So‘nggi yillarda mamlakatimizda mahalla instituti jamiyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi muammolarini joyida hal etish va islohotlarning natijasini har bir xonadonga olib kirishda eng muhim bo‘g‘in sifatida shakllanib bormoqda.Bu borada “Mahalla yettiligi” tizimi joriy etilishi bois aholi bilan ishlashning mutlaqo yangi, manzilli va samarali mexanizmi yaratildi.
Aynan shu tizim orqali davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqot yanada yaqinlashdi, har bir oila holati, dard-u tashvishi va ehtiyoji joyida o‘rganilib, tezkor yechim topish amaliyoti kuchaydi. Viloyatimizda 2026-yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar ham mazkur tizimning amaliy samarasini yaqqol namoyon etmoqda.
Bugungi kunda viloyatda 723 ta mahalla faoliyat yuritib, ularda 568 mingdan ortiq xonadon, 730 mingdan ziyod oila va 3 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladi. Nisbatan olis va chegara hududlarda joylashgan 48 ta mahallada infratuzilmani yaxshilash, ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va davlat xizmatlarini yetkazish bugungi kunning ustuvor vazifasi sifatida belgilangan.
Mahallalarda “yettilik” – mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori hamkorligida tizimli ishlash yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu orqali har bir xonadon bilan alohida ishlash, muammolarni tahlil qilish va aniq yechimlar ishlab chiqish imkoni kengaydi. Natijada mahalla endi faqat ma’muriy tuzilma emas, balki aholi hayotini o‘zgartiruvchi amaliy mexanizmga aylanib bormoqda.
2026-yil birinchi choragi davomida viloyatda obodonlashtirish va infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. “Yurt obodligi – avvalo mahalladan boshlanadi” degan tamoyil asosida ommaviy hasharlar o‘tkazilib, 1400 gektardan ortiq maydonlar obodonlashtirildi. Ariq va lotoklar tozalanib, minglab tonna chiqindilar chiqarib tashlandi, mahallalarda tozalik va tartib ta’minlandi.
Shu bilan birga, ichki yo‘llar ta’mirlandi, ba’zi ko‘chalarga shag‘al va asfalt yotqizildi, elektr tarmoqlari va transformatorlar yangi-
landi, tungi yoritish tizimi kengaytirildi. Ko‘plab mahallalarda bolalar maydonchalari, sport inshootlari va ijtimoiy obyektlar ta’mirlanib, aholi uchun qulay muhit yaratildi. Shuningdek, ziyoratgohlar va qabristonlar tartibga keltirilib, mahallalarning umumiy qiyofasi yaxshilandi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida esa viloyatda 1 million 127 mingdan ortiq daraxt ko‘chatlari ekilib, belgilangan reja 108 foizga bajarildi. Bu nafaqat ekologik barqarorlikni ta’minlash, balki aholida tabiatga ehtirom, yashil muhitni asrash madaniyatini shakllantirishga ham xizmat qilmoqda. Mahallalarda yangi bog‘lar barpo etilib, yashil hududlar kengaytirilmoqda.
Ishsizlikni qisqartirish va aholini band qilish masalasi ham birinchi chorakda asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘ldi. Mahalla “yettiligi” tomonidan o‘tkazilgan xatlovlar orqali ishsiz fuqarolar va mehnat bozoriga kirib kelishi kutilgan aholi toifalari aniqlandi. Ushbu ma’lumotlar asosida manzilli ishlash tizimi shakllantirildi. Natijada 18 ming 500 dan ortiq fuqaroning bandligi ta’minlandi. Ulardan bir qismi doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘lib, boshqalari hunarmandchilik, kasanachilik, kichik tadbirkorlik, mikroloyihalar va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatiga yo‘naltirildi.Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ham tizimli yondashuv amalga oshirildi. Viloyatdagi 69 mingdan ortiq kambag‘al oila bilan individual ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilib, ularning muammolari aniqlandi va “individual rivojlanish rejalari” ishlab chiqildi. Ushbu rejalar doirasida oilalarni ish bilan ta’minlash, tibbiy xizmatga yo‘naltirish, bolalarni ta’lim va tarbiya muassasalariga jalb qilish, uy-joy sharoitlarini yaxshilash kabi choralar ko‘rildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida minglab fuqarolar barqaror daromad manbayiga ega bo‘ldi, ko‘plab oilalarning turmush sharoiti yaxshilandi, ayrim mahallalarda kambag‘allik darajasi sezilarli darajada qisqardi. Jinoyatchilikning oldini olish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash borasida ham ijobiy natijalarga erishildi. Viloyatning aksariyat mahallalarida jinoyatchilik darajasi past yoki umuman qayd etilmagan. Bu “yashil mahalla” tizimining samarali ishlayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, ayrim hududlarda oilaviy ajrimlar soni ortishi kuzatilib, bu yo‘nalishda profilaktik ishlar yanada kuchaytirilmoqda.
Nuroniylar, imom-xatiblar, jamoat faollari ishtirokida oila mustahkamligi, farzand tarbiyasi va milliy qadriyatlarni asrash bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Maqsad – jinoyatchilikni faqat jazo orqali emas, balki ma’naviy profilaktika orqali ham kamaytirishdir.
Infratuzilmani rivojlantirish yo‘nalishida ham katta hajmda ishlar bajarildi. Mahalla binolari qurildi va ta’mirlandi, ular zamonaviy texnika va mebel bilan jihozlandi. Yo‘llar, ko‘priklar, ichimlik suvi va elektr tarmoqlari bosqichma-bosqich ta’mirlandi. Shu orqali mahallalarning tashqi qiyofasi tubdan o‘zgarmoqda.
Mahalla jamg‘armalari orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy yordam ko‘rsatildi, uy-joylari ta’mirlandi, kam ta’minlangan fuqarolarga kundalik ehtiyojlar uchun amaliy ko‘mak berildi. Shu bilan birga, “Yashil makon” doirasida obodonlashtirish ishlari uchun ham mablag‘lar yo‘naltirildi.
2026-yilning qolgan davrida ham ushbu ishlar izchil davom ettirilishi rejalashtirilgan. Jumladan, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, ichimlik suvi va elektr ta’minotini mustahkamlash, yangi mahalla binolari qurish va ta’mirlash, ijtimoiy obyektlarni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshiriladi. Shuningdek, aholini band qilish, kambag‘allikni qisqartirish va jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha manzilli dasturlar davom ettiriladi.
Viloyatda mahalla tizimi 2026-yil birinchi choragida davlat siyosatining eng muhim ijrochisi sifatida o‘zining amaliy samarasini ko‘rsatdi. Mahalla bugun faqat ma’muriy birlik, balki inson hayotini o‘zgartiradigan, muammolarni joyida hal qiladigan va jamiyatda barqarorlikni ta’minlaydigan eng ishonchli institutga aylanmoqda. Kelgusida ham ushbu tizimni yanada takomillashtirish, har bir oila farovonligini oshirish va islohotlarning natijasini xalq hayotida yanada yaqqol his ettirish asosiy maqsad bo‘lib qoladi.
Saydulla ABDURAIMOV,
Mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i

