Transport va logistika sohasida malakali mutaxassis bo‘lish uchun nazariy bilimning o‘zi kifoya emas. Yuk tashish, transport vositalariga xizmat ko‘rsatish, logistika jarayonlarini boshqarish kabi amaliy ko‘nikmalar ham kasbiy tayyorgarlikning muhim tarkibiy qismidir.
Shu maqsadda Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetining transport muhandisligi va logistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalari Termiz daryo portida bo‘lib, nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamladi.
Mamlakatimizdagi yagona daryo porti hisoblangan Termiz daryo porti mintaqadagi strategik ahamiyatga ega yuk tashish maskanlaridan biridir. U Amudaryo orqali qo‘shni davlat bilan yuk tashish aloqalarini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Tashrif davomida port tijorat bo‘limi boshlig‘i H. Avezov va boshqa mutaxassislar talabalarga portning tashkil topish tarixi, asosiy vazifalari, moddiy-texnik bazasi hamda yuk tashish hajmi haqida ma’lumot berdi.
Bo‘lajak mutaxassislar barjalar, katerlar va yuk kemalari bilan yaqindan tanishib, tovarlarni yuklash hamda kemalarga xizmat ko‘rsatish jarayonlarini kuzatdi. Shuningdek, daryo portining mintaqaviy logistika tizimidagi o‘rni, yuk tashish jarayonlarining o‘ziga xos jihatlari haqida bilimlarini boyitib, mutaxassislarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi.
Ayni paytda universitetda 9 ming 200 nafardan ortiq talaba 56 ta bakalavriat va 25 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olmoqda. Ta’lim jarayonini amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan bunday tashriflar esa talabalarning kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlash, soha faoliyatini bevosita o‘rganish va mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib yetishishida muhim ahamiyat kasb etadi.

