Boks ko‘pchilik tasavvurida kuch va matonat talab qiladigan erkaklar sporti sifatida namoyon bo‘ladi. Biroq bugungi kunda ringda o‘z iste’dodi, jasorati va qat’iyati bilan ajralib turgan qizlar soni tobora ortib bormoqda. Ular nafaqat sportda muvaffaqiyat qozonmoqda, balki yosh avlodga o‘z orzulari sari dadil intilish uchun ilhom ham bermoqda. Ana shunday qizlardan biri — jarqo‘rg‘onlik Karina Ilmuratova. Uning qisqa vaqt ichida bosib o‘tgan yo‘li qat’iyat va mehnatning yorqin namunasidir.
Jarqo‘rg‘onlik Karina Ilmuratova 13 yoshida boksga qiziqib qoldi. Baland bo‘yi, serg‘ayratligi va qat’iyatli fe’l-atvori uni sportga, ayniqsa boksga yaqinlashtirdi. Dadasiga boksga borishni istashini aytganida dadasi Ruslan aka ham yoshlikda boks ishtiyoqi bo‘lib, o‘zi ham shug‘ullangani uchunmi, darrov rozi bo‘ldi. Jarqo‘rg‘on tumanidagi boks maktabiga olib bordi.
Boks maktabiga kirishi bilan Karina o‘zini mutlaqo boshqa muhitda his qildi. Zalni zarbalar ovozi, murabbiylarning ko‘rsatmalari va mashg‘ulotlarga sho‘ng‘igan sportchilarning shijoati to‘ldirib turardi. Dadasi bilan ketarkan, yon-atrofida bo‘layotgan jarayonga mahliyo bo‘lib, trenerning oldiga kelishganini ham payqamay qoldi. Qisqa tanishuvdan so‘ng, trener Karinadan yugurishini so‘radi, so‘ng bir nechtamashqlarni bajartirib ko‘rdi. Trener Ilhom Izmamadov qizdagi qobiliyatni payqab, uni shogirdlikka qabul qildi. Shundan keyin u har kuni boksga qatnay boshladi.
— Bilasizmi, boksning aurasi boshqacha, — deydi Karina. — Mashg‘ulotlarga kelishim bilan kayfiyatim ko‘tariladi. O‘zimni tetik va kuchli his qilaman.
Bir yillik tayyorgarlikdan so‘ng yosh bokschi o‘zini sinab ko‘rish uchun ringga, chempionatlarga chiqa boshladi. Buni qarangki, 2024-yilda boks bo‘yicha o‘tkazilgan chempionatning tuman va viloyat bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, respublika bosqichiga yo‘l oldi. Respublika musobaqasida ham u ishonch bilan harakat qildi. Afsuski, final bahsida uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi. Karina uchun bu natija kutilganidek bo‘lmadi, chunki u chempionlikni maqsad qilgandi. Biroq bu mag‘lubiyat uni ortga tortmadi. Aksincha, Karina bundan muhim saboq chiqardi va kamchiliklari ustida yanada jiddiyroq ishlashga kirishdi. Agar avval kuniga ikki soat mashg‘ulot qilgan bo‘lsa, endi tayyorgarlik vaqtini ikki baravar oshirib, to‘rt soatlab shug‘ullana boshladi. U har bir mag‘lubiyat kelajakdagi g‘alabalar uchun tajriba ekanini anglab, maqsadi sari yanada qat’iyat bilan intildi.
Treneri ham kerakli mashg‘ulotlarni olib borish bilan birga uni ruhan qo‘llab-quvvatladi. Kayfiyatini ko‘tarib, o‘zidagi ishonchni oshirdi. Bir yil o‘tib, Prezident olimpiadasi bo‘layotganini eshitgan Karina o‘zini sinab ko‘rishni istadi. Bir yil qanday tayyorlanganini, nimalarga qodir ekanini o‘zi uchun ham isbotlashi kerak edi. Karina ushbu chempionatning finaligacha yetib keldi. Oxirgi qadamni tashlashi kerak. Oldinda 3 raund. Raqibasi qashqadaryolik Lobar Saymanova. Kuchli, bo‘ylari baland, jang qilish noqulay bo‘lgan raqib, uni yengish osonmas edi. Karina bu bosqichlardan ham o‘tdi. Jangdan so‘ng, hakam kim g‘olib bo‘lganini e’lon qilishi kerak. Bir necha soniya unga abadiydek tuyuldi. Hakamning qarorini kutayotgan sportchi yuragining urishini ham eshitayotgandek edi. Nihoyat… Karinaning qo‘li yuqoriga ko‘tarildi. Bu quvonchi g‘alaba edi. Bu o‘zini o‘ziga isbotlash lahzalari edi. O‘shanda chempion qiz ko‘z yoshlarini yashira olmadi…
Prezident olimpiadasidagi g‘alaba Karinaning sportdagi ishonchini yanada mustahkamladi. Biroq uning oldiga qo‘ygan maqsadlari bundan ham yuksak edi. Bu qat’iyatning shakllanishida oilasining, ayniqsa otasining o‘rni katta bo‘ldi.
