Surxondaryoda “afg‘on shamoli”ning salbiy ta’sirini kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. Vazirlar Mahkamasining joriy yil 31-martdagi qarori asosida Angor va Termiz tumanlarida “yashil belbog‘”lar barpo etilib, ularni parvarishlash va saqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda Angor tumanidagi M39 xalqaro avtomobil yo‘li bo‘yida 102 gektar maydonda 261 ming tup, “Qoraqir” dahasidagi 108 gektar yerda 270 ming tup, Termiz tumanining “Kattaqum” dahasida 82 gektar maydonda 218 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan. Shuningdek, Yangiobod mahallasida 31 gektar maydonda 12,7 ming tup “eldor” qarag‘ayi parvarish qilinmoqda.
Hududda tez-tez kuzatiladigan chang-to‘zonlar aholi salomatligi va tuproq unumdorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, “afg‘on shamoli” allergik kasalliklar, bronxial astma va boshqa nafas yo‘llari xastaliklari kuchayishiga sabab bo‘layotgani, bunday kasalliklar endilikda bolalar va keksalar orasida ham ko‘proq uchrayotgani kuzatilmoqda.
Shu bois barpo etilgan yashil hududlarni asrash va rivojlantirish ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan. Oqova suv yetib bormaydigan maydonlarda tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilib, suv quduqlari qazildi, transformatorlar o‘rnatildi hamda har biri 50 ming kub metr sig‘imga ega to‘rtta suv havzasi barpo etildi. Har bir hududga mas’ullar biriktirilib, ko‘chatlarni yozning jazirama issig‘ida o‘z vaqtida sug‘orish va parvarishlash ishlari tashkil etilgan.
“Yashil belbog‘”larga hudud iqlimiga mos “eldor” qarag‘ayi, “virgin” archa, tuya, tut, katalpa kabi daraxt ko‘chatlari ekilgan. Ularni ilmiy tavsiyalar asosida parvarishlash, zamonaviy sug‘orish texnologiyalaridan foydalanish hamda kosmik monitoring ma’lumotlari asosida kuzatuv olib borish ko‘chatlarning yashovchanligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan bunday loyihalar kelgusida shamol tezligini kamaytirish, chang bo‘ronlari ta’sirini yumshatish, tuproq eroziyasining oldini olish va atmosfera havosi sifatini yaxshilashda muhim omil bo‘lishi kutilmoqda.

