Surxondaryolik qalami o‘tkir, shijoatli jurnalist Zoyir Mamajonov mustabid tuzumning adolatsizliklaridan ko‘p ozor chekkan, yurtimizning mustaqil bo‘lishini orziqib kutgan insonlardan biri edi. Mustaqillik shabadasi elas-elas esa boshlagan pallada haqiqat bo‘y ko‘rsatib, 1990-yilda Zoyir Mamajonovni Denov tumanining “G‘alaba uchun” (hozirgi “Chag‘oniyon”) gazetasi bosh muharrirligiga tayinlashdi.
MAMAJONOVGA ARMON BO‘LGAN KUNLAR
1991-yil 1-sentyabr — Mustaqillik kunini Zoyir aka quvonch bilan qarshi oldi. Ustoz jurnalist istiqloldan kuch olib, g‘ayrat va yuksak shijoat bilan ijod qilishga kirishdi. “Chag‘oniyon” gazetasining nafaqat vohada, qolaversa, mamlakatimizda o‘qishli gazetaga aylanishida astoydil mehnat qildi. Ijodkor ahlini e’zozlagan Zoyir aka: “Ijodkor oddiy inson bo‘ladi, u shirin gapning gadosi, uni xafa qilgan insonning ikki dunyosi kuyadi”, degan gapni katta davralarda hazil aralash ko‘p aytardi. Ayniqsa, shogirdlari kamolini ko‘rsa bormi, xuddi yosh boladek quvonardi. Buni o‘zim “Xalq so‘zi” gazetasining viloyat bo‘yicha muxbiri etib tayinlanganimda yanada yaqqolroq sezganman. Ustoz bilan suhbatimizning asosiy mavzusi vohadagi, tumandagi o‘zgarishlar, rahbarlarning qo‘l ostidagilarga munosabati, murojaatga bo‘lgan e’tibori, inson qadr-qiymati haqida bo‘lardi.
Tajribali jurnalist Zoyir Mamajonov gazetaga yangi nom tanlashni gazetxonlar hukmiga havola qildi. Shu-shu gazeta Denovning tarixiy nomi bilan,
ya’ni “Chag‘oniyon” deb ataladigan bo‘ldi. Zoyir aka shu gazetada 23 yil bosh muharrir bo‘lib faoliyat yuritdi. O‘tgan vaqt davomida nafaqat denovliklar, balki minglab vohaliklarni qiynayotgan muammolarga yechim topa bildi. Ayniqsa, o‘sha paytdagi fermerlik harakati davomidagi g‘irromliklar, davlat ixtiyoridagi bino va inshootlarni xususiylashtirishdagi zo‘ravonliklar, kadrlar qo‘nimsiz-ligiga sabab bo‘lgan rahbar va hokimlar faoliyatini ro‘yirost ochib bergan ko‘plab tanqidiy maqolalar e’lon qilindi. Pirovardida, gazetadagi chiqishlarning barchasi haqiqat, adolat qaror topishiga xizmat qildi. Ba’zi chiqishlar esa byurokrat rahbarlar uchun Zoyir akaning asabini egovlashga bir bahona bo‘lardi. Muharrir baribir o‘zibo‘larchiliklar, oshna-og‘aynigarchiliklarga qarshi astoydil kurashdi. Loqayd, o‘zboshimcha rahbarlarni “Chag‘oniyon”da ayovsiz felyeton qildi. Zoyir Mamajonovning armoni bitta edi: Qachon Surxondaryoga xalqqa qayishadigan, uning murojaati va dardini tinglaydigan rahbarlar kelar ekan, deb ko‘p gapirardi.
QABUL KUNI CHEKLANMAGAN OSTONA
Esimda, Zoyir Mamajonov bilan ishlagan kezlarimda gazetada mening imzoyim bilan “Qabul kuni cheklanmagan ostona” sarlavhali maqola e’lon qilindi. Unda byurokrat rahbarlardan ozor chekkanlar kunning istalgan paytida Mamajonovni izlab kelishayotgani-yu Zoyir aka esa ko‘plab masalalarni joyida telefon orqali hal qilayotgani, yoxud o‘zi xon, ko‘lankasi maydon rahbarlar haqida achchiq tanqidlar berilayotgani haqida so‘z yuritilgandi. Idorama-idora yurib, tinka madori qurigan odamlar oxiri “Zoyir Mamajonga bormasam bo‘lmaydi”, deganidan so‘ng muammosi hal bo‘lgan holatlarni davralarda g‘ururlanib aytishardi. Zoyir Mamajonov byurokratik to‘siqlarga, adolatsizlikka murosasiz, birovning dardini o‘ziniki, deb qabul qiladigan inson edi. Gazetani Z.Mamajonovning faoliyati davomidagi chiqishlarini ko‘zdan kechirgan kishi bunga guvoh bo‘lishi shubhasiz. Mushtariylar “Chag‘oniyon”ning har bir sonini sabrsizlik bilan kutishardi. Albatta, uning har bir sonida tesha tegmagan tanqidlar, felyetonlar chop etilgan bo‘lardi.
