Manfaat soyasida…

Date:

Bugungi kunda odamlarni kuzatar ekansan, ba’zan insoniylik, mehr-oqibat va vijdon degan tushunchalar manfaatlar ortida qolib ketayotgandek tuyuladi. Go‘yo ayrimlar uchun insonning qadri uning qalbi, odobi yoki halolligi bilan emas, balki mansabi va boyligi bilan o‘lchanayotgandek.
Xalqimizda: “Birni ko‘rib fikr qil” degan hikmat bor. Darhaqiqat, hayot yo‘lida uchraydigan ayrim voqealar insonni chuqur o‘yga toldiradi. Ba’zan bir dasturxonda non yegan, bir-biriga suyanch bo‘lgan insonlarning manfaat yo‘lida o‘zgarib qolganini ko‘rib, hayratga tushasan. Sohibjon ham shunday holatga duch keldi.
Hayot sinovlari uni erta ulg‘aytirdi. Oilasining moddiy ahvoli og‘ir bo‘lgani uchun tengdoshlari kabi faqat o‘qish bilan shug‘ullana olmadi. U peshona teri bilan mehnat qilib, oilasiga ko‘maklashishga majbur edi. Mardikorlik qilardi. Halol mehnat qilib topgan nonini esa eng katta boylik deb bilardi. Bir kuni ishga ketayotganida uzoqdan o‘zining yaqin qarindoshlaridan birini ko‘rib qoldi. Quvonib ketdi. Axir yaqin insonni ko‘rish har kimga ham yoqimli-ku.
U salom berish uchun qadamini tezlatdi. Ammo qarindoshi uni ko‘rgan bo‘lsa-da, go‘yo tanimagandek yuzini boshqa tomonga burdi. Yonidagi hamkasblari bilan gaplashgancha o‘tib ketdi. O‘sha lahzada Sohibjonning yuragida nimadir uzilgandek bo‘ldi.
“Axir meni ko‘rdi-ku… Nega salomimga alik olmadi? Nega ko‘rmaganga oldi? Mendan uyaldimi? Yoki kambag‘alligimdan or qildimi?” Bu savollar qalbiga o‘qday sanchildi. U o‘zini oqlashga urinardi.
— Men birovning haqiga xiyonat qilmadim. O‘g‘rilik, tilanchilik qilmadim. Halol mehnat bilan pul topayapman. Shunday ekan, nimadan uyalaman? Nega bosh egishim kerak? Ammo javob topolmasdi.
Ba’zan insonni eng qattiq ranjitadigan narsa begonaning yomonligi emas, yaqinlarining befarqligidir. Chunki yaqinlardan mehr, qo‘llab-quvvatlash kutasan. Ular esa sendan yuz o‘girsa, qalbingda paydo bo‘lgan bo‘shliqni hech narsa to‘ldira olmaydi.
Sohibjon o‘sha kuni uzoq o‘yladi: “Nahotki, mansab insonni shu qadar o‘zgartirsa? Nahotki, ayrimlar uchun insonning qadri kiygan kiyimi yoki egallab turgan lavozimi bilan belgilanadigan bo‘lsa?! Nahotki, manfaat insoniylikdan ustun kelsa?!”
Eng achinarlisi, bunday holatlarni kuzatayotgan yoshlar ham asta-sekin shu fikrga ishonib qolishlari mumkin. Bu esa jamiyat uchun xavfli holatdir.
Aslida esa insonning buyukligi uning mansabida emas, odamiyligidadir. Boylik vaqtinchalik, lavozim o‘tkinchi. Ammo halollik, diyonat, mehr-oqibat va vijdon inson bilan umr bo‘yi qoladigan boylikdir. Sohibjon ham oxir-oqibat shuni anglab yetdi.
So‘ng o‘ziga-o‘zi shunday dedi:
— Unut… O‘pkalama… Balki hayot uni ham o‘zgartirgandir. Balki mansab ba’zi insonlarni yaqinlaridan uzoqlashtirar…Ammo men boshqacha bo‘laman. Qachondir yuksalsam ham, insoniyligimni yo‘qotmayman.
Shu fikr bilan u yana yo‘lida davom etdi.

Gulparvin Norboyeva,
Sariosiyo tumanidagi 83-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Bola huquqlariga oid bilimlar mustahkamlandi

Denov tumanida profilaktika inspektorlari ishtirokida “Xalqaro standartlar va milliy...

Roziliksiz reklama SMSlari taqiqlanadi

2026-yil 1-noyabrdan boshlab fuqarolarga ularning roziligisiz reklama mazmunidagi SMS-xabarlar...

Tabiat himoyasi kuchaytirildi

Anomal issiq ob-havo sharoitida Yuqori To‘palang milliy tabiat bog‘ida...

Portal imkoniyatlari kengayadi

Prezident qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-oktyabrdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari...
KunTun
KunTun