Yillar davomida foydalanilmay kelgan 1000 gektardan ortiq yerlar yana hosildor maydonga aylanish arafasida. Bandixon tumani “Limonzor” mahallasida amalga oshirilayotgan yangi loyiha hudud qishloq xo‘jaligi va aholi bandligida muhim o‘zgarishlar yasashi kutilmoqda.
Qiymati 29,5 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida Sherobod magistral kanalidan suv chiqarilib, ekin maydonlarini sug‘orish imkoniyati kengaytiriladi. Natijada 1500 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi oshishi hamda yiliga 3 million AQSH dollari miqdorida eksport imkoniyati yaratilishi rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida zamonaviy nasos agregatlari o‘rnatilib, yangi suv tarmoqlari va ichki sug‘orish tizimlari barpo etilmoqda. Bu esa nafaqat yerlarning qayta foydalanishga kiritilishiga, balki hudud aholisi uchun yangi daromad manbalari paydo bo‘lishiga xizmat qiladi.
Suv kirgan joyda hayot va imkoniyatlar ko‘payadi. Bandixondagi ushbu loyiha ham hududning iqtisodiy salohiyatini oshirish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va aholi farovonligini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.

