Termiz shahridagi 8-sonli umumta’lim maktabida viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi faxriylar kengashi raisi hamda shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari ishtirokida o‘quvchi-yoshlar bilan “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi. Mazkur uchrashuv yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular qalbida yurtga sadoqat, xalqiga xizmat qilish kabi yuksak tuyg‘ularni shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Uchrashuv davomida yurtimiz tinchligi va xavfsizligini ta’minlash yo‘lida xizmat qilgan faxriylarning hayotiy tajribasi, mashaqqatli
mehnat faoliyati hamda fidoyiligi haqida so‘z yuritildi.
Tadbirning eng mazmunli qismi iste’fodagi podpolkovnik R.Begimovning chiqishi bo‘ldi. U o‘zining xizmat faoliyati davomida orttirgan tajribasi, hayot yo‘li, kasbga sadoqat va mas’uliyat haqida o‘quvchilarga batafsil so‘zlab berdi.
Faxriy ofitser yoshlar bilan suhbat jarayonida har bir inson o‘z hayot yo‘lini to‘g‘ri tanlashi, bilim olishga intilishi va kelajakda yurt ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shishi kerakligini qayd etdi. Shuningdek, u Favqulodda vaziyatlar tizimida xizmat qilishning sharafli va mas’uliyatli kasb ekanini, bu yo‘lda jasorat, bilim va fidoyilik muhim o‘rin tutishini
aytib o‘tdi.
Uchrashuv davomida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, faxriy va xizmatdagi xodimlardan batafsil javob oldilar. Bu esa uch avlod vakillari o‘rtasidagi muloqotni yanada samimiy va mazmunli o‘tishiga xizmat qildi. Bunday uchrashuvlar yoshlarga katta motivatsiya berib, hayotiy maqsadlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jaloliddin Jurayev,
viloyat FVB Axborot va
jamoatchilik bilan aloqalar
xizmati boshlig‘i,
mayor

