Inklyuziya haqida gap ketganda, nogironligi bor insonlarni bir ko‘zda ko‘rish, imkoniyatlar barchaga bir xil bo‘lishi haqida bong uramiz. To‘g‘ri-da, jismoniy imkoniyatidan qat’i nazar har bir inson jamiyatga moslashishi, o‘zaro muloqotda bo‘lishi, tabiiy hol. Shunday deyishga deymiz-u nogironligi bor odamlarning shaharda, umuman ko‘cha, davlat tashkilot va idoralaridagi shart-sharoitsizlik sabab harakatlanishi qiyinchilik tug‘dirishini o‘ylamaymiz. Yoki o‘yladikmi, o‘ylaganimiz bilan natija bormi?!Ulkan bunyodkorlik natijasida, shahrimiz qiyofasi o‘zgarib borayotgan bir paytda nogironligi bor fuqarolar uchun ham qanday shart-sharoitlar yaratildi ekan degan savol tug‘iladi kishida. Axir, osmono‘par binolar, ko‘p qavatli turar joylarda jismoniy nuqsoni bor fuqarolar uchun sharoit yetarlimi?! Lift bo‘lsa-ku nur ustiga, bo‘lmasa-chi? Qolaversa,
pandus, serqatnov transport yo‘llarida ovozli svetofor kabi vositalarga, maxsus piyodalar yo‘lakchalariga ehtiyoj bor-ku?! Holbuki, o‘tgan yil viloyatdagi mas’ul rahbarlar ishtirokida nogironligi bor insonlarning emin-erkin harakatlanishi uchun qulayliklar yaratilishi muhokama etilgan yig‘ilish va unda belgilab olingan vazifalar keng jamoatchilikka e’lon qilinganida, ko‘pchilik qatori nogironligi bor shaxslar ham ko‘p umidlangani ayni haqiqat-da.
Aslida xalqimiz azaldan nogironligi bor, ehtiyojmand mahalladoshiga moddiy-ma’naviy ko‘mak berib, hayotga intilishini oshirishni, jamiyatga ishonch hissini uyg‘otishni yuksak qadriyat, deb biladi. Ularning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarib, huquqlarini ta’minlash ham ezgu amallardan biri sanaladi. Biroq o‘tgan tuzumda qurilgan binolarda nogironligi bor insonlar uchun moslashuvlilikni ta’minlash e’tibordan chetda qolgani uchun binolarga pandus o‘rnatilmagan. Shu sababli endilikda yangi qurilgan ko‘p qavatli binolar pandusli, eskilari pandussiz bo‘lib qoldi.
Ijtimoiy tarmoqda tilga olingan binolarning ham ayrimlari sho‘rolar davrida, ba’zilari mustaqillikning ilk yillarida qurilgani-yu, bu idoralarning kirish qismida fuqarolarni qabul qiladigan xonalar barpo etilib, nogironligi bor insonlarning harakatlanishi uchun ham qulaylik yaratilgani va yaratilayotgani hisobga olinsa, vohada inson qadrini ulug‘lashga birdek e’tibor qaratilayotgani namoyon bo‘ladi.
Mamlakatimizda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq endilikda bu toifadagi fuqarolarning harakatlanishi uchun nafaqat zamonaviy sharoitlar, balki ularning odil sudlovdan foydalanish, saylash va saylanish, referendumda ishtirok etish, shuningdek, ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash uchun ham qo‘shimcha qulaylik yaratildi.
Prezidentimizning 2024-yil 18-iyuldagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay va to‘siqsiz muhit yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Ushbu qarorga muvofiq Surxondaryo viloyatida ham maxsus panduslar barpo etilmoqda. Ravon piyodalar yo‘lakchalari qurilyapti. Serqatnov yo‘llarda ko‘zi ojiz fuqarolar uchun ovozli svetoforlar o‘rnatilgani esa yana bir qulaylik. Bu svetofor nogironligi bor insonlar yo‘ldan o‘tishda maxsus tugmani bosib, yo‘l ochilganini ovozli belgi orqali bilib oladi. Ko‘zi ojiz inson ham, mobil aravada harakatlanuvchi shaxslar ham yo‘lni kesib o‘tishda emin-erkin harakatlanadi.
—Bu turdagi svetoforlar bizning yo‘llarda bexavotir harakatlanishimizga xizmat qilmoqda, — deydi mobil aravadan foydalanadigan Zuhra Hasanova. — Panduslar orqali jamoat joylariga bemalol kirib boramiz. Bunday imkoniyat bizning hayotga ishonchimizni oshirmoqda. Jamiyatda faol bo‘lishga undayapti. Bunday muhit biz uchun o‘qish, mehnat qilish va jamiyatga nafimiz tegishiga imkon yaratmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili Termiz shahridagi Alisher Navoiy ko‘chasi tanlab olinib, uning
1 400 metr qismida sariq rangli yo‘lakcha bunyod etildi. Hududdagi serqatnov chorrahalarga 8 ta ovozli svetofor o‘rnatildi. Joriy yilda bu ishlar davom ettirilib, Hakim at-Termiziy ko‘chasining 2 200 metr qismi nogironligi bor insonlar uchun moslashtirilmoqda. Bunday xayrli ishlar viloyatning Denov, Sho‘rchi va Uzun tumanlarida ham olib borilmoqda. Shuningdek, ko‘p qavatli uylarning yo‘laklari va liftlari ko‘zi ojizlar uchun moslashtirilmoqda. Davlat tashkilotlarining kirish qismida sariq yo‘laklar tashkil etilib, brayl alifbosi moslamasi ko‘rsatkichli bino xaritalari tashkil etilmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni nazorat qilayotgan ijtimoiy inspeksiya mutasaddilarining aytishicha, bu yil vohada qayta ta’mirlanayotgan, yangidan qurilayotgan 35 ta umumta’lim maktabi, 27 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, to‘rtta sog‘liqni saqlash muassasasi, bitta ixtisoslashtirilgan maktab-internat binosi va beshta “Yangi O‘zbekiston” massivi ko‘chalarining loyiha smeta hujjatlari davlat dasturi doirasida ishlab chiqilib, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay muhit yaratilyapti. Bu inshootlarda ham texnik shartlarning bajarilishini soha mutaxassislari nazorat qilmoqda.
Viloyatda eshitishda muammosi bor, ko‘zi ojiz yoki aravada harakatlanuvchi insonlar e’tiborga olinib, yaratilayotgan bu qulayliklar hudud inklyuziv rivojlanish yo‘lida dalil odim tashlayotganiga yaqqol misoldir. Endi jamoat joylari va yo‘llarda sog‘lom insonlar bilan birga nogironligi bor shaxslar ham to‘siqsiz muhitda harakatlanayotgani e’tiborga sazovordir.
Termiz shahridagi “Tuproqqo‘rg‘on” mahallasida yashaydigan ikkinchi guruh nogironi Behruz Bozorov bunday yangilanishlar uning kundalik harakatlanishidagi muammolarga chek qo‘yganidan juda mamnun.
Shu paytgacha ko‘chalarda harakatlanish men uchun jiddiy masalalardan biri edi, — deydi Behruz Bozorov. — Chunki, hozirgidek qulaylik yo‘q edi. Yo‘laklar qurilmagani, svetoforlarda ovozli signallar yo‘qligidan andak aziyat chekardim. Shukrlar bo‘lsinki, bugun viloyat markazida yuz berayotgan o‘zgarishlarda bizni ham unutishmayapti. Barcha zamonaviy sharoitlar yaratib berilmoqda. Bu qulayliklardan mehr hissini tuyib, ko‘nglimiz ko‘tarilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, nogironligi bor insonlar uchun barpo etilayotgan bunday qulayliklar, ularga ko‘tarinki kayfiyat ulashadi. Depressiya, ijtimoiy cheklanish va ruhiy tushkunliklarni kamaytiradi. Ular atrofidagi muhitning unga moslashayotganini his etsa, harakatlari ildamlashib, shifo topishga ko‘maklashadi. Bu ishlarning barchasi mamlakatimizda odamlarning birdek osuda, obod turmush kechirishi uchun qulay, erkin, xavfsiz muhit yaratishga qaratilayotgan g‘amxo‘rliklarning amaldagi samarasidir.
“Surxon tongi”