Endi o‘z Vatani bor…

Date:

Xurshida opa turmush o‘rtog‘i bevaqt olamdan o‘tgach, qayinona-qayinotasi uni ikki go‘dagi bilan ko‘chaga haydadi. Boray desa uyi, kirarga eshigi yo‘q mushtipar ayol norasidalarini yetaklab “borgan joyingda tosh qot” deya yaxshi niyatlar bilan uzatilgan ota hovlisiga qaytib borishga majbur bo‘ldi. Torgina hovlida uch aka-ukasi, ota-onasi bilan to‘rtgina oila bo‘lib yashayotgani yetmaganday singlisi ham turmushning mushtini yeb erdan qaytib kelgandi.

Beshinchi oilaning ustiga oltinchisi bo‘lib, katalakdek hovliga tiqilishdan o‘zga chora topolmagan Xurshida opa noiloj ota uyida yashay boshladi. Og‘ir musibatni boshidan o‘tkazgan bo‘lsa-da, ikki farzandini oyoqqa turg‘azish, ularning o‘z uyida, baxtiyor bola bo‘lib, orzu-havaslar quchog‘ida ulg‘ayishini diliga niyat qilib, hunar o‘rganishga tutindi.

Ming yaqin qarindosh bo‘lsa-da, bir dasturxon atrofida 15 jonning jam bo‘lishi, gohida ovqat yetar-yetmas bo‘lib, kezi-kelsa niqitma gaplar, kesatiqlardan to‘ygan qahramonimizni turmush qat’iyatli bo‘lishga undadi. Otasining “qizim, sen bunday o‘tiraversang, senga hech kim yordam bermaydi. Ishlashing kerak, akalaringning ham oilasi bor. Birovga iyak suyab o‘tirishdan foyda yo‘q” gapi unga dalda bo‘ldi.

Mehnatga tutindi, avvaliga ishlab chiqarish korxonasida tikuvchilik qila boshladi. Mehnati ortidan rizq topib, jamoa orasida ishlay boshlagach, dunyoqarashi kengaydi, kelajagiga umid uyg‘ondi. O‘zimning ham uyim bo‘lsin, uy olishim kerak degan gapni xatto xayolining burchidan o‘tkazolmaydigan Xurshida opa uy olishga harakat qila boshladi.

Mutasaddilarga murojaat qilgan ediki, avvaliga ehtiyojmand xotin-qizlarga uy ajratish uchun maxsus komissiya uning murojaatini o‘rganib chiqilishini aytganida “menga uy berishmasa kerak, ustiga ustak boshlang‘ich badalini to‘lashga ham qurbim yetmaydi-ku” deya umidini uzmoqchi ham bo‘lib turganda, unga viloyat Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi mutaxassislari qo‘ng‘iroq qilib, “Xurshida opa, sizga ehtiyojmand ayollar uchun qurilayotgan ko‘p qavatli turar joylardan ikki xonalisi ajratiladigan bo‘ldi” deganida quvonchdan ko‘zlari porladi. Ikki bolasini quchoqlab, uzoq o‘tirib qoldi. Doimo onasining g‘amga botib siqilib yig‘laganlarini ko‘rib katta bo‘layotgan bolalar esa bu galgi ko‘z yoshlar quvonch yoshlari ekanligini hali bilmasdi…

2023-yil 8-mart bayrami munosabati bilan viloyatimizda istiqomat qilayotgan uy-joyga ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, oilasida nogironligi bor shaxslar istiqomat qiladigan viloyatdagi ana shunday 305 nafar xotin-qizlarga viloyat hokimi uy-joylarning sertifikatini topshirdi. Yillar davomida uy-joysiz, ijarama-ijarada, yotoqxonalarda, ba’zan ko‘cha-ko‘yda tunab, taqdirning turli musibatlariga bardosh berib, qo‘llari mehnatda qavargan, ko‘ngli esa dard-u alamdan bezillabgina yashayotgan ayollarning, uyli bo‘lgandagi quvonchini tassavvur qilavering endi.

Ana shunday baxti kulgan, orzusi ushalgan xotin-qizlar orasida Xurshida opa ham bor edi. Qo‘lida uyning kalitini ushlagancha Yaratganga shukrona keltirayotgani, mutasaddilarga minnatdorlik qiyofasida peshvoz chiqayotgandagi quvonchi yillar ajinlatgan yuzini bir onda nurga to‘ldirdi-qo‘ydi.

