Jarqo‘rg‘on tumanida To‘palang suvini aholi xonadonlariga yetkazish bo‘yicha ishlar jadal davom etmoqda.
Xalq deputatlari Jarqo‘rg‘on tumani Kengashi raisi D.Xashimova “Yangiobod” va “O‘zbekiston” mahallalarida olib borilayotgan qurilish ishlarini joyiga chiqib ko‘zdan kechirdi. “Sobir quruvchi” MChJ rahbari S.Xakimov bilan birgalikda suv tarmoqlarini tortish jarayoni, qurilish sifati va loyiha ijrosi o‘rganildi.
Loyiha doirasida 12 ta mahallada 24,7 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortilishi rejalashtirilgan edi. Bugungi kungacha esa bu ko‘rsatkich 27,7 kilometrga yetkazilib, belgilangan reja ortig‘i bilan bajarildi.
Shuningdek, zamonaviy suv taqsimlash inshooti qurilib, to‘liq jihozlandi.
Mazkur ishlar yakunlangach, tuman aholisi uchun toza va barqaror ichimlik suvi ta’minoti yanada yaxshilanadi. O‘rganish davomida loyihani sifatli va belgilangan muddatda yakunlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

