Turizm har bir davlatni milliyligini, qadriyat-u an’analarini, faqat o‘zigagina tegishli bo‘lgan jihatlarini namoyon etguvchi soha. Qolaversa, har bir sayyoh dunyo kezar ekan, qaysidir davlatda bo‘lar ekan, o‘sha davlat bilan tanishish bilan birga, uni o‘zicha kashf etadi. Samolyotdan tushishi bilan dimog‘iga urilgan havodan o‘sha hududni his etadi. Har yerda quyosh boshqacha nur sochadi, ob-havosi, turmush tarzi bo‘lakcha bo‘ladi. Buni his etish esa kishida sayohat gashtini beradi. Yaponiyada bo‘lib o‘tgan nufuzli xalqaro turizm ko‘rgazmasida boshqa davlatlar qatori Surxondaryo turizm salohiyati ham namoyon etildi. Shu bilan birga ushbu ko‘rgazma viloyatimiz uchun har tomonlama manfaatli kelishuvlarga boy bo‘ldi. Ya’ni tadbir davomida xalqaro turistik kompaniyalar bilan o‘zaro sayyohlarni jalb qilish, turpaketlar, turistik yo‘nalishlar ishlab chiqish, jahonning ilg‘or turizm tajribalarini vohamizga jalb qilish bo‘yicha 20 dan ortiq kelishuvga erishildi.
Dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidan 2 mingdan ortiq turoperator va ishbilarmon doira vakillari ishtirok etgan ushbu xalqaro ko‘rgazmada viloyat turizm salohiyatini keng targ‘ib qiluvchi videoroliklar, yapon tilidagi tarqatma materiallar, jurnal, flayerlar, buklet va boshqa tarqatma materiallar ishtirokchilarga taqdim etildi. Shuningdek, O‘zbekiston stendiga yaponyalik mashxur televideniye muxbirlari, kino aktyorlari, mashhur blogerlar, inflensirlar va boshqa ishbilarmon doira vakillari tashrif buyurib, O‘zbekistonning turizm salohiyatini Yaponiya bo‘ylab targ‘ib qilishga kelishildi.
Tadbir davomida bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Jumladan, “Nippon Travel Agency” kompaniyasi biznes strategiyasi departamenti bosh menedjeri N.Baba bilan delegatsiya a’zolari o‘rtasida O‘zbekistonga turistlarni jalb etish masalasida muhokama o‘tkazildi. Ya’ni, Surxondaryo viloyatiga yaponyalik turistlarni jalb etish, buddizm obyektlariga sayohatini tashkil etish va yangi tur-marshrutlar ishlab chiqishga kelishidi.
Ma’lumot uchun aytish kerakki, “Nippon Travel Agency” kompaniyasi 1905-yilda “Japan Railways” korporatsiyasi tomonidan tashkil etilgan, Yaponiyada ilk bor tashkil topgan turistik kompaniya bo‘lib, kapitali 30 million AQSH dollar, 6 mingdan ziyod xodimi, 300 dan ortiq hududiy va xorijiy filiallari mavjud, yiliga 1 milliondan ziyod sayyohga xizmat ko‘rsatadi.
Ko‘rgazma doirasida tashkil etilgan muzokaralarda Tokioning Nagoya universiteti dekani professor Ichixashi Katsuya bilan ta’lim, turizmni rivojlantirish yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash va o‘qitish masalalarida kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, Surxondaryo viloyatida Yaponiya tajribasi asosida turizm xizmatlarini rivojlantirish masalalari yuzasidan “Uzbekistan Tourism and Culture Assocation in Japan” asotsiatsiyasi ta’sischisi Akena Masoka bilan hamkorlik qilish va maslahat kengashini tuzishga kelishib olindi. Yaponiya va O‘zbekiston kino turizmini rivojlantirish maqsadida Yaponyaning “HEISEI PROJECT” kino loyihasi menejeri Kataro Okado bilan uchrashuv o‘tkazilib, Surxondaryo viloyatining Boysun va Sariosiyo tumanlarining diqqatga sazovor hududlarida suratga olinayotgan “Yengilmas” Tokio sari yo‘l” nomli o‘tkir syujetli film ishlanishi jarayonlari hamda Tokioda bo‘lib o‘tadigan kino taqdimoti to‘g‘risida kelishuvlar amalga oshirildi.
Ushbu Xalqaro turistik yarmarkaga 183 mingdan ortiq ishbilarmon doira vakillari va ishtirokchilar tashrif buyurdi. Ushbu tadbirdan unumli foydalangan holda O‘zbeksitonnaing Tokiodagi Xavoyo‘llari vakolatxonasi viloyatlardan tashrif buyurgan delegatsiya a’zolari bilan birga hamkorlikda Toshkent—Tokio yo‘nalishida sayyohlarni ko‘paytirish maqsadida muhokama qilindi. Ya’ni Yaponiyadagi sayyohlarni O‘zbeksitonga (Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazim viloyatlariga) jalb etish masalasi ko‘rib chiqildi.
DELEGATSIYAMIZ YAPONIYANI KASHF ETDILAR
Tokioning Odayba shahrida “TeamLab Planets Tokyo” (jahonning 3 ta davlatida mavjud) turistlarga xizmatlar ko‘rsatadigan 4 ta yirik san’at asari maydoni va bog‘i bilan tanishildi. Ma’lumot uchun, bunda, ushbu ulkan san’at asarida butun tanani boshqa odamlar bilan botirish orqali tana va san’at asari o‘rtasidagi chegara yo‘qoladi, o‘z-o‘zini, boshqalar va dunyo o‘rtasidagi chegaralar doimiy narsaga aylanadi va biz chegaralarsiz yangi munosabatlarni o‘rganamiz. O‘zimiz va dunyo o‘rtasida.
