Toshkentda o‘tkazilgan “Ispaniya – Markaziy Osiyo – Ozarbayjon” formatidagi qishloq xo‘jaligi vazirlari uchrashuvi va biznes-forumda ishtirok etgan Ispaniya delegatsiyasi Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Mehmonlar Termiz tumanidagi “Tomorqa maktabi” va “Lamoc Agro” issiqxonasida bo‘lib, zamonaviy yetishtirish texnologiyalari, suv va energiyani tejash usullari hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan tanishdi.
Keyingi manzil Sherobod tumani bo‘ldi. U yerda barpo etilayotgan “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasida investitsiya loyihalari, zamonaviy issiqxona majmuasi va agrologistika markazi qurilishi haqida ma’lumot berildi. Delegatsiya a’zolari bilan xorijiy texnologiyalarni joriy etish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif vohaning agrar va investitsiyaviy salohiyatini xalqaro hamkorlarga namoyish etish, yangi sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.

