“Qari bilganni pari bilmas” degan gapda jon bor. Yosh avlod tarbiyasida mahalla-ko‘y, qo‘ni-qo‘shni, nuroniy otaxon-u onaxonlarning o‘rni beqiyos. Ayniqsa, oilasida keksa kishi bilan birga istiqomat qiladigan yoshlarning tarbiyasida bobo-buvilarining purmano o‘gitlari-yu, nasihatlari yaqqol seziladi. Shuning uchun ham bugun yoshlarga mahallada istiqomat qilayotgan nuroniylarni mas’ul sifatida biriktirib, hamkorlikda faoliyat olib borishiga alohida e’tibor qaratilayotir.
Boy hayotiy tajribasi, ish faoliyatidagi saboqlari bilan yoshlarga o‘rnak bo‘lgulik otaxon-u onaxonlar bilan hududlarda Uch avlod uchrashuvlari o‘tkazilib kelinayotgani ham ayni muddao bo‘layotir. Qolaversa, keksalar yoshlar bilan hamsuhbat bo‘lib, turli xil tadbir va davralarga fayz kiritib, doimo ijtimoiy faol harakatda bo‘lishi, uyida o‘zini yolg’iz his qilib, ijtimoiy hayotdan uzilib qolmasligida ham bu kabi sa’yi-harakatlar muhim ro‘l o‘ynashi turgan gap.
“Keksa avlod vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Qarorga koʻra, 2023-yil 1-apreldan “Nuroniy” jamgʻarmasiga davlat subsidiyasini ajratish tizimi joriy etiladi. “Bir nuroniy oʻn yoshga mas’ul” tamoyiliga muvofiq yoshlar har bir mahalladagi faol nuroniylarga biriktiriladi. “Nuroniy har bir oilaga mas’ul” loyihasi asosida muammoli oilalarning har biriga “Keksalar maslahati” guruhlarining bir nafardan a’zolari biriktiriladi.
“Bir nuroniy oʻn yoshga mas’ul” tamoyili hamda “Nuroniy har bir oilaga mas’ul” loyihasi asosida faoliyat olib borgan va ijobiy natijalarga erishgan nuroniylarni “Nuroniy” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantirib borish tizimi joriy etiladi. Quvonarli, mahallalarda faoliyat yuritayotgan “Keksalar maslahati” guruhlari rahbarlari har chorakda BHMning 2 baravari (600 ming soʻm) miqdorida ragʻbatlantirib boriladi.
A.Mo‘minova