Bir tomonda chanqovuz sadolari tog‘lardan aks-sado bersa, do‘mbira jo‘rligida baxshining aytimlari surxoncha ohangning nechog‘lik jozibali ekanini ko‘rsatib turadi. Ha bu ohanglar ko‘rinmas rishtalar ila siz-u bizni olis o‘tmishga sayohatga olib chiqadi-da, bugun va kelajak bilan bog‘lagandek bo‘ladi. O‘zbekona qadriyatlar kuylanayotgan, milliy san’atimiz sayqallanib, urf-odatlarimiz qadr topayotgan ushbu pallada nafaqat milliy kuy-qo‘shiqlarimizni tinglash mumkin bo‘ldi, balki Buyuk Britaniya, Belgiya, Isroil, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Ruminiya, Pokiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston kabi 20 ga yaqin davlatdan mashhur folklor jamoalarining-da chiqishlari o‘sha davlatlarga borib kelgandek taassurot uyg‘otdi.

Har bir xalqning shonli tarixi, asrlar silsilasidan omon o‘tib kelayotgan madaniyati bor, tildan tilga ko‘chib, boyib kelayotgan folklori bor. Buni har bir xalq asrab-avaylaydi, ko‘z qorachig‘iday asraydi. Yoshi ulug‘lardan eshitganlari, bilganlarini o‘rganib, kelgusi avlodlarga-da yetkazishni o‘ylaydi. Madaniyatini, san’atini unutgan xalq esa bugun bor, ertaga esa yo‘q. Ana shunday qat’iy hukmni o‘zlariga fojia deb bilgan uyg‘oq ko‘ngilli san’at ahli jam bo‘lgan festivalda hindcha ohanglar quloqlarga xush yoqqan bo‘lsa, rus, belorus, ukrain millatiga mansub kuy-qo‘shiqlarga monand raqslar tomashabinlar hukmiga havola etildi. Ozarbayjonlik raqqos yigitlarning raqsi-yu, milliy musiqasi barchani qizg‘in raqsga chorladi.

– O‘zbekiston, jumladan, Surxondaryoda birinchi marta bo‘lishimiz, – deydi Belarus davlat pedagogika universiteti qoshidagi Belarus musiqa va qo‘shiqlari xalq ansambli badiiy rahbari Aleksandr Chugayev. – Tog‘lar qo‘ynida bo‘ladigan bu festival juda katta san’at bayrami ekaniga guvoh bo‘lmoqdamiz. Xalqaro tanlovda oliy dargohimiz san’atkorlari o‘z mahoratini namoyish etdi. Milliy an’analarimiz va folklor san’atimiz bilan tanishtirdi. Shu bilan birga festivalda ishtirok etadigan barcha san’atkorlarning ijodi bilan yaqindan tanishyapmiz, o‘zaro tajriba almashyapmiz.

San’atni tushungan tomoshabin kuy va ohangning sehrini, kuchini yaxshi biladi. Albatta, jarang sochgan kuy-qo‘shiqlarda o‘sha xalqning o‘tmishi, madaniyati, qadriyati, o‘lmas san’ati jo bo‘lganini darrov anglaydi. Ohangga mahliyo bo‘lib, butun vujudi ila tinglashga tutinadi. “Boysun bahori” ana shunday hissiyotlarni bergani bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.
S.ALLAYEVA,
N.MUSAYEVA
(surat)