Xavf qo‘ng‘irog‘i

Date:

Ekologiya sohasidagi korrupsiya oddiy qonunbuzarlik emas — bu tabiatga va inson hayotiga qarshi sekin, lekin to‘xtovsiz ishlaydigan xavfli mexanizmdir. Bir qarashda “kichik ruxsat”, “yopiq ko‘z” yoki “kelishuv” bo‘lib ko‘ringan holatlar aslida o‘rmonlarning yo‘qolishiga, havoning zaharlanishiga, suvlarning ifloslanishiga va minglab insonlarning salomatligi yemirilishiga olib keladi. Qachonki ekologik nazorat pul yoki manfaat evaziga sustlashsa, tabiat o‘zini himoya qila olmay qoladi va buning narxini butun jamiyat — bugungi va kelajak avlodlar to‘laydi. Bu nafaqat resurslarning talon-toroj qilinishi, balki yashash muhitining asta-sekin yo‘qolishi, iqlim muvozanatining buzilishi va inson hayot sifati keskin pasayishidir. Shu sababli ekologiya sohasidagi korrupsiya har bir jamiyat uchun oddiy muammo emas, balki jiddiy xavf qo‘ng‘irog‘idir.
Ekologiya sohasida bu yo‘nalishda muhim qadamlar qo‘yilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan ruxsat beruvchi hujjatlarni raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, xodimlar mehnatini rag‘batlantirish hamda ish haqlarini oshirish orqali inson omilini kamaytirish va shaffoflikni kuchaytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu esa sohada korrupsion xavflarni kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Hududiy darajada, xususan Surxondaryo viloyati Ekologiya bosh boshqarmasi va uning tuman-shahar ekopolitsiya bo‘linmalarida ham korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishda asosiy urg‘u muammoni yuzaga keltiruvchi omillarni aniqlash va ularga barham berishga qaratilgan. Har bir murojaat va xabar tezkorlik bilan o‘rganilib, qonun doirasida zarur choralar ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, aholining ekologik ongi va madaniyatini oshirish, korrupsiyaga qarshi immunitetni shakllantirish maqsadida targ‘ibot va tushuntirish ishlari muntazam olib borilmoqda. Chunki ekologiya — bu faqat tabiatni muhofaza qilish emas, balki inson salomatligi, hayot sifati va kelajak avlod taqdirini belgilovchi muhim sohadir. Afsuski, ayrim holatlarda korrupsiyaviy illatlar ekologik qoidalar buzilishiga, tabiiy resurslarning noqonuniy ekspluatatsiyasiga va atrof-muhitga zarar yetkazilishiga sabab bo‘lmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolarning faol ishtiroki hal qiluvchi ahamiyatga ega. Jamoatchilik nazorati, qonun buzilishlarini o‘z vaqtida xabar qilish, halollik tamoyillarini qo‘llab-quvvatlash orqali har bir fuqaro bu jarayonga o‘z hissasini qo‘sha oladi. Agar jamiyat a’zolari bu masalada befarq bo‘lsa, korrupsiyaga qarshi kurash faqat davlat organlarining zimmasida qolib, kutilgan natijani bermasligi mumkin.
Shu sababli viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi aholi va keng jamoatchilikni ushbu illatga qarshi kurashda faol hamkorlikka chaqiradi. Ekologiya sohasidagi korrupsiya nafaqat huquqiy yoki ma’muriy muammo, balki bevosita tabiatga, inson salomatligiga va kelajak avlod hayotiga tahdid soluvchi xavfli omildir. Unga qarshi kurash esa faqat davlat organlarining emas, balki butun jamiyatning umumiy vazifasidir. Halollik, shaffoflik va jamoatchilik nazorati kuchaygan jamiyatdagina ekologik barqarorlik va sog‘lom kelajakni ta’minlash mumkin.

A.Meliqulov 
viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

JAMIYAT TARAQQIYOTINING MUHIM OMILI

Dunyo miqyosida volontyorlik harakati fuqarolik jamiyatining ajralmas qismi sifatida...

Qonun ustuvorligi va halollik mezoni

Mamlakatimizda barcha sohalarda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsion holatlarning...

Xavf qo‘ng‘irog‘i

Ekologiya sohasidagi korrupsiya oddiy qonunbuzarlik emas — bu tabiatga...

Asosli to‘xtamga kelingan…mi?

Surxondaryo viloyatida yakka tartibdagi tadbirkorning qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)...
KunTun
KunTun