Surxon vohasi bo‘ylab sayohatga otlanganlar o‘zlari uchun xayoliy turizm xaritasini tuzib olib, belgilab olgan hududlar, ziyoratgohlar, madaniy meros obyektlari bo‘ylab kezishni boshlaydi. Ana shunday xaritangizdan joy olishi shart bo‘lgan madaniy meros obyekti sifatida, albatta, Fayoztepaga borishni tavsiya qilamiz.
Fayoztepa Kushon (Termiz) devorlari shimoliy g‘arbida, Qoratepaning shimoliy yonidagi tekisliklarda shimoli-g‘arbdan janubi-sharqqa yo‘naltirib qurilgan buddizm ziyoratgohi, sangarama tipidagi ibodatxona kompleksidir. U to‘rtburchakli ichki hovlisi ikki tomonidan yo‘g‘on ustunlarda ko‘tarilgan, ayvon bilan o‘ralgan imoratdir. Bu yodgorlikning qurilgan vaqti Kushon-Baqtriya davriga binokorlik, haykaltaroshlik, tasviriy san’at rivojlangan davrga to‘g‘ri keladi. Jamlanma asosan uch qismdan: Hindiston me’morchiligi asosida qurilgan kohinlar yotoqxonasi, markaziy ibodatxona, xo‘jalik va yordamchi bo‘limlardan iborat.
Asosiy qismlardan biri diniy muqaddas, tabarruk yodgorliklari saqlaydigan joy Sangaramannig sharqida, qo‘ng‘iroqsimon (silindrsimon) bo‘lib, pastki qismi bo‘rtib chiqqandek plintuslangan hovonchadir. Hovoncha asosan xom g‘ishtdan terilgan. Uning usti oppoq (qorsimon) ganch bilan suvalgan. Hovoncha tepasida diniy tabarruk yodgorlik “Xarmika”ning to‘rtburchagi asosida “Hurmat” soyaboni o‘rnatilgan xoda (tayoq) va uni o‘rnatish uchun xoda qini yasalgan. Hovoncha, ibodatxonaning boshqa jamlanmalari hovli o‘rtasida bo‘lmay, uning tashqarisida “Siymo uyi” budda haykalchasi dargohiga qarama-qarshi joyda o‘rnatilgan. Ohakgil toshidan mohirlik bilan ishlangan
118 kilogramlik haykal budda va uning ikki yonida qo‘l qovushtirib, sig‘inib o‘tirgan ikki monax haykalchasi bor. Bu dargohdan hovonchagacha g‘isht va ohakgil toshlari parchalari yotqizilgan yo‘l o‘tkazilgan.
Monastir ibodatxona bilan bir eshik orqali tutashtirilgan. Bu eshik ibodatxona hovlisi g‘arbiy devorining shimoli-g‘arbiy tomonidadir. Eshikning hovli tarafdagi yonida ohakgil toshi katta-katta bo‘laklaridan terib qurilgan hovuzcha bo‘lgan. Hovuzchaning bir tomoni ikkinchisidan torroqdir. Shu tomon pastki qismida og‘zi ochiq sher kallasi tasvirlangan suv chiqish jo‘mragi bo‘lgan. Bu hovuzcha diniy marosimlarda yuvinish uchun qurilganligi ehtimoli bor. Ibodatxona tokchalarida ichi loy bilan to‘lg‘azilgan ko‘plab ganch haykalchalar bo‘lgan.
Topilgan Kanishka va Vasudeva tangalari, ehtimol, monastir Vasudevi I davrida yemirilgan bo‘lsa kerak, degan xulosani beradi. Kompleksning barcha xonalari devorlari somon suvoq bilan, faqat ikkitasi ganch bilan suvalgan. Yeri (poli)ga ganch va yirik qum qorishmasi to‘shalgan. Ikki xonada tandir qoldiqlari, xum, bezakli toshtovoqlar sinig‘i, boshqa bir xonada janubga qaratib o‘rnatilgan suv quvuri, kulolchilik o‘chog‘i topilgan. Demak, bu yerga suv biror katta ariq yoki suv manbasidan quvur orqali olib kelingan. Shu o‘rinda bu jihatlarni 1945-yili o‘rgangan olim D.Bukinich“Termizga suv qaysi tomondan kelganligi savoliga qoniqarli javob olish amri mahol” deb ta’kidlagan edi.
XX asr jo‘g‘rofik olimi Hofizi Abro‘ “Termiz Chag‘oniyondan suv ichadi”, degan edi. Termizlik arxeolog olim T. Annayev masalaning yechimini topishga muyassar bo‘ldi. Salavotdan yuqoriroqda (shimolda) Tolitog‘orada olib borilgan samarali qazilmada Kushon davridagi Termiz va uning atroflarini sug‘orish sistemasi boshlanishi, ya’ni Chag‘onrud (Surxon)dan suv olish joyini va uni qo‘riqlash istehkomini topdi.
Kushon Termizning I-II asrlarda qurilgan yirik buddizm jamlanmasi II asrda buddachilar tomonidan tashlab ketilgan, degan fikr bor. Balki bu ham Qoratepadagidek yer qimirlash oqibatimikan? Budda dinidagilar muqaddas ziyoratgoh — hovonchani o‘z holiga tashlab ketmadilar. Uni saqlash maqsadida atrofini xom g‘ishtdan devor bilan o‘rab oldilar va uzoq saqlanishga imkon yaratdilar.
Arxeologlar qiziqqunga qadar bu tepa nomsiz edi. Arxeologlarga yaqindan yordam bergani uchun Surxondaryo viloyati o‘lkashunoslik muzeyining shu yillardagi direktori Rahmat Fayozovning otasi sharafiga bu tepa Fayoztepa deb ataladigan bo‘ldi va shu nom bilan olamga tanildi. Fayoztepani arxeologiya qazilmalaridan so‘ng butunlay yo‘qolib ketishidan saqlash uchun 1982-yilida satr muallifi Termiz muallimlar oliy bilimgohi talabalaridan 25 kishilik otryad tuzdi va natijada Fayoztepa jamlamasi monastiri, ibodatxonaning yarmi somonli loysuvoqdan chiqarildi. Yodgorlikning loysimon suvoqli qismi vayronachilikdan saqlab qolindi.
Mohigul Xalilova,
“Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonasi San’at va etnografiya bo‘limi mudiri
Muhriddin Abdullayev,
Surxon davlat qo‘riqxonasi davlat tabiatini muhofaza qilish ilmiy-tadqiqot muassasasi bosh mutaxassisi