Yurtimizning janubiy hududi sanalmish Surxondaryo shundoqqina tog‘ etaklarida joylashgan, janubda Amudaryo bilan tutashgan, so‘lim tabiati, qadimiy obidalari, moddiy va ma’naviy boyliklari, shifobaxsh bulog‘u mo‘jizaviy sharsharalari bilan mashhur. Bu esa o‘z navbatida sayyohlar e’tiborini tortib, turizm rivojiga katta hissa bo‘lib qo‘shiladi.
Demak, eng asosiy vazifa viloyatda turizm salohiyatini rivojlantirish, sayyohlar uchun barcha qulaylik va shart-sharoitlarni yaratishdir. Bu borada esa e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqdaki, vohadagi mehmonxona, mehmon uylari va xostellarning barchasida surxoncha milliylik, urf-odat va an’analarimizning uyg‘unligini kuzatish mumkin. Milliy taomlarimiz esa Surxondaryoga sayohatni ancha paytgacha turistlar xotirasiga muhrlasa ajab emas. Buni o‘tgan 10 oy ichida 593 731 nafar xorijlik sayyoh vohamizga tashrif buyurganidan ham bilsa bo‘ladi. Nafaqat xorijlik sayyohlar, balki mahalliy aholining ham vohaga qiziqishi bo‘lakcha. Joriy yil davomida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” dasturi doirasida 1 376 290 nafar ichki sayyohlar sayohati amalga oshirilgani esa rejani 108 foizga bajarilganini ko‘rsatadi.
Albatta, Surxondaryoning e’tiborga molik joylarini, go‘zal tabiat manzaralarini tomosha qilishni, sayru sayohat bahona ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan ziyoratgohlarni ziyorat qilib, qo‘llarini duoga ochishni kim ham istamaydi deysiz. Bunday sayohatlar soha rivoji uchun xizmat qilish bilan birga ko‘plab tadbirkorlik subyektlarining faoliyat yuritishiga, ish o‘rinlari yaratilishiga sabab bo‘ladi.
Surxondaryo viloyatining turizm salohiyati haqida ho‘b va ko‘p gapirish, ta’rifu tasnifini keltirib, sayohat qilishga ishtiyoqingizni oshirishimiz mumkin. Ammo, ming bora eshitgandan, bir bora ko‘rgan afzal deganlaridek, jannatmakon yurtimizning janubiy hududi bo‘ylab kezsangiz, biz ta’rifini keltirgan joylarda bo‘lsangiz, nigohlaringizdagi hayratni yashira olmasligingiz aniq. Xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi elchixona vakillari va ularning oila a’zolari uchun Surxondaryo viloyati bo‘ylab sayohat uyushtirildi.
Dastlab Malayziya, Xitoy, Fransiya, Rossiya kabi davlatlardan kelgan vakillar aeroportda kutib olindi. Surxon vohasiga tashrif buyuradigan mehmon u xorijlik yoki mahalliy bo‘ladimi, qanday dinga e’tiqod qilishidan qat’iy nazar, eng avvalo, mezbonlar mezbonnavozlik bilan Al Hakim at-Termiziy majmuasiga, ya’ni mahalliy tili bilan aytganda, Termiz ota ziyoratgohiga olib boradilar. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Ham ziyorat, ham sayohat maqsad qilingan emasmi, ziyoratgohdagi muzey ham e’tibordan chetda qolmadi. U yerdagi eksponatlar barchaning e’tiborini tortib, qiziqishini oshirdi. Muzey xodimi har bir eksponat haqida ma’lumotlar berib bordi.
Ziyoratdan so‘ng, mehmonlar Termiz tumanidagi “Termiz National Carpets” gilam zavodiga tashrif buyurdilar. Sababi mehmonlar viloyatning turistik salohiyati bilan birga investitsiyaviy imkoniyatlari bilan ham qiziqdilar. Bu esa kelgusi xalqaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va mustahkamlashga debocha bo‘lsa, ajab emas.