Yaponyada eng mashhur bo‘lgan Fuji tog‘i va kurort zonalar, turizm qishlog‘i, sog‘lomlashtirish turizmi, gastronomik turizm, transport infratuzilmasi, yo‘l infratuzilmasi, shoping turizmi, madaniyati, tun-u kun ishlovchi turizm ko‘chalari faoliyati bilan tanishildi.
Shuningdek, Tokio shahrida — TeamLab Planets (TeamLab Planets), Tokio Skytre (Tokyo Skytree), Qirol qarorgohi, Tokio shahar hokimligi; Hakone vodiysida — Hakone open air muzeyi (Hakone open air museum), Hakone Shrine and Tori of Peace (Hakone Shrine and Tori of Peace), Pirate Ship (Pirate Ship), Hakone Ropeshay (Hakone Ropeway), Geyzers and Black yegg at Oshakudani station (Geyzers and Black egg at Owakudani station); Fuji tog‘ida — Safari Park (Safari Park), Shiraito Falls (Shiraito Falls), Kitaguchi shrine (Kitaguchi shrine), Oshino Hakkai villaj (Oshino Hakkai village) turizm salohiyati yuqori bo‘lgan xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati bilan tanishildi va tajriba almashildi.
MANFAATLI KELISHUVLARGA ERISHILDI
“Oriyent Star Grup” tur firmasi bilan hamkorlikda joriy yilning noyabr-dekabr oylarida Yaponiyada faoliyat yurituvchi 7 ta turfirmalar orqali 2 nafardan, jami 14 nafar yaponiyalik professional mutaxassislar olib kelish va press tur o‘tkaziladigan bo‘ldi. Ushbu turmarshrut Toshkent-Buxoro-Samarqand-Termiz-Qarshi-Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab 7 kun davom etadi.
Joriy yilning dekabr va kelgusi yil mart oylarida 7 ta turfirma orqali 20 nafardan, jami 140 nafar turist olib kelishi rejalashtirildi.
Byudjetdan tashqari Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan Noyabr va mart oylarida Yaponiyadan jurnalist, bloger va ishbilarmon doira vakillari taklif etilib, yurtimizning turizm salohiyati targ‘ib qilinadi.
Yaponyalik mutaxassis Akane Masaoka bilan hamkorlikda Surxondaryo turizm salohiyatini Yaponiyada keng yoritish yo‘lga qo‘yiladi. Akane Masaokaning Uzbekistan Airways kompaniyasi bilan hamkorlikda 7 yil samarali faoliyat yuritgan.
Viloyatda turizm infratuzilmasini va turmarshrutlarni yaxshilash maqsadida Fayoztepa, Qoratepa, Zurmola, Kampirtepa, (Termiziy, Qirqqiz, Sulton saodat, Kokildor ota) va boshqa ziyoratgohlari hamda Termiz Arxeologiya muzeyi, Termiz Davlat muzey qo‘riqxonasi sharoiti yaxshilanadi. Shu bilan birga vohamizda sayyohlar uchun master klasslar — folklyor, do‘mbira va chanqovuz chalish, kashta tikish jarayonlarini tashkil qilish yo‘lga qo‘yiladi. Gastroturizm yo‘nalishida ham ana shunday master klasslar tashkil etilib, tandir, cho‘poncha, shashlik pishirish hamda somsa, manti bukish jarayonlarida turistlar o‘zlari ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratiladi.
O‘zbekiston va Yaponiya kino ijodkorlari tomonidan surxondaryolik Bahodir Jalolovga bag‘ishlab suratga olinayotgan “Yengilmas” Tokio sari yo‘l” o‘tkir syujetli filmi taqdimotini Tokioda o‘tkazish, ishbilarmon doira vakillarini jalb etish va Surxondaryo turizm salohiyatini mazkur kinofilm orqali targ‘ib qilish rejalashtirilmoqda.
Nagoya va Risho universitetlari bilan hamkorlikda ilmiy turizm yo‘nalishida loyihalarni izchillik bilan davom ettirish amaliyoti esa yurtimizdagi yosh kadrlarning tajribasini oshirishga, yangidan yangi ilmiy izlanishlarga debocha bo‘lishi kutilmoqda. Bu orqali Yaponiyada turizm salohiyati yuqori bo‘lgan va turistlar eng ko‘p tashrif buyuruvchi obyektlardan tajriba sifatida o‘rganilgan bilim va tajribalardan kelib chiqib, viloyat turizm salohiyati yuksaltiriladi.
Xalqaro ko‘rgazmada yurtimiz, xususan, Surxon vohasining noyob tarixiy obidalari, arxeologik yodgorliklari, milliy hunarmandchiligi, maftunkor tabiati manzaralari dunyoning yuzga yaqin davlatidan tashrif buyurgan turoperator va kompaniyalar vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi. Tadbirda xalqaro turistik kompaniyalar bilan o‘zaro sayyohlarni jalb qilish, turpaketlar, turistik yo‘nalishlar ishlab chiqish, jahonning ilg‘or turizm tajribalarini vohamizga jalb qilish bo‘yicha 20 dan ortiq kelishuvlarga erishildi.
O‘rol ABDUNAZAROV,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Denov tuman bo‘linmasi bosh mutaxassisi