Dunyoga kelgan kunimizdan nozikkina tanamizga igna sanchig‘idan og‘riqni sezamiz. Aslida o‘sha og‘riq bizning sog‘ligimiz uchun muhim ekanligi, hayotimiz davomida turli yuqumli kasalliklarning oldini olib, sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishimiz uchun qilingan emlash ekanligini anglamaymiz ham. Xalqimiz orasida keng tarqalgan kasalliklardan biri esa bu – gepatitdir. Gepatitning o‘tkir va surunkali turlari mavjud. O‘tkir gepatit bilan kasallangan bemor jigari qayta tiklanishiga imkon berish uchun bir yilgacha qat’iy parhezda bo‘lishi, spirtli ichimliklardan tiyilishi kerak.
Surunkali gepatit o‘limga olib keluvchi jigar serrozi va saratoni kabi kasalliklar asoratiga sabab bo‘lishi mumkinligi xaqida xabaringiz bor. Asosan, ushbu kasallik virus yuqishi tufayli rivojlanadi. Bundan tashqari, gepatit o‘tkir zaharlanish, xususan, spirtli ichimlik fonida ham rivojlanishi mumkin.
Gepatit A — yosh bolalar o‘rtasida eng ko‘p uchraydigan, ammo boshqalariga nisbatan xavfsizroq kasallik turi hisoblanadi. U deyarli doim o‘tkir kechadi va surunkali bo‘lmaydi, o‘limga va boshqa turlarga nisbatan jiddiy oqibatlarga olib kelmaydi. Gepatit A bilan kasallanmaslikning eng oson yo‘li unga qarshi emlanishdir. Biroq, vaksina pullik bo‘lganligi uchun xarid qilishga hammaning ham imkoniyati yetavermaydi.
Gepatit B — kasallik turlari orasida eng xavflisi hisoblanadi. Yiliga ushbu kasallikdan 700 minglab inson vafot etadi. Hozirgacha ham kasallik qo‘zg‘atuvchisiga bevosita ta’sir qiladigan preparat mavjud emas. Davolash muolajaalari jigarni yaxshilash va sirrozga aylanishining oldini olish hisoblanadi. Kasallik qon va odam organizmidan ajraladigan boshqa suyuqliklardan yoki onadan homilaga o‘tadi. Agar kasallangan odamning bir tomchi qoni hovuzga tushsa, undagi suv zararlanish xavfi bo‘ladi.
Gepatit C — «Muloyim qotil» deb ta’rif beriladigan ushbu kasallik turi ham ko‘pincha jigar sirrozi yoki saratoniga sabab bo‘lishi mumkin. Kasallik, asosan, qon orqali, ya’ni ehtiyotsizlik sabab stomatolog, manikyur va boshqa amaliyotlarda qon tekkan buyumdan boshqa bir insonga yuqishi mumkin. Shuningdek, tish cho‘tkasi yoki soqol oladigan uskuna ham virus yuqishi uchun sabab bo‘ladi.
Gepatit bo‘lmaslik uchun eng avvalo shaxsiy gigiyenaga amal qilish zarur. Tibbiyot muassasalari va go‘zallik salonlarida bir martalik asboblardan foydalanish va ularni sterilizatsiyalanganiga e’tiborli bo‘lish muhim. Shuningdek, gepatitning vaksinasi bor turlariga qarshi emlanish lozim.
Misr davlati 2025-yilga qadar umumiy qiymati 4,2 million dollar bo‘lgan jami 800 ming dona (40 tonnaga yaqin) “C” gepatitiga qarshi “Daklatasvir” va “Sofosbuvir” hamda “B” gepatitiga qarshi “Entekavir” dori vositalarini insonparvarlik ko‘magi sifatida O‘zbekistonga taqdim etadi. Kuni kecha “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi Misr hukumati tomonidan insonparvarlik ko‘magi sifatida ajratilgan “C” gepatitiga qarshi “Sofosbuvir-400mg” dori vositasining 2024-yildagi uchinchi turkumini Sharm ash-Shayxdan Toshkentga yetkazib berdi. Jami 12 dona qutida 6720 ta «Sofosbuvir-400mg» dori vositalari O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan shifotalab bemorlarga taqsimlanadi.
Dinara Qo‘zimurotova