Bandixon tumanida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholining xavfsizligini ta’minlash hamda tezkor xizmatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Mazkur tadbir real sharoitga yaqin senariylar asosida tashkil etilib, barcha mas’ul xizmatlarning har qanday favqulodda holatda tezkor va muvofiqlashtirilgan harakat qilish qobiliyatini sinovdan o‘tkazishga xizmat qildi.
Mashg‘ulotlarda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimi xodimlari, ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya, sog‘liqni saqlash muassasalari, elektr va gaz ta’minoti, kommunal xizmatlar hamda boshqa tegishli tashkilotlar vakillari faol ishtirok etdi. Ularning birgalikdagi harakati favqulodda vaziyatlarda yagona tizim sifatida ishlashning amaliy modelini shakllantirishga qaratildi.
O‘quv jarayonlarining dastlabki bosqichida ishtirokchi xizmatlarning texnik va shaxsiy tarkib tayyorgarligi ko‘zdan kechirildi. Maxsus texnika, qutqaruv anjomlari, yong‘in o‘chirish vositalari hamda tibbiy yordam jihozlari shay holatga keltirilib, ularning samaradorligi amalda sinovdan o‘tkazildi. Bu jarayon favqulodda holatlarda texnik imkoniyatlardan to‘g‘ri va tezkor foydalanish muhimligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Asosiy amaliy mashg‘ulotlar davomida zilzila, kuchli shamol, yong‘in va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar shartli ravishda yuzaga keltirildi. Ushbu holatlarda qutqaruv ishlarini tashkil etish, jabrlangan fuqarolarni xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish hamda yong‘in oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha amaliy harakatlar bajarildi. Har bir bosqichda tezkorlik, aniq koordinatsiya va mas’uliyatli yondashuv asosiy mezon sifatida baholandi.
Mashg‘ulotlar jarayonida tezkor boshqaruv va axborot almashinuvi tizimi alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Favqulodda vaziyat yuz bergan paytda har bir xizmatning vazifasi, vakolati va hamkorlik mexanizmi amaliy jihatdan sinovdan o‘tkazilib, mavjud kamchiliklar aniqlandi hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi. Bu esa kelgusida real vaziyatlarda harakatlarni yanada samarali tashkil etish uchun muhim asos yaratadi.
Shuningdek, o‘quv mashg‘ulotlari doirasida aholi bilan targ‘ibot ishlari ham olib borildi. Fuqarolarga favqulodda holatlarda to‘g‘ri harakat qilish, evakuatsiya tarti-biga rioya etish, sarosimaga tushmas-
lik va qutqaruv xizmatlari ko‘rsatmalariga amal qilish bo‘yicha amaliy tushuntirishlar berildi. Bu yo‘nalish-dagi ishlar aholining favqulodda vaziyat-larga tayyorgarlik darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Tadbir so‘ngida faol ishtirok etgan xodimlar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Zulfiya Soxibova,
Surxondaryo FVB axborot xizmati xodimi

