Muammolarga yechim bor

Date:

Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining yigirma birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, aholining turmush farovonligini oshirish hamda dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan jami 13 ta masala atroflicha muhokama qilindi. Sessiya ishida hududdan saylangan senatorlar, viloyat Kengashi deputatlari, tegishli tashkilot va muassasalar rahbarlari, shuningdek, studiyalar orqali tuman va shahar Kengashlari deputatlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Yig‘ilishni viloyat Kengashi raisi Abdurayim Choriyev olib bordi.
Dastlab, Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning viloyatdagi mintaqaviy vakili tomonidan 2025-yilda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot tinglandi. Unda murojaatlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda ularning muammolarini joyida hal etish bo‘yicha olib borilgan ishlar alohida ta’kidlandi.
Sessiyada muhim masalalardan biri sifatida viloyat mahalliy byudjetining 2026-yil birinchi chorakdagi ijrosi ko‘rib chiqildi. Hisobotda daromad va xarajatlar ko‘rsatkichlari, rejalashtirilgan vazifalarning bajarilish darajasi hamda yil yakuni bo‘yicha prognoz natijalar tahlil qilindi. Ta’kidlanganidek, belgilangan rejalarning izchil amalga oshirilayotgani hudud iqtisodiy barqarorligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shuningdek, 2027–2029-yillarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritiladigan loyihalarning dastlabki manzilli ro‘yxati muhokama qilinib, ularning hududlar kesimidagi ahamiyati va dolzarbligi


yuzasidan fikr almashildi. Bu borada loyihalarni tanlashda aholi ehtiyojlari va iqtisodiy samaradorlik mezonlariga ustuvor ahamiyat qaratilishi qayd etildi.
Huquq-tartibot va xavfsizlik masalalari ham sessiya kun tartibidan muhim o‘rin oldi. Ichki ishlar organlari faoliyati yuzasidan berilgan ma’lumotlarda jinoyatchilikning oldini olish, profilaktika tizimini kuchaytirish hamda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Yoshlar siyosatiga oid masalalar muhokamasi davomida viloyatda
14–30 yosh toifasidagi yoshlar bilan ishlash tizimi, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan hisobot tinglandi. Xususan, yoshlarni toifalarga ajratish, “og‘ir” toifadagi yoshlar bilan individual ishlash, ularni ijtimoiy hayotga qaytarish borasidagi amaliy natijalar e’tirof etildi. “UzChess”, “Mutolaa” va “Ustoz AI” kabi loyihalar orqali yoshlarning bilim va salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlar samarasi alohida qayd etildi.
Shuningdek, sessiyada ijro intizomini mustahkamlash, ekologik barqarorlikni ta’minlash, hudud infratuzilmasini yaxshilash, qo‘shimcha moliyaviy manbalarni safarbar etish, yer munosabatlarini tartibga solish kabi qator muhim masalalar yuzasidan ham tegishli qarorlar qabul qilindi.
Yig‘ilish yakunida deputatlar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar inobatga olingan holda barcha masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilindi. Sessiya qarorlari hududni barqaror rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish hamda mavjud muammolarni tizimli hal etishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

S.Normurodova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Muammolarga yechim bor

Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining yigirma birinchi sessiyasi bo‘lib...

Hech bir nihol nobud bo‘lmasin

Bugungi globallashuv jarayonida ekologik barqarorlikni ta’minlash nafaqat davlat siyosati...

Xavfsizlik — birinchi o‘rinda

Bugungi kunda yangi bino va inshootlar qurilishiga katta e’tibor...

Pulning “issig‘i” soviguncha…

Alibek (ism o‘zgartirilgan) bolaligidan erka o‘sdi — shunaqangi erkaki,...
KunTun
KunTun