99 foiz mehnatning samarasi ko‘rinadi

Date:

Jurnalist nomi ulug‘, mehnati og‘ir. Buni sohada qalam tebratib, kasb yukini yelkasiga ortmoqlaganlargina biladi, qalban his eta oladi. Adashib kelib qolganlar, jurnalist bo‘lishni istab, na iqtidor va na mehnat qilishni istamaydiganlarni esa qaynoq sohaning o‘zi xas-cho‘p yanglig‘ sohilga chiqarib tashlashi ham haqiqat. Balki shuning uchundir, hamma ham yurak yutib, jurnalist bo‘laman deb sohaga kirib kelavermaydi.
Yoshlarning orzu va maqsadlariga, qiziqishlariga quloq tutsangiz, har o‘n yoshning 5-6 nafari jurnalistikaga qiziqishini bildiradi. Ammo natija nolga teng. Jurnalistika fakultetini tamomlagan yoshlarning aksariyati poytaxtda qolishni afzal biladi. Kelganlari ham televideniye sohasini tanlaydi yoki ikkinchi mutaxassislikda o‘qiganlari qancha. Balki ayni jihatlarni hisobga olgan holda Termiz davlat universiteti qoshida jurnalistika ta’lim yo‘nalishi ochilgandir.
O‘tgan 2024/2025-o‘quv yilida ilk bor 25 nafar yosh ushbu ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilindi va ta’lim jarayonlari boshlandi. Yakunlangan o‘quv yili yoshlar uchun, pedagoglar uchun taassurotlarga boy bo‘lgani aniq. Yoshlarga amaliy va nazariy bilim berish maqsadida universitetning tajribali, mahoratli pedagoglar jamoasida faoliyat olib borayotgan Mansur Hamidov, Umida Namozovalar bilan birga sohada faoliyat yuritib kelayotgan Bahriddin Mingboyev, Sarvar To‘rayev kabi jurnalistlar ham jalb qilindi. Maqsad bitta — yosh jurnalistlarga soha sirlarini o‘rgatib, qiziqish va ishtiyoqini oshirish, yetarli bilim va ko‘nikmani berishdir. Bir yil davomida ko‘zlangan maqsadga yetish uchun ilk va muhim qadam tashlandi.
— Tan olish kerak, o‘quv yili boshlanganida yoshlardan ishlayman, o‘qib o‘rganaman degan ishtiyoqni ko‘rmadik, — deydi Sarvar To‘rayev. — Shunchaki qiziqish, ball pastligi sabab omadi chopib o‘qishga kirib qolgan yoshlar bilan yuzlashdik. Demak, oldimizda turgan ishimiz og‘ir, yaxshigina mehnat talab etadi. Ana shunday mas’uliyat bilan ishga yondashdik. Birinchi navbatda, ishni yoshlarni sohaga qiziqtirishdan boshladik.
Albatta, jurnalistika qiziqarli, har bir yoshga yulduzlik onlariga taqdim etadigan soha. Qolaversa, mehnati tezda yuzaga chiqib, mehnat qilganni tanitadigan kasb. Shu sabab, jurnalist bo‘laman degan zumda sohaga kirib ketib, mehnat qilishni, o‘z ustida ishlashni boshlashi aniq. Ustozlarning chorlovi kutil-ganidek bo‘ldi. To‘g‘ri, har doim ham yuz foizlik natijaga erishish qiyin. Ammo harakatga yarasha “labbay” deguvchilar topilsa, urinish besamar ketmaganini ko‘rsatadi.
Shu tariqa talaba-yoshlarga nazariy bilimlar berila boshlandi, jurnalistik va publitsistik janrlar, reportyorlik mahorati, intervyu olish sirlari, mavzu tanlash bo‘yicha o‘z ishining ustalari puxta bilim bera boshladi. Bilimlar amaliyot bilan uyg‘un tarzda o‘tishi esa yigit-qizlarni-da harakatga boshladi. Kimningdir lavha olishda, kimningdir mavzu tanlashga mahorati borligi ochiqlandi.
