Termizdan Rossiyagacha…

Date:

Sayohat qilishni, dunyo ko‘rishni istamaydigan inson bo‘lmasa kerak. Sayr-u sayohatning ikkinchi jihati moliyaviy tomonimizga bog‘liq bo‘lgani uchun ham bu reja keyinga surilishi yoki orzuligicha qolib ketishi mumkin. Ammo, angorlik Egammurod bobo 9 yildirki, sayohat qilib dunyo kezmoqda. Buning uchun velosipedga o‘tiradi-da, katta ishtiyoq bilan manzil tomon oshiqadi.
Bobo ayni paytda 85 yoshni qarshilaganiga qaramay, keksaydim deb uyga o‘tirib olmagan. Termiz shahrining Mustaqillik maydonidan Rossiya Federatsiyasiga ketish uchun yo‘lga otlandi.
— Avval ham O‘zbekistondan Rossiyagacha borganman. Roppa-rosa 39 kunda yetib boribman, — deydi bobo.
Keyingi manzil Qashqadaryo viloyati. So‘ng azim Toshkent orqali Qoraqalpog‘iston va Qozog‘iston Respublikalaridan o‘tishni maqsad qilgan bobo uchun bu mashg‘ulot ko‘ngil chigilidek gap. Bahonada do‘st-birodar orttiradi. Har bir shahar va davlatning tabiati, iqlim sharoiti, qadamjolarini ko‘rib, ziyorat qiladi. Bozorlarini aylanadi.
Ulug‘ yoshda, yana velosipedda sayohat qilish Egammurod bobo uchun qiyinchilik tug‘dirmasmikan deydiganlarga boboning aytar so‘zi bor:
— Hech ham qiynalmayman. Qaytamga o‘zimni tetik va kuch-quvvatga to‘la his eta boshlayman. Velosipedda yurish sog‘lik uchun ham foydali. Inson necha yoshda bo‘lishidan qat’iy nazar doimo sog‘lom turmush tarziga amal qilishi, jismoniy tarbiyani unutmasligi kerak. Ana shundagina kasallik bizdan chekinadi. Immunitetimiz bardam, umrimiz uzoq bo‘ladi.
O‘z oldiga maqsad qo‘yib, turli sarguzashtlarni sevadigan Egammurod bobo uchun dunyo kezish sevimli mashg‘ulotga aylanib ulgurgan. Inson qanday reja va maqsadni o‘z oldiga qo‘ysa, unga hech qanday to‘siq g‘ov bo‘lmasligi kerak. Buning uchun ishtiyoq bilan urinish va pozitiv fikrlash kifoya. Qahramonimizning shijoati esa eng yaxshi namuna bo‘la oladi.

S.Allayeva

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

«Kuz jilosi»da Oltinsoy iste’dodlari porladi

Yosh iste’dodlarni kashf etish, ularning ijodiy salohiyatini namoyon qilish...

Qo‘g‘irchoq teatrida xavfsizlik sabog‘i

Bolalarda yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish madaniyatini erta yoshdan...

Bo‘lajak logistlar Termiz daryo porti faoliyatini o‘rgandi

Transport va logistika sohasida malakali mutaxassis bo‘lish uchun nazariy...

Sherobodda 24 soatlik nazorat yo‘lga qo‘yilgan

Sovuq kunlarda aholi xonadonlari, ta’lim va tibbiyot muassasalarining issiqlik...
KunTun
KunTun