Dunyo miqyosida volontyorlik harakati fuqarolik jamiyatining ajralmas qismi sifatida e’tirof etilmoqda. Jamiyat hayotidagi turli ijtimoiy, ekologik va xayriya tashabbuslarini amalga oshirishda volontyorlarning o‘rni tobora ortib bormoqda. Yurtimizda ham volontyorlik harakatining huquqiy asoslari mustahkam yaratilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni volontyorlarning huquq va majburiyatlarini belgilab, ushbu faoliyatni qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini yaratdi. Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan farmon va qarorlar yoshlarning tashabbuslarini rag‘batlantirish, ularni jamiyat hayotiga faol jalb etish hamda fuqarolik mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Respublikaning barcha hududlarida volontyorlik maktablari tashkil etilib, yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan o‘quv dasturlari yo‘lga qo‘yilgan. Turli ijtimoiy loyihalar, ekologik aksiyalar, xayriya tadbirlari va ma’naviy-ma’rifiy tashabbuslar orqali minglab yoshlar ezgu ishlarga safarbar etilmoqda.
Viloyatimizda ham volontyorlik harakati izchil rivojlanib bormoqda. Bugungi kunda Surxondaryo Volontyorlar maktabining 9-mavsumida 120 nafardan ortiq faol yoshlar tahsil olmoqda. Ular o‘z bilim va tajribalarini oshirish bilan birga, hududda amalga oshirilayotgan ko‘plab ijtimoiy loyihalarda ham faol qatnashib kelmoqda. Jumladan, “Clean Games” musobaqasi, xayriya tadbirlari, aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirishga qaratilgan aksiyalar hamda boshqa ko‘plab tashabbuslar yoshlarning jamiyat hayotidagi faolligini namoyon etmoqda.
Volontyorlarning faoliyati nafaqat muayyan tadbirlarni tashkil etish yoki ularda qatnashish bilan cheklanmaydi. Ular jamiyatda mehr-oqibat, hamjihatlik, insonparvarlik va birdamlik kabi qadriyatlarni targ‘ib etuvchi muhim kuchga aylanib bormoqda. Ayniqsa, ehtiyojmand oilalar, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga ko‘rsatilayotgan yordam volontyorlik harakatining insonparvarlik mohiyatini yaqqol namoyon etadi.
Volontyorlik bugungi kunda nafaqat ijtimoiy faoliyat turi, balki fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish va insonparvarlik qadriyatlarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim institutdir. Uni qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish mamlakatimizning barqaror taraqqiyoti hamda yosh avlodning faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shamsiddin RAISOV,
Termiz davlat pedagogika instituti magistranti,
Surxondaryo volontyorlar maktabi mentori

