Har qanday ishni boshlashdan oldin yoshi ulug‘larning, o‘sha ishda katta tajriba va bilimga ega insonlarning maslahat va tavsiyasiga tayanamiz, duosi va oq yo‘lini olamiz. Bunday yo‘l tutmoq esa xalqimizga xos hislat. Ana shundagina boshlanajak ish unumli va barokatli bo‘ladi. Qishloq xo‘jaligi ekinlari, xususan chigit ekish tadbirlari ham aynan soha faxriylarining, faollari va nuroniylarning tavsiyalari asosida ekilsa, foydadan holi bo‘lmaydi. Shu maqsadda Termiz tumanidagi Al-Hakim at-Termiziy majmuasida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi, hududlar rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, qishloq xo‘jaligi sohasi faxriylari va fidoyilari, diniy soha vakillari hamda nuroniylar ishtirok etdi.

Chigit ekish mavsumi boshlanishi munosabati bilan jonliq, tuya so‘yilib, doshqozonlarda osh damlandi. To‘kin dasturxon yozilib, bir piyola choy ustida viloyatda chigit ekish mavsumini sifatli o‘tkazish, urug‘lar unumdorligini taʼminlash, hosildorlikni oshirish yuzasidan soha faxriylari va fidoiylarining maslahat va tavsiyalari olindi.
Diniy soha vakillari tomonidan Qurʼon tilovat qilinib, Yoshi ulug‘lar duosi olindi. Ekilgan ekinlarimiz yaqin kunlarga nish urib, bo‘y chozadi. Ana shunday ezgu niyat va duolarning qudrati bilan mo‘l-ko‘l hosil beradi.
S.Normurodova