“Maktabdan dars olish uchun direktor bilan kelishish kerak”, “ko‘proq soat, ko‘proq chiqim degani” — oliygohni tamomlab ish izlayotgan ayrim yoshlarning fikri shunday. Bu nechog‘lik haqiqat ekanligini bilmaymiz-u, ammo ta’lim tizimida bunday holat mavjud bo‘lsa, taqdirimiz har birimizni tashvishga solishi aniq.
Direktor yoki o‘rtadagi dallol o‘z haqini olib, “kadr”ni ishga ham olar, ammo haqini to‘lab ishga kirgan pedagogdan nimani kutish mumkin?! U o‘quvchiga qanday saboq beradi?! Yaqin kelajakda-chi, qanday kadrlar yetishib chiqadi. Ular ham haqini to‘lab, ishga joylashishni kasb qilishmasmikan?! Birgina e’tiborsizlik, manfaat ortidan butun bir xalq, davlat tanazzulga yuz tutmaydimi?!
Korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘yilmasligi uchun oylik maoshlar ko‘tarildi, ustamalar oshirildi, imkoniyatlar, imtiyozlar ko‘paydi. Nega, unda hali-hamon korrupsiyaga qarshi kurashmoqdamiz? Ta’limda korrupsiyani kechirib bo‘lmaydi, shu maqsadda turli farmon va qarorlar qabul qilinib, insonning yoshligidan korrupsiyaga qarshi immunitet hosil qilishi borasida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilayotganligining boisi ham shundan.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2025-yil 30-apreldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligini o‘tkazish haqida”gi 143-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining tegishli buyrug‘i chiqarilib, ijroga qaratildi.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” doirasida manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya holatlari bo‘yicha xabar berish mumkin bo‘lgan ishonch raqamlari, e’lon va eslatmalar boshqarmaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga joylashtirilgan bo‘lib, doimiy ravishda targ‘ib qilib kelinmoqda.
Oylik doirasida viloyat prokuraturasi, boshqarma apparati, tuman (shahar) bo‘limlari xodimlari hamda barcha maktab va maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorlari jalb qilingan holda “Ta’lim tizimida korrupsiyaga qarshi kurash — ustuvor vazifamiz” deb nomlangan seminar-profilaktik tadbiri o‘tkazildi. Mazkur yig‘ilishda ta’lim tizimida sodir etilgan jinoyatlar tanqidiy muhokama qilindi. Har bir xodimni qamrab olgan korrupsiyaga qarshi kurashga qaratilgan tadbirlar har bitta ta’lim muassasasida tashkil etildi. Jumladan, maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarida korrupsiya tushunchasini yoshga mos tarzda tushuntirish, odob-axloq qoidalariga amal qilish, halollik va adolatlilik kabi xislatlarni shakllantirishga qaratilgan tadbirlar, viloyatdagi 967 ta maktabda “O‘quvchi yoshlar halollik tarafdori” 10 kunligi,
“Sinf soat”lari doirasida “Halollik qadriyatlari”, “To‘g‘rilik, mehnatsevarlik —xotirjam hayot asosi”, “Korrupsiya – davlatni yemiruvchi, insonni tubanlashtiruvchi illat” mavzularida targ‘ibot tadbirlari, 472 ta davlat maktab-
gacha ta’lim tashkilotlari va maktablarda “Yoshlar korrupsiyaga yo‘q deydi” mavzusida eng yaxshi rasmlar tanlovlari tashkil etilib, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida turli chellenjlar o‘tkazildi.
S.Normurodova