Xodimning yoshga doir nafaqaga chiqishiga hali 2 oy bor. Ammo, ish beruvchi tomonidan nafaqa yoshiga yetgach, pensiyaga chiqishi, ishdan bo‘shatilishi haqida ogohlantirish xati berildi. Ishiga bor bilim-salohiyatini, umrini bag‘ishlagan tajribali xodimning holatini bir tasavvur qiling. Shundan keyin sud jarayonlari boshlanib ketadi. Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi esa bunday tushunmovchiliklarga chek qo‘yadi va tashkilotga foydasi tegayotgan xodimni ishdan bo‘shatishga pensiya yoshi asos bo‘la olmasligi haqida batafsil to‘xtalib o‘tilgan.
Tan olish kerakki, amaldgi Mehnat kodeksi xalq tushunadigan tilda yozilmagan va hatto mutaxassislar ham ba’zi o‘rinlardagi mujmalliklarga duch kelayotgan edi. Bu esa aniqlashtiruvchi so‘zlarni talab qilar, to‘ldiruvchi hujjatlar qabul qilingani ham sir emas. 1995-yilda qabul qilingan amaldagi Mehnat kodeksi zamonaviy voqelikka mos kelmagani va ish beruvchining mas’uliyatini, fuqarolarni mehnat faoliyatiga jalb qilishning yangi, turli хil shakllarining faol rivojlanishini hisobga olmagani sabab kodeksni tahrirlashni davrning o‘zi talab etdi. Ko‘plab masalalar o‘rganib chiqildi. Muammoli vaziyatlar hisobga olinib, o‘ndan ortiq xalqaro tashkilot komissiyalarining takliflari o‘rganildi. Xalqaro tajribalar asos qilib olindi. Senatorlar “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qonunni koʻrib chiqdilar va ular tomonidan qonun ma’qullandi.
Aytish kerakki, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi 2 qism, 7 ta bo‘lim, 34 ta bob va 581 moddadan iborat bo‘lib, asosiysi u xalqchil tilda yozilgan bo‘lib, kodeksni varaqlagan rahbardan tortib, oddiy xodimgacha mazmunni tezda anglaydi. Ha, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining mazmun-mohiyatini hamma bilishi shart. Ana shundagina huquqlar poypol bo‘lmaydi, savollarga o‘rin qolmaydi.
Mehnat kodeksiga o‘zgartirish xalq uchun kiritildi. Endilikda kodeks biz uchun ishlaydi va bizning manfaatlarimizni ko‘zlaydi. Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi 2023-yilning 30-aprelidan kuchga kiradi. Bu muddat ichida respublikamizning barcha hududlarida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining mazmuni va mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan targ‘ibot-tashviqot ishlari olib boriladi. Ana shunday targ‘ibot ishlari Termiz shahrida Kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat Kengashi binosida ham bo‘lib o‘tdi. Viloyatdagi tashkilot va korxonalar rahbar hamda xodimlari ishtirok etgan seminarda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi raisi Tolibjon Madumarov Mehnat kodeksining mazmuni va mohiyati haqida to‘xtalgan bo‘lsa, bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi davlat mehnat inspeksiyasi xodimi Qudratullo Odinayev kodeksga kiritilgan qo‘shimchalar va ularni mehnat jamoalarida qo‘llash to‘g‘risida belgilangan tartibda tushuntirib o‘tdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi mas’ul xodimi Zarifjon Xolov esa amaldagi va yangi tahrirdagi kodeksning farqi, afzalliklari haqida hayotiy misollar bilan tushuntirib berdi.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksiga 100 ga yaqin normalar kiritilib, mavsumiy, vaqtinchalik mehnatga haq to‘lashning qonuniy asoslari kiritildi. Ko‘plab yo‘nalish va sohalar, mikrofirmalar faoliyati huquqiy tartibga solinib, tadbirkorlar faoliyatiga doir normalar o‘rin oldi.
Xodim doimiy ravishda ishga belgilangan vaqtdan kech kelsa, ogohlantirish yoki xayfsan olgan, mehnat shartnomasiga ko‘ra intizomiy choralar ko‘rilgan bo‘lsa, endilikda kodeksga moslashuvchan ish vaqti kiritildiki, bunda tomonlar, ya’ni ish beruvchi va xodim ish vaqtini o‘zaro kelishgan holda tartibga solishlari, ish vaqtini o‘zlari belgilashlari mumkin.
Bayram kunlarini boshqa kunga o‘tkazish, mehnat ta’tilining minimal kunlari 15 ish kunidan 21 ish kuniga o‘tkazilishi, albatta, mehnat ahliga qulaylik yaratadi.
“Xodimning pensiya yoshiga yetganligi munosabati bilan ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish” asosi chiqarib tashlangani tashkilotga foydasi tegmagan xodimni olib qolish mumkin degani emas. Mehnat qiluvchi o‘z majburiyatini bajara olmayaptimi, u ishlashga noloyiq. Yangi tahrirdagi kodeks bilan nafaqat xodimning, balki ish beruvchining-da huquq va imkoniyatlari kengaymoqda.
Pandemiya davri va shart-sharoit masofaviy tartibda ishlash masalasini ham o‘rtaga tashladi. Bu bo‘yicha ham kodeksda qo‘shimchalar kiritildi (amaldagisida bunday ma’lumotlar umuman yo‘q edi). Endilikda xodim 15 kun ishlagan davri uchun 1 oylik ish haqi to‘lab berish tartibi joriy qilinadi.
Xodimga xayfsan berishda uning mehnatdagi yutuqlari inobatga olinadi.
Shuningdek, ishga qabul qilinganda sinov muddati belgilashda, ishdan bo‘shatish nafaqasini tayinlashda ham bir qator o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritildi. Ha aytgancha, yurtimizda ish beruvchi maosh kechiktirilgan har bir kun uchun xodimga kompensatsiya to‘lashi haqidagi bandning kiritilishi xodimlarning maoshini o‘z vaqtida olishini kafolatlasa, ish beruvchidan xushyorlik, ogohlik talab etadi.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksiga ko‘ra xodimlarga ish haqi to‘lash muddatlari jamoa shartnomasida yoki ichki hujjatda, ular mavjud bo‘lmaganda esa mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan muddatlarda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emas. Xodimlarga oylik ish haqi, qoida tariqasida, 16 kundan ko‘p bo‘lmagan tanaffus bilan ikki qismga bo‘lingan holda (bo‘nakda va qolgan qismi miqdorida) to‘lanadi. Ish beruvchi oylik ish haqini yoki xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlarni to‘lash muddatini buzgan taqdirda, ularni to‘lov muddatidan keyingi kundan e’tiboran to haqiqatda hisob-kitob qilingan kunni o‘z ichiga olgan muddatgacha har bir kechiktirilgan kun uchun Markaziy bankining o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda foizlar (pulli kompensatsiya) bilan birga to‘lashi shart etib belgilandi.
Bir so‘z bilan aytganda yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi ortiqcha tushuntirish va izohlarga, savollarga o‘rin qoldirmaydi. Mehnat nizolarining kelib chiqishining oldini oladi va ish beruvchi hamda xodimning huquq va majburiyatlarini kafolatlaydi, himoya qiladi.
Mehnat kodeksining mazmun va mohiyatiini tushuntirishga bag‘ishlangan seminar so‘nggida ham muzokaralar davom etdi. Fikr-mulohazalar, savollar tinglandi. Muammoli vaziyatlar o‘rtaga tashlanib, mutaxassislarning aniq javobi olindi. Har qanday muammo va tushunmovchiliklar mana shunday targ‘ibot-tashviqot tadbirlarida, muzokara va mulohazalarda ochiqlanadi, yechim topadi. Huquq va majubiyatlarimiz anglashilib, qonunlar, qaror va farmoyishlar davlat va xalq manfaatlari uchun xizmat qila boshlaydi.
Sayyora ALLAYEVA,
Naimullo MUHIBULLOYEV
(surat)