Kitob inson tafakkurini boyitadi, dunyoqarashini kengaytiradi. Shu bois kitobxonlikni rivojlantirish, aholining adabiyotga bo‘lgan qiziqishini oshirish va kitobni har bir hududga yanada yaqinlashtirishga qaratilgan yangi taklif ilgari surilmoqda.
O‘zbekistonda tuman va shahar madaniyat markazlariga kitob savdosi bilan shug‘ullanish vakolatini berish rejalashtirilmoqda. Bu haqdagi taklif “Kutubxonalar faoliyatini 2030-yilgacha rivojlantirish va kitob savdosi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida nazarda tutilgan.
Loyihaga ko‘ra, madaniyat markazlarida kitob savdosini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish, bu ishni samarali tashkil etgan xodimlarni qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
Bunday yondashuv, avvalo, kitobni aholiga yanada yaqinlashtirishi bilan ahamiyatli. Ayniqsa, chekka hududlarda yashovchi fuqarolar uchun yangi adabiyotlarni o‘z tuman yoki shahridagi madaniyat markazidan xarid qilish imkoniyati kitobxonlik muhitini kuchaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Loyihada yangi kitoblarni mualliflar ishtirokida targ‘ib qilish, eng ko‘p o‘qilgan asarlar mualliflarini rag‘batlantirish va kitobxonlikni kengaytirishga qaratilgan boshqa choralar ham belgilangan.
Yana bir e’tiborli tashabbus — 2027-yildan boshlab har yili mart oyida “Kitob karvoni” aksiyalarini tashkil etish. Ushbu aksiyalar orqali ta’lim muassasalari, kutubxonalar va mahallalarga adabiy-ma’rifiy mavzudagi kitoblarni bepul yetkazib berish rejalashtirilmoqda.
Kitob do‘konga borib izlanadigan emas, insonning o‘ziga yaqinlashadigan vositaga aylansa, mutolaa uchun imkoniyat ham, unga bo‘lgan qiziqish ham ortadi. Zero, kitobga yo‘l ochilgan har bir maskan — ma’rifatga ochilgan yana bir eshikdir.

