‘sha qovunni so‘roqlamaganini bugun eslasa, kelinoyisining sabr-u toqatiga tan beradi.
Shoiraning xayoli yana shaftoliga ketdi. Qip-qizil bo‘lsa, muzdek bo‘lsa… To‘ygunicha yesa. Nechtasiga to‘yar ekan… Kim bilsin… Ich-ichidan yig‘i kela boshladi: “Loaqal bir dona bo‘lsaydi…”Shoira o‘zini u yoqqa tashladi, bu yoqqa tashladi. Kir yuvganda ham, uy tozalaganda ham, ovqat pishirganda ham… Faqat shaftoli… shaftoli…
Shoira mastavaga guruch solmoqchi bo‘lib turganda, eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Tashqaridan qaynonasining ovozi eshitildi:
— Vaalaykum assalom, kiravering, qudamgilar yaxshimi?
Shoira oshxonadan chiqib, qo‘lida to‘rtta patir ko‘tarib olgan kelinoyisi Dildoraga ko‘zi tushdi.
— Hammalari yaxshi. Ammo meni bu yerga kelganimni bilishmaydi. Men malaka oshirishda edim. Birrovga kirgandim. Shoiraxonda bir kitobim bor edi. Zarur bo‘lib qoldi-a…
Shoira hech narsaga tushunmay angrayib turardi. Dildora ildam kelib Shoira bilan ko‘rishdi va uni kelinlik uyiga yetakladi:
— Iltimos, Shoiraxon, juda shoshilyapman, kitobni olib bering.
Ichkariga kirgach, eshikni yopgan Dildora yelkasidan sumkasini oldi va qora xaltaga o‘ralgan nimanidir chiqarib, kamod tortmasiga shoshilinch joyladi. Xonani shaftolining xushbo‘y isi tutib ketdi.