Birgina Termiz shahrining “Majnuntol” mahallasida uy-joyga ehtiyojmand 100 nafar xotin-qizga yangi zamonaviy, barcha shart-sharoitlarga ega uylar qurilib foydalanishga topshirildi. Imtiyozli ipoteka-krediti asosida qurilgan ushbu uy-joylarning 15 foiz boshlang‘ich badal pullari ham hukumatimiz tomonidan to‘lab berilgani ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar uchun juda katta yordam bo‘ldi.

Ehtiyojmand xotin-qizlarning quvonchiga sherik bo‘lish, uy-joylari bilan yaqindan tanishib, ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish maqsadida erta tongdan o‘sha xonadonlarga oshiqdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, xonadonlar eshigi yopiq, yon-atrofdagi odamlardan so‘ragan bo‘laman. Bu yerda yangi ko‘chib kelib yashayotgan ayollar haligacha uyg‘onishmadimi yoki hali to‘liq ko‘chib kelishmaganmi, hamma yoq jim-jit.

Bilsamki, bir paytlar qo‘lida na bir hunari, na bir tayin yumushi bo‘lmagan ayollarning barchasi ish bilan ta’minlangan. Endilikda ushbu ayollarning ko‘pchiligi obodonlashtirish boshqarmasida, maktabgacha ta’lim muassasalari kabi turli tashkilotlarda faoliyat yuritib, jamiyatning faol qatlamiga aylana boshlagan.

Qahramonimiz Xurshida opa ham viloyat Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasida xo‘jalik mudirasi bo‘lib ishlamoqda. O‘z uyiga, doimiy ish joyiga ega bo‘lgani unga nafaqat moddiy boylik bo‘libgina qolmay, ma’naviy kamolot yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. U oq-qorani ajratadigan bo‘ldi. Ijtimoiy muammolarni o‘zicha tahlil qilib, ba’zida yechim topishga ham chog‘lanib qoladi.

— Turmush o‘rtog‘imdan ajralib, uy-joysiz, ikki farzandim bilan kezi kelsa ijarada yashadim, — deydi Xurshida Abramatova. — Ba’zan ijara pulini to‘lolmasdan, farzandlarimga osh-ovqat, kiyim-kechak olib berolmay, sirqindidek kun ko‘rgan paytlarimda ham hech qachon davlat menga yordam berishi kerak qabilida yashamadim. Biroq faoliyatim davomida shuni anglayapmanki, ishxonamizga yordam so‘rab kelayotgan odamlarni, xotin-qizlarning murojaatlarini eshitib, ko‘plar boqimandalikka o‘rganib qolganligini, arzimagan narsani ham so‘rab kelaverishini, murojaat qilishni o‘zining “hobbi”siga aylantirib olganini tushunib yetdim. To‘rt muchasi sog‘lom, bo‘yi devni qochiradigan darajada barvasta xotin-qizlarning eshikma-eshik yurib, kim menga nima berarkin qabilida yashashidan ko‘ra hunar o‘rganib, mehnat qilishi kerak deb o‘ylayman. Hayotdan olgan saboqlarim, menga katta kuch berdi.

Endi oldingidek kamsitilgan, bechorahol, hech narsasiz Xurshida emas, o‘qimishli, ishbilarmon ayol bo‘lishni ko‘ngliga tukka qahramonimiz o‘qishga hujjat topshirib, bu yil imtihonlarda o‘zini sinab ko‘rishga astoydil kirishgan.

Qahramonimizning “Oliy ma’umotli bo‘lsam, farzandlarimga yaxshi tarbiya berib, jamiyatda o‘z o‘rnimni topsam shu eng katta maqsadim”, deya shijoat bilan yashashga tutingani kishiga zavq beradi.

Ko‘zlarida olis xotirotda qolib ketgan musibatli kunlar mung bo‘lib qotib qolgan ersa-da, yuragidagi intilish, shijoatni ko‘rib farzandlari ham baxtiyor.  Ishidan bo‘sh paytlarida tikish-bichishga tutingani ikki bolasini guldek parvarishlab, hech kimdan kam qilmay tarbiyalayotgan ona uchun ham ovunch, ham qo‘shimcha daromad manbayidir. 

Xurshida opaning xonadonidan chiqar ekanmiz, ortga o‘girilib, baxtiyor oilaning kelajagidan ko‘nglimiz to‘q holda Yulduz Hikamtovaning xonadoniga yuzlandik.

