Darsdan tashqari dars

Date:

Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish, ayniqsa, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishda pedagog kadrlarning malakasi hal qiluvchi omil sifatida qaralmoqda.Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining
2025-yil 29-avgust-dagi qo‘shma qarori asosida tizimli ishlar boshlab yuborildi.
Mazkur hujjatga muvofiq, maktabgacha ta’lim tashkilotlari jismoniy tarbiya yo‘riqchilari hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablari jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari uchun malaka oshirish kurslari bevosita (to‘g‘ridan-to‘g‘ri) shaklda tashkil etilishi belgilandi. Ushbu jarayon Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda uning hududiy filiallari, shuningdek, respublikaning qator viloyatlaridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida amalga oshirilmoqda.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida 2026-yil 6-apreldan boshlab Termiz shahridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida tegishli mutaxassislar uchun malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yildi. Ushbu o‘quv jarayoni nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirgan holda tashkil etilgani bilan ahamiyatlidir. Nazariy mashg‘ulotlar markazning zamonaviy o‘quv xonalarida olib borilayotgan bo‘lsa, amaliy darslar sport infratuzilmasi rivojlangan, barcha qulayliklarga ega inshootlarda o‘tkazilmoqda. Bu esa tinglovchilarga o‘z bilim va ko‘nikmalarini real sharoitda mustahkamlash imkonini bermoqda.
E’tiborlisi, malaka oshirish jarayoni faqat dars mashg‘ulotlari bilan cheklanib qolmayapti. Tinglovchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning dunyoqarashini kengaytirish maqsadida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ham yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, Termiz arxeologiya muzeyi hamda Al Hakim at-Termiziy maqbarasiga uyushtirilgan sayohatlar tinglovchilarda katta taassurot qoldirdi. Bunday tadbirlar nafaqat dam olish, balki tarixiy merosimizni chuqurroq anglashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Shuningdek, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Sport vazirining topshirig‘iga asosan juma kuni “Kitobxonlik kuni” etib belgilangan bo‘lib, viloyat axborot-resurs markazida tashkil etilgan kitobxonlik soatlari tinglovchilar va o‘quvchilarning ma’naviy kamolotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Unda professor-o‘qituvchilar ishtirok etib, kitob mutolaasining ahamiyati, zamonaviy pedagog uchun zarur bilimlar haqida suhbatlar olib borilmoqda.
Aprel oyi davomida ushbu kurs tinglovchilari uchun yana qator ma’naviy-ma’rifiy va amaliy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu esa malaka oshirish jarayonining izchil va samarali davom etishidan dalolat beradi.
Tashkil etilgan mazkur malaka oshirish kurslari nafaqat pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirishga, balki ularning ma’naviy dunyosini boyitishga xizmat qilmoqda. Bu kabi tizimli yondashuvlar esa kelajak avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk qilib tarbiyalash yo‘lida muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Zarif BEGIMQULOV,
O‘zbekiston davlat sport akademiyasi huzuridagi
Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni
qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti Samarqand
filiali “Sport psixologiyasi,
ijtimoiy-gumanitar va tabiiy-ilmiy fanlar” kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa
doktori, dotsent

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Maktablarda sun’iy intellekt va startap xonalari tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt va raqamlashtirish yo‘nalishidagi islohotlar...

Jasorat unutilmaydi

Ikkinchi jahon urushi davrida o‘zbekistonlik askar Boqijon Akramovning hayotini...

Muammoli kreditlar nazoratda

Surxondaryo viloyatida muammoli kreditlarni undirish va moliyaviy intizomni mustahkamlashga...

“Boysun bahori”da milliy o‘yinlar jo‘sh urmoqda

Bugun Boysun bahori xalqaro folklor festivalining ikkinchi kuni bo‘lib,...
KunTun
KunTun