“UY”INI TOPOLMAYOTGAN GAPLARyoxud ijtimoiy tarmoqlar tarbiyasidagi oilalar

Date:

Bugungi kunda oilalardagi notinchlik, ajrimlar sonining ko‘payishi nafaqat individual muammo, balki jamiyatning asosiy ijtimoiy muammolaridan biriga aylandi. Ijtimoiy tarmoqlarda oilaviy zo‘ravonlik va xotin-qizlar huquqlarining poymol etilgani yoritilayotgan kontentlar, ommaviy xabarlarning aksariyati oilalarni mustahkamlashdan ko‘ra jabrdiydalarga oilaviy muammolardan “ajrash-da, qutul” kabi maslahat va ko‘rsatmalar berishga xizmat qilayotgandek go‘yo.
Ma’lumot uchun: ijtimoiy tarmoqlarda 2500 dan ziyod oilaviy zo‘ravonlik va xotin-qizlar huquqlarining poymol etilishiga oid kontentlar aniqlangan. Bu esa bizni oila va jamiyat munosabatlari tahlili haqida biroz jiddiyroq mulohaza yuritish kerakligidan ogohlantiradi.
Oila — hayot maktabi, ma’naviy axloq shakllanishining bosh manbai bo‘lishi bilan birga millatning madaniy merosini avloddan-avlodga yetkazuvchi eng muhim institut hamdir. Demak, ijtimoiy tarmoqlarda deyarli ko‘pchilikning “joniga tegib ulgurgan” maishiy va ijtimoiy muammolarni targ‘ib etuvchi kontentlarning ta’sir doirasi oila institutining kelajagiga yaxshigina soya solayotganini unutmasligimiz kerak.
Xalqda shunday gap bor: muammoning katta-kichigi bo‘lmaydi. Bugun “mayda-chuyda” ko‘rinayotgan oilaviy muammolar va ularga yechim topishning “zamonaviy” usullari globallashuv davrida oila qadriyatlarining transformatsiyaga uchrashiga, milliy qadriyatlarni yemirishga xizmat qiladi.
To‘g‘ri, oilada, ayniqsa, xotin-qizlarga zo‘ravonlikni hech qanday shaklda oqlab bo‘lmaydi. Ammo, ba’zan oiladagi oddiy kelishmovchilik, murosasizlikni zo‘ravonlik sifatida talqin qilish, unga barham berishda mutlaqo noto‘g‘ri yondashuvlarni targ‘ib qilishni ham yoqlab bo‘lmaydi. Oila mustahkam qo‘rg‘onga aylanishi uchun bir necha yillar sabr-toqat, qanoat, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, shukronalik kerak bo‘ladi. Er-xotin munosabatlari bir-birini tushunish va qadrlash orqali pishib, sayqal topib boradi.
Shunday ekan, bugun zamonaviy hayotning ajralmas qismiga aylangan ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilayotgan oila masalalari, jumladan, er-xotin, ota-ona, farzand, kelin-kuyov, quda-anda munosabatlarini yoritishga xalqimizning ming yillik qadriyatlari, o‘ziga xos xususiyatlari va fazilatlaridan kelib chiqib yondashsak, ayni muddao bo‘ladi.
Afsuski, yuqorida aytib o‘tganimdek, bugun ijtimoiy tarmoqlarning oilaviy hayotga ta’siri ikki tomonlama kuzatilmoqda: bir tomondan, muammolarni yoritishda va jamiyatni ogohlikka chaqirishda samarali vosita sifatida, ikkinchi tomondan, zamonaviy turmush tarzi, iste’molchilik madaniyatining rivoji va individualizmning kuchayishi natijasida yoshlar o‘rtasida oilani hayotning markazi deb emas, balki shaxsiy erkinlikka to‘sqinlik qiluvchi omil sifatida aksta’sir etmoqda.
Keling, Ikkinchi Jahon urushi va undan keyingi davrni eslaylik. Momolarimiz, onalarimiz “qora xat” olishgan bo‘lsa-da, umrlarining so‘nggi kuniga qadar umr yo‘ldoshlariga, ularning xotiralariga sadoqat bilan yashashdi. Urushdan nogiron bo‘lib qaytgan erlariga bir og‘iz qattiq gap aytishdan andisha qilishdi. Farzandlarini tarbiya qilishda va oyoqqa turg‘izishda er-xotin birdek mehnat qilishdi. Biroq ularning hech biri yo‘qchilikdan, ro‘zg‘or kamchiliklaridan nolishmadi. Aksincha, matonatlari bilan avlodlarga hanuzgacha ibrat bo‘lib kelishmoqda.
Nazarimda, ijtimoiy tarmoqlarda bong urayotgan “oilaviy zo‘ravonlik”lar ko‘proq komfort hayot tarafdori bo‘lgan yoshlarga xos mulohazalarni ilgari surmoqda. Zero, oiladagi gender tenglik, zo‘ravonlik tushunchasi odamiylik, iroda, matonat kabi fazilatlar negizida tarbiyalansagina, oilalarimiz mustahkam bo‘ladi.
Oilaviy muammolar azaldan yeng ichida hal etib kelingan. Chunki oilada er-xotindan tashqari farzand, ota-ona, yaqin qarindoshlarning ham or-nomusi himoya qilinadi. Oilaviy muammo haqida jar solishdan avval yetti o‘lchab bir kesish, adolatli qaror qabul qilish o‘zimiz, yaqinlarimiz, balki xalqimiz uchun adolatli munosabat bo‘ladi.
Elyor MEYLIMUHAMETOV,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

O‘zbekistonda dron ishlab chiqariladi

O‘zbekiston delegatsiyasining Malayziyaga xizmat safari davomida hamkor davlat bilan...

“Soyali sayr ko‘chalari” tarmog‘i yaratiladi

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot”...

O‘zbekiston—Rossiya: yangi mexanizm joriy etiladi

Rossiyada vaqtincha mehnat qilish istagidagi fuqarolar uchun O‘zbekistonda maxsus...

3,5 ming kambag‘al oilalar farzandlari uchun imtiyoz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash...
KunTun
KunTun