— Asli denovlikman, deydi — “Majnuntol” mahallasida istqomat qilayotgan Yulduz Hikmatova. — To‘rt yoshga ham to‘lmasimdan ukam bilan meni onam yolg‘iz boshi bilan tarbiyalashga majbur bo‘lib qolgandi. Otamning uyiga sig‘maganimiz kamdek, tog‘am, xolamlarnikida ham bir muddat yashab, keyin ko‘chalarda ham tunab qolgan kunlarimiz bo‘lgandi. Uy-joyimiz bo‘lmagani uchun ham turtkixo‘rda edik. Qarindoshlarim goh baqirar, gohida esa kaltaklagan paytlari ham bo‘lgan. Oxir-oqibat mutasaddilarga murojaat qilaverganimizdan bizni Termiz shahrida ehtiyojmand oilalar istiqomat qilayotgan yotoqxonalardan biriga joylashtirishdi.  Onam bizni deb umrini, sog‘ligini baxshida qilib, mehnat qilardi. Ishlab pul topib, ukam ikkalamizning qornimizni to‘qlardi.

Yoshlikdagi qiyinchilik kunlarini ko‘zida yosh, ko‘nglida alam bilan esga olayotgan Yulduz opa, bor-yo‘g‘i 7-sinfgacha maktabga bora olganini, sharoiti yo‘qligi uchun ko‘chalarda saqich, pista sotib, ro‘zg‘orga onasiga qarashganini ham unutgan, ammo yillar davomida onaizori uy-joysiz sarson sargardon bo‘lib, endigina ular uchun qurilgan yangi uyiga ko‘chib o‘tay degan kundan bir kun oldin bu yorug‘ olamni tark etganini og‘ir xo‘rsinib esga oladi. Unga faqatgina onasi ular yashayotgan ko‘p qavatli uyning yonginasida joylashgan qabristonga qo‘yilgani tasalli beradi xolos…

Bu yerda yashayotgan har bir ayolning o‘z og‘riqli turmush yo‘li, o‘z hikoyasi bor, albatta. Har birining dardi bir doston. Ularning taqdirlari turfa. Biroq bu kabi ayollarning ham jamiyatda emin-erkin yashashi, uy-joyli bo‘lib, muqim ish bilan ta’minlanishi-yu, jamiyatda munosib o‘rnini topishi, inson sifatida to‘laqonli imkoniyatlardan foydalanib turmush kechirishi yo‘lida olib borilayotgan islohotlar ularni yagona hududda, ezgu maqsad sari boshlay olgan sa’y-harakatlar birlashtirib turgangani maqtashga arzigulik.

Termiz shahridan tashqari, vohamizning boshqa hududlarida ham ehtiyojmand xotin-qizlar uchun mo‘ljallangan zamonaviy uy-joylar qurilmoqdaki, joriy yilda Denovda 84 ta, Uzunda 11 nafar, Bandixonda esa 7 nafar shuningdek, Sariosiyo tumanida ham 10 nafar uy-joyga ehtiyoji bor ayollar ana shunday uy-joy bilan ta’minlangan.

Ehtiyojmand xotin-qizlar uchun qurilgan ushbu uylar kreditini to‘lay olish qobiliyatiga, oilaning ehtiyojidan kelib chiqib, bir-ikki xonali qilib qurilgan. Xonalar keng, shinam, gaz, svet, suv o‘chdi, degan gap ushbu ko‘p qavatli uyga begonadek. Ikki tomonda besh qavatli ikkita uy qad ko‘tarib, 100 oilaga makon bo‘lgan ersa, “ushburchak”ning bir burchini to‘ldirishga mo‘ljallangan tag‘in yana bitta ana shunday ehtiyojmand oilalar uchun ko‘p qavatli uy qurilishi boshlab yuborilgani, vohamizda uy-joyga ehtiyojmand xotin-qizlarni munosib yashash sharoiti bilan ta’minlash borasidagi keng ko‘lamli ishlar hali davom etajagini ifodalab turgandek.

Adolat MO‘MINOVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

AI–80 cheklanadi

Yil yakuniga qadar barcha kuch va resurslarni safarbar etib,...

Qadog‘ida tarkibi yozilishi shart

Joriy yilning 1-sentabridan boshlab, sanoat sharoitida qayta ishlangan va...

Velosipedda harakatlangan ragʻbatlantiriladi

2025-yilda aholining salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va...

Mahalla binosi qurilishi boshlandi

Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Mustaqillik” mahallasida aholiga qulay sharoit yaratish va...
KunTun
KunTun