Milliy sport o‘yinlari xalqimizning qadriyatlari, jasorat va birdamlik an’analarini namoyon etuvchi bebaho meros sanaladi. Ayniqsa, uloq-ko‘pkari musobaqalari xalq ruhiyati va milliy an’analarni tarannum etuvchi muhim bellashuvlardan biri hisoblanadi.
“Boysun bahori” xalqaro folklor festivali doirasida o‘tkazilgan jamoaviy va yakkalik yo‘nalishdagi uloq-ko‘pkari musobaqalari ikki kun davomida murosasiz va qizg‘in bahslarga boy tarzda tashkil etildi.
Yakunda Surxondaryo viloyati jamoasi bosh sovrin — “Cobalt” avtomashinasini qo‘lga kiritib, 1-o‘rinni egalladi. Toshkent viloyati jamoasi 2-o‘rin, Bandixon–Qumqo‘rg‘on jamoasi esa 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Yakkalik bahslarida ham g‘oliblarga tuyalar va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Musobaqa g‘oliblarini taqdirlash marosimi festivalning milliy sport va xalq an’analarini keng targ‘ib etuvchi nufuzli maydon ekanini yana bir bor namoyon etdi.

