Yoshlarning nafaqat kasbiy bilim va ko‘nikmalarini, balki shaxsiy fazilatlari, ruhiy barqarorligi va ijtimoiy faolligini rivojlantirish ham ta’lim jarayonining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Zero, o‘ziga ishongan, mustaqil fikrlaydigan va jamoa bilan samarali muloqot qila oladigan yoshlar kelajakda o‘z o‘rnini topishda ko‘proq imkoniyatga ega bo‘ladi.
Shu maqsadda Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha psixolog hamda Zooinjeneriya, veterinariya va ipakchilik kafedrasi assistenti B. Gulbutayev hamkorligida Agrobiologiya fakulteti Zooinjeneriya ta’lim yo‘nalishining 1-bosqich 126-guruh talabalari ishtirokida psixologik trening tashkil etildi.
Mashg‘ulotlarda talabalarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, ijobiy dunyoqarashini shakllantirish, muloqot madaniyati va jamoada ishlash ko‘nikmalarini oshirishga e’tibor qaratildi.
Qiziqarli psixologik mashqlar va interaktiv topshiriqlar orqali talabalar faol ishtirok etib, o‘z fikr-mulohazalarini erkin ifoda etdilar.
Bunday amaliy mashg‘ulotlar yoshlarning ichki imkoniyatlarini anglashiga, o‘ziga ishonchini oshirishiga hamda ta’lim va jamoat hayotida faol bo‘lishiga ko‘maklashadi.