Aytish kerakki, Germaniya, Belgiya, Turkiya kabi davlatlardan keltirilgan texnologiyalar bilan jihozlangan korxonada uskunalar avtomatlashtirilgan tizim asosida ishlaydi. Eng muhimi, energiya tejamkor texnologiyalar joriy etilgan. Zavodda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar hech bir qiyinchiliklarsiz, texnologiyalarni boshqargan holda ko‘zlarni quvnatguvchi turli o‘lcham va shakldagi gilamlarni tayyor holatga keltirishmoqda. Jarayonni kuzatgan mehmonlar gilam to‘qishga qiziqib qoldi. Gilamning naqsh tanlanishi, qanday to‘qilishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, hatto o‘zlarini ham sinab ko‘rishdi. Gilam zavodidagi olam-olam taassurotlar bilan kunning yarmi ham o‘tib, tushlik mahali bo‘lib qolgani ham sezilmadi. Ammo, shunga qaramay, Surxondaryoni o‘zlaricha kashf etishni istagan mehmonlar to‘xtash bilishmadi. Manzil Boysunga tutashib, sayohatchilar kutilmagan voqealar va olam-olam taassurotlar olishni maqsad qilishganini suhbatlar davomida aytib o‘tishdi.
Niyat qilinganidek, avtobus “Sayrob chinori” tarixiy obidasi yonida taqqa to‘xtaganda mehmonlar hayratini yashira olishmadi. Haqiqatan ham, Boysunning Sayrob qishlog‘idagi ushbu ulkan chinor o‘z bag‘rida sinoatlarni yashirib kelayotir. Azim chinorning yoshi 950 yilga yaqin bo‘lib, balandligi 26, diametric esa 21 metrni tashkil etadi. Daraxt kovagining kattaligi esa 7 metrga teng. Bu kovak asrlar silsilasidan omon o‘tib, Oktyabr to‘ntarishiga qadar eski maktab vazifasini o‘tab, mahalliy aholi farzandlarining savodli bo‘lishiga hissa qo‘shgan bo‘lsa, bir muddat qishloq kengashi idorasi sifatida xizmat qilgan. Urush yillarida esa birinchi otliq askarlar polkining lager kutubxonasi sifatida kitoblarga boshpana bo‘lgan. Urushdan so‘ng qishloq savdo do‘koni sifatida foydalanilgan. Hozirda esa ushbu chinor daraxti davlat ro‘yxatiga olinib, kovagida mo‘jaz muzey tashkil etilgan. Mehmonlar muzeyni ko‘zdan kechirib, chinor daraxtiga sayohatini suratlarga tushish orqali manguga muhrlashdi.
Navbatdagi manzil esa barchani lol qoldirdi. So‘lim tabiat manzarasi, toza havo, shirqirab oqayotgan buloq suvi… go‘yoki, barcha boshqa dunyoga tushib qolgandek. Yo‘l charchog‘i ham tanlarini tark etib, qandaydir tetiklik sezgan mehmonlar bu yerning xususiyati haqida so‘ray ketishdi. Ushbu joy Xo‘jamayxona bulog‘i bo‘lib, mahalliy aholi orasida shifobaxsh suvi bilan mashhur.
Tog‘lar bag‘ridan sizib chiquvchi obi hayot ming dardga davo bo‘lib, tanga quvvat va ko‘tarinki kayfiyat ulashgandek bo‘ladi. Buloqdan soniyasiga uch kub suv otilib chiqadi. Sharqirab oqayotgan buloqni kuzatsangiz, toza va tiniq suvda suzib yurgan baliqlarga ko‘zingiz tushadi. Mahalliy aholining aytishicha, bu baliqlarning uzunligi bir metrgacha kelar ekan. Ammo, uni hech kim ovlamaydi, chunki buning o‘ziga xos sabablari ham bor-da.
Ertalabdan boshlangan sayohatning birinchi kuni ana shunday taassurotlar bilan yakunlandi. Ikkinchi kunda esa mehmonlar “Oks Aleksandriya”si, ya’ni Kampirtepa madaniy meros obyekti, “Fayoztepa” va “Qoratepa” buddizm yodgorliklarida bo‘lib, ushbu yodgorliklarning yurtimiz tarixida tutgan o‘rni, ahamiyati haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Olis o‘tmishdan so‘zlovchi ushbu yodgorliklarning bugungi kungacha saqlanib kelayotgan qiyofasi kishini o‘z davri muhitiga olib ketgandek bo‘ladi.
Sulton saodat majmuasiga tashrif, Termiz shahridagi Termiz arxeologiya muzeyi hamda “Termiz” davlat muzey qo‘riqxonasiga sayohat ham ko‘ngildagidek o‘tdi. Asosiysi, mehmonlar ushbu sayohatdan ko‘zlaganlaridan-da ortig‘iga erishdilar. O‘zlari uchun Surxondaryo deganda qadimiy va afsonaviy, mo‘jizaviy go‘shani tasavvur qilishlarini to‘lqinlanib so‘zladilar.
Sayyora ALLAYEVA,
Islom MENGLIYEV
(surat)