Hech bir nihol nobud bo‘lmasin

Date:

Bugungi globallashuv jarayonida ekologik barqarorlikni ta’minlash nafaqat davlat siyosati darajasida, balki jamiyatning barcha qatlamlari uchun dolzarb vazifaga aylanib bormoqda. Iqlim o‘zgarishi, suv va yer resurslarining kamayishi, yashil hududlarning qisqarishi kabi omillar insoniyatni tabiatga bo‘lgan munosabatini qayta ko‘rib chiqishga undamoqda. Shu nuqtayi nazardan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi ekologik xavfsizlikni ta’minlash va barqaror rivojlanishga erishish yo‘lida muhim strategik tashabbus sifatida baholanmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan farmonga muvofiq, 2030-yilga qadar respublikada yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil hududlarni 10 kvadrat metrga oshirish vazifasi belgilangan. Ushbu maqsadlar doirasida hududlarda keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, Angor tumanida 10 ming gektar maydonda “yashil makon” barpo etilgan bo‘lsa,
220 gektar hududda 16 million tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib,
“yashil belbog‘” yaratish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov loyiha ijrosi bilan joyida tanishib, amalga oshirilayotgan ishlar holatini atroflicha muhokama qildi. Jarayonda mavjud muammolar, ularni bartaraf etish yo‘llari hamda ishlarni yanada jadallashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mas’ul tashkilotlarga ko‘chatlarni parvarishlash, sug‘orish tizimini samarali yo‘lga qo‘yish va loyiha sifatini ta’minlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Bu esa har bir ekilgan niholning parvarishsiz qolmasligi va haqiqiy yashil hududga aylanishini ta’minlashga qaratilgan muhim qadamdir.
— Bugun “Yashil makon” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat ekologik tashabbus, balki ilmiy va tarbiyaviy jihatdan ham katta ahamiyatga ega, — deydi Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti rektori Oybek Ro‘ziyev. — Yashillikni muhim sanovchi jamoa sifatida institut jamoasi bu jarayonni qo‘llab-quvvatlaymiz. Talabalarimizni ekologik ong, tabiatga mas’uliyatli munosabat ruhida tarbiyalashda bunday loyihalar muhim amaliy maktab vazifasini o‘tamoqda. Har bir ekilgan daraxt — bu kelajak uchun qo‘yilgan sarmoya. Eng muhimi, ushbu tashabbus yoshlarimizda tabiatni asrash madaniyatini shakllantiradi.
Ta’kidlash joizki, “Yashil makon” loyihasi faqat ko‘chat ekish bilan cheklanib qolmay, balki ekologik madaniyatni yuksaltirish, iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini kamaytirish va sog‘lom yashash muhitini yaratishga qaratilgan keng qamrovli tizimli jarayondir. Bu esa nafaqat bugungi kun, balki kelajak avlod oldidagi mas’uliyatli vazifa ekanini anglatadi.
Hududlarda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” loyihasi ekologik barqarorlikni ta’minlash yo‘lida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan tashabbusdir. Uning samarali ijrosi faqatgina ko‘chat ekish bilan cheklanib qolmasdan, balki ularni parvarishlash va saqlab qolish madaniyatini ham shakllantirishni talab etadi. Shu bois ushbu yo‘nalishdagi ishlarning izchil davom ettirilishi, berilgan topshiriqlarning sifatli bajarilishi kelajak avlod uchun gullab-yashnagan tabiat va barqaror ekologik muhit yaratishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Ta’kidlash o‘rinliki, “yashil belbog‘”larning asosiy vazifasi – ekologik muvozanatni tiklashdir. Angor tumanida daraxt va butalar ekilishi natijasida havodagi zararli moddalar kamayib, kislorod miqdori ortmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, aholi salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, chang-to‘zon va issiq shamollar ko‘p kuzatiladigan hududlarda yashil hududlar tabiiy “filtr” vazifasini bajaradi.
Ushbu tashabbus iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda ham samarali vosita hisoblanadi. Daraxtlar karbonat angidrid gazini yutib, atmosferadagi zararli gazlar miqdorini kamaytiradi. Shu tariqa “yashil belbog‘”lar global isish jarayonini sekinlashtirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, Angor tumanida tashkil etilayotgan “yashil belbog‘” nafaqat ekologik barqarorlikni ta’minlash, balki iqtisodiy rivojlanish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Kelgusida bunday tashabbuslarni yanada kengaytirish, har bir hududda ko‘kalamzorlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratish muhimdir. Zero, yashil tabiat – sog‘lom kelajak garovidir.

“Surxon tongi”

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Bolajonlar “Kitobxon kids”da bellashdi

Kitobxonlik yosh tanlamaydi — u barcha uchun birdek foydali...

“TalabaExpo–2026” — kasb tanlashda muhim maydon

Yoshlarni to‘g‘ri kasb tanlashga yo‘naltirish, ularning kelajak rejalari va...

Qamrovi oshmoqda

Maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, bolalarni erta yoshdan sifatli ta’lim...

Kikbokschilarimiz muvaffaqiyat qozondi

Yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning jismoniy tayyorgarligi va...
KunTun
KunTun