O‘sha paytda ham, hozir ham tanqidiy chiqishlar uncha-muncha rahbarlarga yoqmasligi bor gap. O‘zimning guvoh bo‘lganlarim shuki, ertalabdanoq telefon orqali “tashkil” etiladigan asabbuzarliklar, baqir-chaqirlar Zoyir akani to tushga qadar ancha toliqtirardi. O‘zi haqidagi felyetonni o‘qigan rahbarlar alamidan kazo-kazo og‘aynilari, hatto poytaxtda o‘tirgan homiylari orqali telefonda do‘q-po‘pisalar uyushtirishardi. Zoyir G‘ulomovich ularning hammasiga vazminlik va bosiqlik bilan qonun doirasida javob berishini, chop qilingan tanqidga yoki felyetonga e’tirozi bo‘lsa, albatta, sudga murojaat qilishlarini ta’kidlardi.
… Men Zoyir Mamajonov bilan ko‘p yillar yelkama-yelka turib, birga ishlagan jurnalist sifatida aytishim mumkinki, otashin jurnalist intiq bo‘lib kutgan kunlar endi keldi. Bunday deyishimga asoslar yetarli. Bugungi kunda xalqparvar Prezidentimiz tashabbusi bilan xalq dardiga quloq tutiladigan bo‘ldi. Vohadoshlarimizning dardini tinglayotgan, dardiga malham bo‘layotgan viloyatimiz hokimidek adolatparvar rahbar faoliyatini ustoz ko‘rganida bormi, u qanchalar quvongan bo‘lardi.
Toshkent davlat universitetida tahsil olgan paytimizda professor, rahmatli Ochil Tog‘ayev degan domlamiz bo‘lardi. Har doim darsni boshlashdan oldin jurnalist gazetxon nazariga tushishi uchun, avvalo, dovyurak bo‘lishi shart, deya ta’kidlardi. Men domlaning nechog‘lik haqligiga el nazariga tushgan Zoyir Mamajonov misolida amin bo‘ldim.
Kasbga, vazifasiga mas’uliyatni ustozdan o‘rganganmiz. Bilasiz, mustaqillik yillarida “Chag‘oniyon”ning obunachilari soni 16 mingtaga yetgandi. O‘sha paytda gazeta poytaxtdagi “Sharq” nashriyotida chop etilardi. Uch nafar jurnalist navbati bilan Toshkentga borib, gazetani chop ettirib kelardik. Xokisor inson Zoyir Mamajonov gazeta Toshkentdan Denovga yetib kelmaguncha mijja qoqmasdi. Har yarim soatda gazeta yuklangan avtobusda kelayotgan muxbir bilan gaplashib turardi.
1996-yilning kuz oylari edi. Zoyir Mamajonov mehnat ta’tili paytida Namangandagi sanatoriylarning biriga dam olishga ketdi. U paytlar gazeta eski matbaa uskunalarida chop etilardi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, tungi soat
23-24 gacha ishlardik. Esimda, o‘shanda bosh muharrir ta’tildan qayta-yotib, uyga emas, to‘g‘ri tahririyatga kirib keldi. Gazetani juda sog‘ingan ekan. Yo‘l charchog‘iga qaramasdan, kichkina xabardan tortib, dunyo voqealarigacha hijjalab o‘qib chiqdi, sahifalarga ko‘z yugurtirdi. Vazifasini vaqtincha bajarib turganim uchunmi, mendan jamoani, odamlarning kayfiyatini so‘radi. Ko‘nglida xotirjamlik sezgandan so‘nggina xayrlashib, uyiga jo‘nadi.
Zoyir Mamajonov 64 yoshida
hayotdan ko‘z yumdi. U jurna-listik faoliyati davomida minglab fuqarolarga yordam qo‘lini cho‘zdi. Sudlar tomonidan adolatsiz chiqarilgan hukmlar natijasida ozor chekkan fuqarolar dardiga malham bo‘ldi. Ustozning qabulidan hech kim norizo bo‘lib ketmagan. Baribir ustozning shogirdlari ko‘nglida bitta armon sira tinchlik bermaydi. Bu ajoyib kunlarni Zoyir Mamajonov ko‘rganida bormi, u hali uzoq yashagan bo‘lardi…
Normurod TEMIROV,
“Xalq va hayot” gazetasi
bosh muharriri,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi