O‘z safida 340 mingdan ziyod a’zoni birlashtirib…

Date:

Xodim faoliyati davomida ish beruvchi tomonidan nohaqlikka uchrab, ishdan bo‘shatilsa yoki shu kabi boshqa sabablar bilan huquqlari poymol bo‘lsa, bu huquqlarni, joiz bo‘lsa ish o‘rnini tiklab, kerakli yordamni ko‘rsatadigan tashkilot sifatida kasaba uyushmalariga darhol murojaat qilamiz. Qarabsizki, muammo qisqa fursatlarda hal etiladi. Muhimi, qonun bilan himoyalanadigan huquqlarimizni o‘z ishining ustalari tiklab berishadi. Kasaba uyushmalari inson manfaatlarini ta’minlash bilan birga ularning turmush darajasini yaxshilash, bugunidan mamnun yashashi yo‘lida harakat qiladi.

Xalqimiz “Yangi O‘zbekiston”ni barpo etishdek muqaddas g‘oya atrofida birlashayotgan ekan, shunga hamohang ravishda, kasaba uyushmalari ham o‘z faoliyatini “Yurt taraqqiyoti yo‘lida birlashaylik”, “Yangi O‘zbekiston – Yangi kasaba uyushmalari” shiori ostida bugungi davr talabidan kelib chiqib tashkil etayotir. Bir so‘z bilan aytganda, kasaba uyushmalari mehnatkashlar tashkilotidan umumxalq tashkilotiga aylanib bormoqda.

Bugungi kunda viloyat kasaba uyushmalari o‘z safida 340 mingdan ziyod a’zoni birlashtirib, ularning mehnatga oid huquq va manfaatlarini ta’minlashda yaqindan yordam ko‘rsatib kelmoqda.

Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan yurtimizda “11-noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” deb belgilanishi va “O‘zbekiston kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonunining qabul qilinishi, Mehnat va ijtimoiy munosabatlar Akademiyasining tashkil etilishi nafaqat soha xodimlari, balki butun mehnatkash xalqimiz uchun katta sovg‘a bo‘ldi. Chunki kasaba uyushmalari bugungi kunda aholini ijtimoiy himoyasiga qaratilgan o‘z maqsadi, yo‘nalishi, yangicha yondashuv asosida ishlayotgan kuchli boshqaruv tizimiga ega tashkilot sifatida jamiyatda o‘z o‘rniga ega.

Yangi O‘zbekistonda “El aziz, inson aziz” shiori asosida mehnatsevar, zaxmatkash xalqimizni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash borasida kasaba uyushmalarining salmoqli o‘rnini e’tirof etmaslikning iloji yo‘q. Xalq xo‘jaligining barcha jabhalarida bo‘layotgan o‘zgarishlarda, amalga oshirlayotgan islohotlarda kasaba uyushmalarining roli beqiyosdir. Birgina Surxondaryo viloyatida “Ayollar daftari” tizimi orqali o‘tgan davr mobaynida 100 mingdan ortiq ayollarga turli ko‘rinishdagi ko‘maklar berilib, ularning turmush tarzi yaxshilanishiga erishildi.

Mehnatkash o‘zbek xalqi bor bilim va salohiyatini, zehni va kuch-quvvatini o‘z ishiga qaratib, mehnat qilar ekan, ularning munosib xordiq chiqarishi, dam olishi uchun kasaba uyushmalari qayg‘uradi. Ularning mehnat ta’tiliga chiqayotganda turli dam olish sihatgohlariga yo‘llanmalar berilishi mehnatlariga berilgan munosib baho deyish mumkin. Birgina joriy  yilning 10 oyi davomida 1 600 nafardan ortiq xodim va ularning oila a’zolari, sanatoriylarda sog‘lomlashtirildi, ushbu maqsadga 10 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.

Aholini ijtimoiy muhofaza qilish, salomatligini mustahkamlash maqsadida “Amudaryo” bolalar oromgohi hamda  “Termiz marvaridi”, “Xo‘jaipok” hamda “Sangardak” sanatoriylari qurilib, foydalanishga topshirilishi 15 mingga yaqin yurtdoshlarimiz hamda chet el fuqarolarining dam olish va sog‘liklarini tiklashda qo‘l kelmoqda. Mazkur bunyodkorlik ishlarida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan 250 milliard so‘mdan ortiq investitsiya kiritildi.

Qolaversa, kasaba uyushmalari tashabbusi bilan ichki turizmni rivojlantirish, aholini ko‘ngildagidek dam olishi uchun respublikamizning diqqatga sazovor hududlariga sayohatlar uyushtirilishi ham mehnat ahlini befarq qoldirmadi. 19 ming nafardan ortiq o‘g‘il-qizning oromgohlarda dam olishlari tashkil etilgan bo‘lsa, 1 900 nafardan ziyod xodim va ularning oila a’zolarining respublikamizdagi diqqatga sazovor qadamjolarga jumladan Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga sayohatlari tashkil qilindi.

Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” g‘oyasini umummilliy harakatga aylantirishda davlat va jamoat tashkilotlari bilan bir qatorda, hech shubhasiz, kasaba uyushmalari ham muhim o‘rin tutadi. Bugungi kasaba uyushmalari bundan 5 yoki 10 yil oldingi kasaba uyushmalari emas, bugungi kasaba uyushmalari xalq dardini tinglaydigan, ularning muammolarini hal etadigan, ishchi-xodimlarning mehnatga oid huquqlarini ta’minlaydigan, qolaversa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan har bir islohotga tezkorlik bilan barcha kuch imkoniyatlarini safarbar eta oladigan katta ijtimoiy kuchga ega bo‘lgan tashkilotdir. Shubhasiz, vatanimiz taraqiyoti, yurt obodligi, xalqimiz farovonligini ta’minlash borasida kasaba uyushmalarining ishtiroki yanada kuchayib borayotir.  

11-noyabr sanasi esa Surxondaryo viloyatida ham O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni bayrami sifatida keng nishonlandi. Joylarda ma’naviy-ma’rifiy, saxovat tadbirlari o‘tkazilgani esa fikrimizning yaqqol isbotidir. Termiz shahridagi “Afruz” tantanalar saroyida “Yurt taraqqiyoti yo‘lida birlashaylik” shiori ostida tashkil etilgan katta bayram tadbiri esa soha mehnatkashlariga qaratilgan e’tiborning yuksak namunasi bo‘ldi deyish mumkin. O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi raisi o‘rinbosari T. Bozorov, viloyat sektorlari va boshqarma, muassasalar rahbarlari, hamkor tashkilotlar, uyushma xodimlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Surxondaryo viloyati hokimi T. Bobolovning tashrifi va samimiy qutlovi bayramga ko‘tarinkilik ulashdi.

Shuningdek, so‘zga chiqqanlar, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda tashabbuskorlik namunalarini ko‘rsatayotgan kasaba uyushmalari aholining ijtimoiy himoyasiga qaratilgan o‘z maqsadi, yo‘nalishi, yangicha yondashuv asosida ishlayotgan kuchli boshqaruv tizimiga ega tashkilotga aylanganini e’tirof etishdi.   

Kasaba uyushmalarining mamlakatimizda mehnatsevar, zahmatkash xalqimizni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash va ularning munosib mehnat qilib, dam olishi, to‘kin yashashiga alohida e’tibor qaratayotgani yaqqol dalildir. Vohada ishchi-xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy manfaatlarini ta’minlash, ularga munosib mehnat sharoitlari yaratish, kooperatsiya usulida hunarmandlikni rivojlantirish va boshqa boshqa yo‘nalishlarda ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Soha fidoyilari sharaflangan bayram tadbirida Kasaba uyushmalari Federatsiyasi e’lon qilgan “Eng yaxshi sektor rahbari”, “Eng yaxshi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi”, “Eng yaxshi ayol ish beruvchi”, “Eng yaxshi hokim yordamchisi”, “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi”, “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli” singari tanlovlar g‘oliblariga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Bir guruh soha xodimlari va faol ishchi-xizmatchilar viloyat hokimining faxriy yorlig‘i va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi. 

San’at ustalarining qiziqarli bayram dasturi barchaga bir olam quvonch bag‘ishladi.

Sayyora ALLAYEVA,

Naimullo MUHIBULLOYEV

(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Iqtidorlar kashf etildi

"Turon" maktab teatri respublika tanloviga start berilgani maktabdagi iqtidorli,...

Yana bir markaz o‘z faoliyatini boshladi

Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib, oilaning ahvoli tang holatga qolgan...

Qitʼada tengsiz

Sportchilar faxrimiz, g‘ururimiz. Ular yurtimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarib, sa’y-harakatlari,...

“Angor index” foydalanishga topshirildi

Qurilish materiallari, hunarmandchilik buyumlari o‘zimizda ishlab chiqarilsa, narxi arzon,...
KunTun
KunTun