Yuqori texnologik iqtisodiyot uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlash muhim vazifadir. Shu bois investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ta’lim va ishlab chiqarish uyg‘unligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan muloqotda yuqori texnologik investitsiya loyihalarida kadr tayyorlash komponenti bo‘lishi shartligini ta’kidladi.
Shuningdek, texnikum tashkil etadigan yoki davlat texnikumini olib, xalqaro standartlar asosida kadr tayyorlaydigan tadbirkorlarning xarajatlarini soliqqa tortiladigan bazadan chegirish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur tizim orqali 1 million yoshni zamonaviy kasblarga o‘qitish va yuqori daromadli ish o‘rinlariga joylashtirish maqsad qilingan.
Urganch shahrida Germaniya va Xitoy tajribasi asosida o‘quvchilarni “yashil” energetika, qurilish, hamshiralik, agronomlik, elektrotexnika kabi 10 turdagi kasbga yo‘naltirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu tajriba mamlakatimizning barcha hududlariga tatbiq etiladi.
Demak, bugungi investitsiya nafaqat yangi korxona, balki kelajak uchun malakali kadr yaratishga ham xizmat qilishi kerak.