— Talabalar respublikamizning turli hududlaridan, — deydi S.To‘rayev. — Shu orqali hududlarda soha qay darajada rivojlanganini bilish mumkin. Talabalarimiz ichida qumqo‘rg‘onlik Dilafro‘z Norboyevaning mavzu tanlashi, so‘z qo‘llashda mahorati bor. Tesha tegmagan mavzularda material tayyorlaydi. Fikrlari original, qochirim va tanqidlarni o‘z o‘rniga qo‘yadi. Undan umidimiz katta.
Xuddi shunday jizzaxlik Ruhshona Mardiyeva va xorazmlik Maqsuda Karimboyevalarning matbuot jurnalistikasiga qiziqishi yuqori. Bugunning og‘riqli mavzularida qog‘oz qoralab, ustozlarining ko‘rib berishlarini so‘rashadi. Ustozlar ham ularning qiziqishlaridan kelib chiqib, viloyatdagi gazetalarga yo‘naltirib kelishmoqda.
Qashqadaryolik Baxtiyor Ko‘charov axborot xizmatida ishlashni o‘z oldiga maqsad qilgani uchun ham informatsion xabar va yangiliklar tayyorlash, video lavhalar olish bo‘yicha mahoratini oshirib borayotgan bo‘lsa, chustlik Jaloliddin Mahmadaliyev ham tengdoshlari kabi faol.
Yana bir muhim jihat. Talaba-yoshlar birinchi kursdanoq Surxondaryo televideniyesining “Voha24” dasturiga muntazam lavhalar tayyorlab, o‘z imkoniyat va mahoratlarini oshirib borishmoqda. Dasturda bo‘lg‘usi jurnalistlarning turli sohalardagi ijtimoiy so‘rovnomalari, muhim va dolzarb mavzulardagi lavhalari berib boriladi. Suv taqchilligi deysizmi, maishiy mavzudagi yechim izlayotgan muammolar-u kitobxonlik, internet tarmoqlaridan foydalanish madaniyati deysizmi — barcha jihatlar yosh izlanuvchilarning diqqat markazida.
O‘qituvchilarning talabalar haqidagi fikrlari o‘zgardi. Mehnat qilsa, yoshlarni to‘g‘ri yo‘naltira olsa, qandaydir natijaga erishish mumkinligiga ishonchlari yanada ortdi. Kelgusi yillar uchun esa rejani katta olib, yosh jurnalistlar bilan ishlashni mo‘ljallashgan.
Ha aytgancha, talabalar ham o‘quv yili boshlangandagi “eplay olarmikanman” degan qo‘rquv va hadikda ko‘zlari jovdiragan yoshlar emas, balki o‘zida ishonchi va shashti baland, o‘z yo‘lini tanlagan, qat’iyatli yoshlardir. To‘g‘ri, sohada iqtidor muhim. Ammo bir foiz iqtidor, 99 foiz mehnat deb bejiz aytishmagan ekan. Yosh jurnalistlar bu fikrning nechog‘lik to‘g‘ri ekaniga amin bo‘lib, qat’iy azm-u shijoat ila mehnatda o‘zlarini toblashga kirishishgan.
Jurnalistika ilg‘orlikni, faollikni talab etadi. Ana shunday qaynoq qozonda qaynash, ijod va izlanishda bo‘lish har bir soha vakilini yanada ilhomlantiradi, kuch beradi. Jamiyatni ham uyg‘oqlikka chorlaydi. Endigina yetishib chiqayotgan yosh kadrlarni ham ana shunday katta maktablarga qo‘shilib, birgalikda ijod qilishga, o‘z yo‘li, o‘z uslubi, o‘z qalamlarini topishiga umid bog‘laymiz. Ular oddiy emas, mashaqqatli va zalvarli yo‘l boshidalar, shunday ekan, o‘z yo‘llarida sobitqadam bo‘lib, bildirilgan ishonchni oqlashlariga shubha yo‘q.

Sayyora ALLAYEVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

BHMning 6 baravari miqdorida

Hukumat qarori bilan «Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan...

Yangi O‘zbekistonni barpo etish, fuqarolar farovonligini ta’minlash va mamlakatimizning...

Mavsum samarali tashkil etildi

Shoʻrchi tumanidagi 14-maktabgacha ta'lim tashkilotida “Yozgi sog'lomlashtirish mavsumini...

Jarimasi 3 750 000 so‘m

Viloyatiʼ prokuraturasi xodimlari, viloyat Ekologiya boshqarmasi hamda Milliy gvardiya...
KunTun
KunTun