Ota

Date:

Kechasi bolasi yaxshi uxlamadi. Qaynonasi hammasini bildi. Ertalab uxlab qolib, nonushta tayyorlashga ulgurmagan kelin o‘zi ham qaynonasining ko‘ziga baloday ko‘rinishini bildi. Yuragi titrab, uyqusizlikdan qizarib ketgan ko‘zlarini yerga tikib salom berdi. Bag‘ridagi bolasi big‘illab turardi.

—Choyizzi iching! — go‘yo marhamat ko‘rsatdi qaynona, ammo qo‘lidan bolani olay demadi.

— Eringiz soat nechada keldi?

— Kelmadilar, — aybdordek yerga qaradi kelin.

— Ha, mayli, yurgandir bir ko‘chada, kelib qolar! Man akamnikiga borib kelaman, dadajoningiz uydalar, tushlikka lag‘mon qiling!

Kelin indamadi. “Xo‘p bo‘ladi!” degani majoli yo‘q edi. Kechagina u ham birovning arzandasi edi. Bir yilda ham kelinga, ham onaga aylandi. Qaynonasi ketdi…

Xuddi shu payt poylab turgandek qaynotasi kirib keldi. Bir qo‘lida chaqaloq, bir qo‘lida choy damlayotgan kelinni ko‘rib shoshib qoldi.

— Bolani menga bering, qizim! Siz ovqatlanib oling. Kechasi bilan yig‘lab chiqdi-ya toychoq, hali bir yigit bo‘lsin. Sizga qalqon, do‘st bo‘ladi — bu. Ajab, qaynotasi bolani qo‘liga olishi bilan ovundi. Ichiga issiq kirib, sal tetiklashgandek bo‘ldi. Lag‘monga xamir qormoqchi edi.

— Kerakmas, — dedi qaynotasi, men ko‘chadan ovqat olib kelaman, siz birpas uxlab oling, bolam, mana Sardor ham uxladi.

Qaynotasi mashinasiga o‘tirib qayoqqadir ketdi…

Kelin qaynotasining telefonda kim bilandir gaplashayotgan ovozidan  uyg‘onib ketdi. Kun peshinga yaqinlashib qolgan, kechasi bilan yig‘lab chiqqan chaqaloq ham tinch uxlab yotardi.

Yuz-qo‘lini yuvib oshxonaga kirdi. Dasturxonda turgan, ustiga “Milliy taomlar”  deb yozilgan yelim xaltalardan birini ochdi. Bir martalik idishda kabob bor edi..

Hovlidan esa hamon qaynotasining ovozi kelardi:

— Yerning tagida bo‘lsang ham yetib kel, boshqa gapim yo‘q, bolangni do‘xtirga o‘zing olib borasan!

Kelin baribir lag‘monga xamir qordi. Bu safar chin yurakdan! Shu uyda uni ushlab turgan odam — Otasi uchun mehr bilan ovqat tayyorlagisi kelardi. Tashqaridan tanish mashinaning signali eshitildi… “Hayriyat”, dedi u.

Feruza Salxodjayeva

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

E’tiroz bo‘lmasa, bitim tasdiqlanadi

2026-yil 1-apreldan boshlab mamlakatimizda ko‘chmas mulk hamda ishlab chiqarilganiga...

Iste’dod mehnatsiz nolga teng

Har bir inson turli qobiliyat va iste’dod bilan dunyoga...

Mutolaa — taraqqiyot kaliti

Jamiyat taraqqiyoti, yoshlarning ma’naviy kamoloti va intellektual salohiyatini yuksaltirishda...

Befarqlikka o‘rin yo‘q

Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining kamayishi, chiqindilar muammosi...
KunTun
KunTun