Karina oilada voyaga yetayotgan to‘rt qizning biri. Otasi Ruslan aka yoshlikdan sportni sevgan, boks bilan shug‘ullangan inson. Bir kuni qizining mashg‘ulotlarini kuzatar ekan, unga yarim hazil, yarim chin ma’noda: “Qizim, agar chempion bo‘lib, nomimizni dunyoga tanitsang, armonim qolmasdi”, dedi.
Bu gap Karina uchun oddiy tilak emas, balki katta mas’uliyat va ishonch edi. O‘sha kundan boshlab u har bir mashg‘ulotga, har bir musobaqaga boshqacha ko‘z bilan qaray boshladi. Endi u faqat o‘zi uchun emas, unga ishongan otasi, oilasi va murabbiylarining umidlarini oqlash uchun ham ringga chiqardi.
Tinimsiz tayyorgarlik, trener Farhod Palvanovning xizmatlari bilan Karina Osiyo chempionatiga yo‘l oldi.
— Chempionatning yarim finalidan ishtirok eta boshladim. Birinchi raqibim qozoq qizi Aylin edi. Uni yenggach, hindistonlik Himanshiga qarshi ringga chiqdim. Birinchi raundda himoyalangan holda uni kuzatdim, uslubini o‘rgandim. Ikkinchi raunddan hujumga o‘tdim. Mashg‘ulotlar paytida qorin zarbalariga ko‘p ishlamagan edim. Ammo jang davomida raqibamning aynan shu nuqtasi ochiq qolayotganini syezdim. Murabbiyimning ko‘rsatmalari va ichki ishonchim menga kuch berdi. Fursatni qo‘ldan boy bermaslik kerak edi. Ketma-ket aniq zarbalar bilan ustunlikni qo‘lga oldim. Uchinchi raundda esa tashabbus butunlay mening tomonimda edi. Raqibam qarshilik ko‘rsatishga urinar, men esa bir lahza ham hushyorlikni yo‘qotmasdim. Jang yakunlanganini bildirgan signal yangraganida yuragim qattiq urayotgan edi. G‘alabaga ishongandim, ammo hakamlar qarorini kutish baribir oson emas ekan.
Bir necha soniya menga juda uzoqdek tuyuldi. Nihoyat, hakam qo‘limni yuqoriga ko‘tardi. O‘sha lahzada ko‘z oldimdan so‘nggi uch yil ichida bosib o‘tgan yo‘lim o‘tdi: ilk mashg‘ulotlar, mag‘lubiyatlar, og‘ir tayyorgarliklar, ertalabki yugurishlar, charchoq va ko‘z yoshlar… Hammasi bir lahzada mazmun kasb etdi. Men Osiyo chempioni bo‘lgandim.
Mukofotlash marosimida O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangraganida ko‘zlarimga yosh keldi. O‘sha paytda nafaqat o‘zimni, balki menga ishongan ota-onamni, murabbiylarimni va yurtimni oqlaganimni his qildim. Bu mening eng unutilmas va eng baxtli lahzalarimdan biri bo‘lib qoldi.
Bugun Karina nafaqat o‘qiyotgan maktabining, nafaqat viloyatimizning, balki butun O‘zbekistonning faxriga aylangan yosh sportchilardan biridir. Uning muvaffaqiyati ortida tinimsiz mehnat, matonat, mag‘lubiyatlardan to‘g‘ri xulosa chiqarish va o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga sodiq qolish kabi fazilatlar mujassam. Shu bois Karina tengdoshlari, umuman yoshlar uchun chinakam ibrat maktabi bo‘la oladi.
Har bir medalning ortida mashaqqatli mashg‘ulotlar, to‘kilgan ter va yengilgan qiyinchiliklar yotadi. Karinaning 3 yillik muvaffaqiyatli odimlari esa bir haqiqatni yana bir bor isbotlaydi: inson o‘z orzusiga ishonsa va uning yo‘lida tinmay harakat qilsa, albatta, natijaga erishadi. Eng quvonarlisi, qizining yutuqlarini kuzatar ekan, otasining ko‘zlarida faxr va mamnuniyat porlaydi. Zero, farzandining muvaffaqiyati — ota-ona uchun eng katta mukofotdir. Karina esa bugun nafaqat chempion sportchi, balki qat’iyat va iroda bilan har qanday cho‘qqini zabt etish mumkinligini isbotlagan yosh qahramondir.
S.Normurodova

