Inson ishlash yoki vatanidagi ijtimoiy-siyosiy hayot tarzi sabab chet elga chiqishiga, muqim yashab qolishiga to‘g‘ri keladi. Albatta, begona davlat, begona nigohlar, begona muhit ijtimoiylashishga, moslashishga biroz qiyinchilik tug‘diradi. Ana shunday sharoitda maqbul ish topish masalasi ham o‘rtaga ko‘ndalang tashlanadi. Yurtimizga qo‘shni davlatlardan keladigan fuqarolar, oilalar ana shunday vaziyat bilan yuzlashishganida, mehmondo‘st, odamoxun xalqimiz, tegishli davlat va nodavlat tashkilotlari nafaqat ish topishga, moslashishga, til va kasb-hunar o‘rgatishga-da yordam va do‘stlik qo‘lini cho‘zishadi. Ostonadan berilgan yordam ularning hayotda o‘z yo‘llarini topishga eng katta ko‘mak bo‘layotir. Ana shunday yordamni berayotgan nodavlat tashkilot “Barqaror hayot” xalqaro ijtimoiy-ma’rifat markazi yurtimizdagi qator tashkilot va idoralar bilan hamkorlikda nafaqat yurtimizga yashash va ishlash uchun keladiganlarga, balki mahalliy aholi uchun kerakli shart-sharoit va imkoniyatlarni yaratib berishga kamarbasta bo‘layotir.
Markaz Afg‘oniston va qo‘shni davlatlar uchun kompleks harakatlari rejasi asosida Pokiston va markaziy Osiyoda ko‘chirilgan afg‘onlar uchun integratsiyani boshqarish va xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash maqsadida “Ostonada yordam” loyihasi doirasida bir qator ishlarni amalga oshirdi.
— Ushbu loyiha doirasida keladigan afg‘onlarni hududga moslashtirish uchun markazimiz tomonidan psixolog, huquqshunoslar, shifokorlarimiz kerakli psixologik, huquqiy va tibbiy yordamni berishdi, jarayon davom etmoqda, — deydi markaz psixologi Shahlo Farmanova. — Qolaversa, til kurslarimiz mahalliy aholi bilan muloqot qilishga katta yordam bo‘lsa, maktabgacha va maktab yoshidagi farzandlari uchun bog‘cha hamda maktabga borishlariga imkoniyat tug‘diryapdi.
“Barqaror hayot” xalqaro ijtimoiy-ma’rifat markaziga yo‘lingiz tushsa, erta tongdan bu yerda ish qizigandan qiziyotganiga guvoh bo‘lasiz. Markaz binosiga kirishingiz bilan ayollar va erkaklar sartaroshligi o‘rgatilayotgan, qaychi bilan tillashayotgan ustozlarning ishini shogirdlar qiziqish va zehn bilan kuzatayotgan bo‘ladi. Tikuvchilik xonasida esa tikish-bichishga kirishib ketgan xotin-qizlar esa eshikdan begona nigohlarning mo‘ralayotganiga-da, e’tibor berishmaydi.
Koridor bo‘ylab yuraversangiz, dimog‘ingizga xushbo‘y xid urilib, ishtahangizni qitiqlaydi. Ha, markazda qandolatchilik sirlari ham o‘rgatiladi. O‘rganishni istab kelganlar o‘zlari pishirib, tayyorlab ko‘rishadi, bilim va malakalarini oshirishadi.
Ingliz, rus va o‘zbek tillari o‘rgatilayotgan markazda o‘quvchi-yoshlarning qadami uzilmaydi. Ular faqat til o‘rganishmaydi, balki tez-tez sport musobaqalari tashkil etilib turiladi, viloyatimiz bo‘ylab sayohatlar uyushtiriladi. Bayram tadbirlari esa barchani faollikka chorlaydi. Bir so‘z bilan aytganda, markazda yoshlarning vaqti mazmunli o‘tadi.
Xuddi shunday kasb-hunar sirlarini o‘rganib, 2-3 oy ichida kursni tamomlaganlar uchun sertifikatlar topshiriladi. Va ular uchun start-up tanlovlari o‘tkaziladi. Bir tarafdan kasb yoki hunar o‘rganasiz, ikkinchi tomondan esa start-up tanlovi orqali munosib qo‘llab-quvvatlanasiz. Ya’ni tanlov g‘oliblariga o‘z ishlarini boshlashlari uchun kerakli asbob-uskuna, anjomlar olib beriladi.
Ana shunday tanlovda Ebadi Basira qandolatchilik ishi bilan ishtirok etib, pishirish pechi va boshqa asbob-anjomlar bilan ta’minlangan bo‘lsa, Mohigul Chorshanbiyevaga tikuvchilik mashinasi berildi. Lobar Norova esa bu orqali o‘zining manikyur-pedikyur ko‘rsatish xizmatini boshladi, ko‘rayotgan daromadidan esa ko‘ngli shod.
Ha aytgancha, ushbu mashg‘ulotlar mutlaqo bepul bo‘lib, kurslar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar vakillari, kam ta’minlangan, ko‘p farzandli oila a’zolari uchun ayni muddaodir.
