U ishxonadan kayfiyati ko‘tarilgan holda qaytdi: uch oy katta bir loyiha ustida ishlashgan edi, tanlovda g‘olib chiqib, kutilmaganda katta miqdorda mukofot puli chiqibdi. U ota-onasining oldiga kirib, xursandchiligini baham ko‘rdi.
— Halol mehnatingning natijasi bu. Endi bu pullarni nima qilmoqchisan? Faqat shoshilmay, o‘ylab gapir. Chunki, har bir g‘oyibdan berilgan pulda ko‘pchilikning haqi bo‘lishi mumkinligini unutma bolam, — dedi otasi.
— Birinchi navbatda telefonimni yaxshirog‘iga o‘zgartirib olsammikan, deb o‘ylayotgandim…
— Qo‘lingdagini olganingga hali bir yil ham bo‘lmadiku?
— Sizdagi Neksiyani sotib, pul qo‘shib, yangi Lasetti olib beraymi?
— Xudoga shukur, tagidan shamol o‘tib turibdi. Yana ancha yil minaman.
— Oyim bilan sizni Hajga olib boraymi?
— Biz borganmiz, boshqalar ham borsin, bolam.
— Unda nima qilay? Yaxshisi, sizlarga bera qolaman, nima qilsangizlar, roziman.
U shunday deya pulni ota-onasiga berdi-da, kiyimlarini almashtirish uchun o‘z xonasiga kirib ketdi…
Kechki ovqatdan keyin, otasi o‘g‘lini yelkasiga qoqib qo‘yib, dedi:
— Eng avvalo, seni bu yutuq bilan tabriklaymiz, martabang yanayam ulug‘ bo‘lsin, Allohim hamisha g‘oyibidan, halolidan yetkazsin! Nimaga sarflash borasida o‘ylab ko‘rdingmi?
— Ha, dada, hali aytgan gaplaringizdan keyin o‘zimcha bir narsalarni rejalashtirgandek bo‘ldim, agar xo‘p desangiz aytaman.
— Qulog‘imiz senda.
— O‘zim o‘qigan maktabdagi kutubxonaga va yonimizdagi masjidning kutubxonasiga kerakli kitoblardan olib bersam. Qabristonni obodonlashtirish uchun mablag‘ ajratsam…
— Barakalla, bolam.
— Keyin… singlimning o‘qishidagi kontrakt pulini to‘lab bersam…
— Barakalla, o‘g‘lim.
— Qo‘shnimiz Xolida opa erlari vafot etgandan keyin judayam nochor ahvolda yashashadi… uylarini ta’mirlab, bolalarigayam kiyim olib bersam.
— Judayam to‘g‘ri o‘ylabsan, bolam.
— Hamma ishlarni qilib bo‘lganda keyin ozgina pul ortsa – uyimizga ham nimadir olsam…
— Yasha o‘g‘lim, ana endi o‘zingga kelding, inson eng avvalo imkoni bo‘lsa – o‘zgalarga yaxshilik qilishga shoshilishi kerak. Ana shundagina Alloh unga yanada ko‘proq rizqni yetkazadi. Agar g‘oyibidan kelganda faqat o‘zingga sarflasang – shu yetkazgani birinchisi va so‘nggisi bo‘lib qolishi mumkin. Shuni yodingda tutgin. Lekin, eng avvalo bu ishlarni boshlashingdan avval bitta qo‘chqor so‘yamiz va miskinlarga tarqatamiz.
Otasining bu gaplaridan o‘g‘ilning boshi osmonga yetdi va xursand bo‘lganicha qassob og‘aynisiga qo‘ng‘iroq qila boshladi…
B. HOJIMATOV