Mamlakatimizda sud-huquq tizimini isloh qilish, fuqarolar hamda tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Xususan, nizolarni hakamlik sudlari orqali hal qilish mexanizmining joriy etilgani ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va iqtisodiy munosabatlarda tezkor hamda samarali yechimlarni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.O‘zbekiston Respublikasining “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, hakamlik sudlari fuqarolik-huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi nizolarni, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi iqtisodiy bahslarni hal etuvchi nodavlat tuzilma hisoblanadi. Bu tizim sudlarga tushayotgan yuklamani kamaytirish, taraflar o‘rtasidagi nizolarni qisqa muddatda hal etish va ishbilarmonlik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Biroq hakamlik sudlari faoliyati bo‘yicha amalga oshirilgan tahlillar ushbu sohada qonunchilik asoslarini yanada takomillashtirish, nazorat mexanizmlarini kuchaytirish va xalqaro standartlarga moslashtirish zarurligini ko‘rsatdi. Shu munosabat bilan 2026-yil 21-aprel kuni “Hakamlik sudlari faoliyati yanada takomillashtirilishi hamda byudjet intizomi kuchaytirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.
Mazkur Qonun bilan Iqtisodiy protsessual kodeks, Fuqarolik protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, Byudjet kodeksi hamda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi va “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi qonunlarga muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, endilikda davlat organlari, davlat muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hakamlik sudlarini tashkil etishi yoki hakamlik bitimi taraflari bo‘lishi mumkin emasligi belgilandi. Shuningdek, hakamlik sudlari ma’muriy, oilaviy, mehnat munosabatlari, yer bilan bog‘liq nizolar hamda davlat byudjeti mablag‘larini undirish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqmasligi qat’iy belgilab qo‘yildi.
Qonun bilan byudjet mablag‘larining sarflanishi ustidan nazorat ham kuchay-tirildi. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga byudjet manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudlarda ishtirok etish, da’vo va shikoyatlar kiritish vakolati berildi. Bu esa davlat mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, byudjet intizomini buzganlik uchun javobgarlik choralari ham kuchaytirildi. Xususan, g‘aznachilik ro‘yxatidan o‘tmagan shartnomalar asosida tovar yoki xizmatlarni qabul qilish byudjet intizomini buzish deb baholanishi belgilandi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan yangi moddaga muvofiq, hakamlik sudlarini qonunga xilof tashkil etish yoki davlat tashkilotlarining qonunga zid ravishda hakamlik qarorlarini ijro etishi uchun ma’muriy javobgarlik choralari joriy etildi.
Hakamlik sudlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan mazkur o‘zgartishlar mamlakatimizda qonuniylikni mustahkamlash, davlat va jamoat manfaatlarini himoya qilish, byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanish hamda tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Botirjon Abdullayev,
Termiz tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi

