Surxondaryo viloyatida yoshlarning innovatsion g‘oyalari va istiqbolli startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy va texnologik salohiyatini yuzaga chiqarish maqsadida “Innovatsiya va startaplar festivali” tashkil etildi.
Festival doirasida o‘tkazilgan “Startap klubi” loyihalar tanlovida yoshlar tomonidan taqdim etilgan 20 dan ortiq innovatsion va istiqbolli startap loyihasi ekspertlar hamda komissiya a’zolari tomonidan belgilangan mezonlar asosida baholandi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, eng munosib deb topilgan loyihalar mualliflari e’tirof etilib, 10 nafar faol ishtirokchi Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan munosib taqdirlandi.
Shuningdek, taqdim etilgan 15 ga yaqin istiqbolli loyihani amaliyotga joriy etish yuzasidan mas’ul tashkilotlar rahbarlariga aniq vazifalar va tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Bunday tadbirlar yoshlarning innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, robototexnika va startaplar sohasiga qiziqishini yanada kuchaytirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ilg‘or g‘oyalarni hayotga tatbiq etishga xizmat qiladi.

