G‘alla — xalqimizning asosiy rizq-ro‘zi bo‘lib, non va non mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlashda beqiyos ahamiyatga ega. Shu bois uni yetishtirishda har bir bosqich, ayniqsa, hosilni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish dolzarb vazifa hisoblanadi. Dehqonlar bejiz “yil yilga o‘xshamaydi” demaydi — ob-havo sharoiti hosildorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Mutaxassislarga ko‘ra, bug‘doy dunyo bo‘yicha eng ko‘p ekiladigan ekinlardan biri bo‘lib, umumiy ekin maydonlarining qariyb chorak qismini egallaydi. Agar kasalliklarga, xususan, zang kasalligiga qarshi o‘z vaqtida choralar ko‘rilmasa, hosilning 30–40 foizigacha nobud bo‘lishi mumkin.
Mamlakatimizda ham g‘alla yetishtirish ko‘lami kengayib bormoqda. Yuqori hosildorlikka erishishda zamonaviy agrotexnika, sifatli urug‘chilik, o‘g‘itlash va sug‘orish bilan bir qatorda kasalliklardan himoya qilish muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, bahor oylarida salqin va seryog‘in ob-havo sharoitida poya, sariq va qo‘ng‘ir zang kasalliklari tez tarqalib, katta zarar yetkazishi mumkin.
Zang kasalligiga qarshi kurashda ikki asosiy yo‘l mavjud: agrotexnik va kimyoviy choralar. Agrotexnik tadbirlar g‘allaning chidamliligini oshirish va kasallik rivojlanishi uchun noqulay sharoit yaratishga qaratiladi. Bunga o‘z vaqtida o‘g‘itlash, sug‘orish, begona o‘tlarni yo‘qotish hamda barg orqali oziqlantirish kiradi. Ayniqsa, suspenziya usulida oziqlantirish o‘simlikning o‘sishini jadallashtirib, bargning bardoshliligini oshiradi.
Kimyoviy kurash esa kasallik aniqlangan holatlarda eng tezkor va samarali choradir. Zang belgilari kuzatilgan maydonlarda tavsiya etilgan fungitsid preparatlari bilan o‘z vaqtida ishlov berish kasallikning keng tarqalishining oldini oladi. Bunda avvalo zararlangan o‘choqlarni bartaraf etish, so‘ngra esa butun maydonga profilaktik ishlov berish maqsadga muvofiqdir.
Shu bilan birga, dalalarda muntazam monitoring olib borish, mutaxassislar tavsiyalariga amal qilish va ishlarni uyushqoqlik bilan tashkil etish muhim ahamiyatga ega. Faqatgina agrotexnik va kimyoviy choralarni uyg‘un holda qo‘llash orqali yuqori va sifatli hosilga erishish mumkin.
G‘allani zang kasalligidan himoya qilish — bu nafaqat hosilni saqlab qolish, balki xalqimiz dasturxonining to‘kinligini ta’minlash demakdir. Vaqtida va to‘g‘ri amalga oshirilgan choralar esa mehnat samaradorligini oshirib, hosildorlikni sezilarli darajada ko‘paytiradi.
A.Qo‘chqorov,
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti dotsenti v.b,
biologiya fanlari nomzodi