Markazning jonkuyar mutaxassislari tinim bilishmaydi. Ularni aholining murojaat va istaklariga binoan mahallalarda, jazoni o‘tash manzil-kolonnalarida, aeroportlarda uchratasiz. Ayni ish yuzasidan xorijiy davlatlarda ham xizmat safarida bo‘lishib, qiynalgan, qiyin vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarimizga yordam berish uchun shoshadilar. Albatta, murojaatda ko‘rsatilgan manzilda — mahalla binosi, maktabdagi bo‘sh xonami, bordi-yu bino bo‘lmasa, ko‘cha-ko‘yda ham odamlarning joniga ora kirib, kerakli maslahat va tavsiyalar beriladi. Murojaat o‘rganilib, joyida yechim izlanadi. To‘g‘ri, hamma ham “Barqaror hayot” xalqaro ijtimoiy-ma’rifat markazi haqida eshitmagan bo‘lishi, bilmasligi mumkin. Ammo bilganlar o‘z vaqtida kerakli yordamni olib, muammosiga yechim topmoqda.
HAMKORLIK SAMARA BERSA…
Munosib ish topib, ishlasakkina, moddiy ahvolimiz yaxshilanadi, imkoniyatlarimiz kengayadi. Bugun oliy ma’lumot oib yo‘q, kasb-hunarim yo‘q deydigan zamon emas. O‘rganishning-da kechi yo‘q. Yurtimizda aholining bandligini ta’minlash, kerakli oylik maosh olishlariga sharoit yaratish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, viloyat Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazi ham ana shunday tashkilotlardan biri. U yerda ham 5 ta yo‘nalishda — payvandchi, santexnik, mashinistlikning turli toifalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Aytish kerakki, kurslar tekin va hunar o‘rganish istagi borlar 3 mahal issiq ovqat, yotoq joy va moddiy ahvoliga qarab stipendiya bilan ta’minlanadi.
— Bugungi kunda xorijga chiqib ishlash, mo‘may pul topish zamon talabiga aylangan, — deydi viloyat Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazi boshlig‘i Shuxrat Nurmuxamedov. — Xorijga ishlashga ketgan fuqaro yonida ish borligini aytadi-da, qo‘shnisi, do‘sti yoki tanishini ishga taklif etadi. Borib ish topsa-ku yaxshi, ammo aldanib qolsachi? Bu tomoni muammo. Bizning markazimiz esa kasb-hunar o‘rganib, davlat tomonidan aniq manzil, aniq ish joyiga borib ishlash imkonini beradi.
Aytish kerakki, nomzodlar viloyat Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markaziga bandlik bosh boshqarmasinig bo‘limlaridan ro‘yxatdan o‘tib, keyin markazga yo‘naltiriladi. O‘z navbatida, markaz nafaqat kasb-hunar, bormoqchi bo‘lgan davlatining tilini ham o‘rgatadi. Qarabsizki, 3-6 oy oldin ishsiz, nima ish qilarini bilmay yurgan fuqaro, endi bir necha ming dollarlik oylik-maosh bilan xorijga ishlashga ketishi mumkin.
Ko‘pchilik, ushbu markazlarda “kasb-hunar o‘rgandim, endi tanish-bilish topib, xorijga ish qidirsam bo‘ladi”, degan o‘yda bo‘lmasligi uchun ushbu mexanizm puxta ishlab chiqilgan. Surxondaryo viloyati Tashqi mehnat migratsiyasi kurslarda o‘qib, bir necha oy davomida ishlab, malaka oshirgan mutaxassislarga xorijlik ish beruvchilar taklif etayotgan ish o‘rinlari, maosh, shart-sharoitlari bilan tanishtiradi. Ma’qul kelsa, so‘ng, suhbat va hujjatlarni rasmiylashitrish jarayonlari boshlanib ketadi. Unutmang, ish beruvchi doimo mutaxassisning hujjatlarini rasmiylashtirish, yo‘l xarajatlarini o‘zi qoplaydi. Undan so‘ng, oyligidan oyma-oy ushlab qolinadi. Ana shu tartibda Sharqiy Osiyo, Yevropa kabi dunyoning rivojlangan davlatlariga ishlash uchun ketayotganlar safi yildan-yilga ortib bormoqda.
Yana bir jihat, xorijda ishlab qaytganlar ham e’tibordan chetda emas. Ularning bandligini ta’minlash, o‘rgangan ishi, oshirgan tajribasini o‘zimizda qo‘llash amaliyoti ham joriy etilganki, bu bilan vataniga qaytgan har bir fuqaro o‘z yo‘lini topishga muvaffaq bo‘layotir. Bandligini ta’minlashi, tadbirkorlik faoliyatini boshlashi, buning uchun imtiyozli kredit, subsidiya mablag‘lari taklif etiladiki, belgilangan imkon va imtiyozdan foydalanganlar nafaqat o‘zlari va oilasini, o‘zgalarni ham ish bilan band etayotgani, ya’ni yangi ish o‘rinlari yaratayotgani quvonarli.
Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizga umid va ilinj ila kelgan ham, shu jumladan, ketayotganlar ham jamiyat hayotlarida o‘z o‘rinlarini topishlari uchun kerakli ishlar amalga oshirilmoqda, har bir bosqich zanjirdek o‘zaro bir-birga bog‘liqlikda, hamkorlikda amalga oshirilmoqdaki, bu fuqarolarning hayotini farovonlashtirishga, yashaydigan hududiga moslashib, munosib ishni topishiga zamin yaratayotir.
Sayyora ALLAYEVA