Alpomishlar bordir bu elda

Date:

“Alpomish” dostonida o‘zbek xalqiga xos bag‘rikenglik, qahramonlik va jasorat, mehr-oqibat hamda o‘zaro insoniy munosabatlar zo‘r mahorat bilan tasvirlanadi. Qisqa va lo‘nda tashbehlar orqali butun boshli bir manzara chizib beriladi. O‘tmishda bu kengliklarda mardonavor hayot kechirib, o‘zligini namoyon etgan, bag‘rikeng, donishmand, ona Vatan himoyasi uchun ko‘ksini g‘animga qalqon qilgan ne-ne botir farzandlar qahramonligi timsolida adolatparvar, vatanparvar bir daryodil elning qadriyat va an’analari tarannum etiladi. Yurtning sha’ni-shavkati uchun or talashgan alplar qatori Oybarchinning qahramonliklari nafaqat ayol zoti, balki har qanday erkakka ham namuna bo‘la olishi hayratlanarli.
O‘zbek xalq qahramonlik eposi “Alpomish” dostonini mutolaa qilarkansiz, voqealar o‘n ming uyli Boysun qo‘ng‘irot elida kechishiga guvoh bo‘lasiz. Ushbu jarayondagi eng muhim hodisa – voqealar aynan Boysunda sodir bo‘lganligida. Dostonni o‘qigan o‘quvchida savol paydo bo‘ladi, “Nega voqealar aynan Boysunda kechadi?” Oybarchin va Alpomishning Boysun farzandi ekanligi shunchaki badiiy to‘qimami yoki uning zamirida hayotiy haqiqat bormi?
Bugungi kun nuqtai nazari bilan qaraganda, “Alpomish” dostoni qahramonlari va real hayot o‘rtasida o‘xshashlik borligi kishini hayratlantiradi. Xo‘sh, Boysun nimasi bilan bunchalik mashhur? Afsonaviy botir, “Alpomish” dostoni bosh qahramoni – Hakimbek asli boysunlik edi. Balki siz, bu – bir xalq og‘zaki ijodi namunasi bo‘lsa, buning hayot haqiqati bilan qanday aloqasi bor, dersiz. Gap shundaki, bugungi kunda mazkur tumandan yetishib chiqqan pahlavonlarni bir-bir sanay ketsak, Boysun rostdan-da, nafaqat qahramonlik dostonlari yaralishi uchun asos bo‘lgan zamin, balki haqiqiy hayotda ham dunyoga ko‘plab Alpomish kelbatli, Alp siyratli, dovruqli pahlavonlarni yetishtirib berganligiga guvoh bo‘lasiz.
So‘nggi yillarda Boysun tumanidan dunyoga mashhur juda ko‘plab polvon yetishib chiqmoqda. Bir qarashda, bu shunchaki bir tasodifga o‘xshab tuyulishi mumkin. Ammo hayotda shunchaki tasodiflar bo‘lmaydi. Har bir erishilgan yutuq, muvaffaqiyatda ulkan mehnat, bilim va tajriba, xalqimizning o‘lmas qadriyat va an’analari “mana-man” deb bo‘y cho‘zib turadi.
O‘zbek milliy kurashi bo‘yicha jahon chempioni Toshtemir Muhammadiyev, bir necha bor xalqaro turnirlar g‘olibi, Olimpiada o‘yinlari sovrindori Abdulla Tangriyev, Davlat Choriyev va yana ko‘plab kuragi yerga tegmagan polvonlar nafaqat Boysun yoki Surxondaryoning, balki o‘zbek xalqining, O‘zbekiston davlatining sharafini himoya qilishganligi, Hakimbeklarni dunyoga keltirgan Boysun tumani haqida kengroq mushohada qilishga chorlaydi.
Boysunlik taniqli kurashchi Toshtemir Muhammadiyev, ta’bir joyiz bo‘lsa, butun umrini o‘zbek milliy kurashi rivojiga bag‘ishlagan fidoyi insonlardan biri, desak aslo xato ketmaydi. Toshtemir polvonning azaliy orzularidan biri, Alpomishlar yurti bo‘lgan Boysunda qadim an’analarni davom ettirib, o‘zbek milliy kurashining shavkatini yanada yuksaklarga ko‘tarishdan iborat edi. Butun dunyoda yakka kurash turlari anchayin rivojlangan bugungi davrda aniq chora-tadbirlar, amaliy mashg‘ulotlar, zamonaviy bilimlarsiz biror-bir natijaga erishib bo‘lmasligini dil-dildan his qilgan T. Muhammadiyev buning yechimini topish uchun, o‘z oromidan voz kechib, ko‘p yelib-yugurdi. Uning shaxsiy tashabbusi tufayli respublikada birinchilardan bo‘lib kurash maktabi qurilishi uchun ruxsat olindi. Ammo, Birinchi Prezidentimizning qo‘llab-quvvatlovi bilan imkoniyat eshiklari ochila boshlagan kezlarda kurash maktabini qaysi tumanda qurish kerak, degan masala ko‘ndalang bo‘ldi. Viloyatdagi rahbarlar: “Bu maktab viloyat markazi Termizda quriladi”, deyishdi. Ko‘plab o‘zaro tortishuvlar, munozaralar bo‘lib o‘tdi; uzoq davom etgan tortishuvlardan so‘ng, oxir-oqibatda kurash maktabi Boysun tumanidagi Dashtig‘oz qishlog‘ida quriladigan bo‘ldi. Shu tariqa kurash maktabi qurilishi yo‘lidagi ilk qadamlar tashlandi.
– Maktab-internatimizning asosiy binosi 2007-2008-yillarda qurilgan bo‘lsa, 2015-2016-yillarda kapital rekonstruksiya qilindi. 2005-2007-yillarda tumandagi 31-umumta’lim maktabi binosida sport maktabi sifatida faoliyat yuritdik. 2015-yilda Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi sportning milliy kurash turiga ixtisoslashtirilgan maktab internati sifatida qayta ochildi.
Nihoyat, maktabimiz 2018-yilda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tasarrufiga o‘tkazilgach, 2019-yilda 5-, 6-, 7-sinflarga 60 nafar o‘quvchi йabul qilinib, faoliyatini boshladi, deydi kurash maktabi direktori Toshtemir Muhammadiyev.
O‘quvchilar sport turlari bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun maktab-internatida hozirgi kunda 1 ta 24×12 hajmdagi sport zali va 1 ta 45×90 hajmdagi futbol maydoni mavjud. 100 o‘rinli yotoqxona, 60 o‘rinli oshxona, 8 ta sinf xona, 140 o‘rinli o‘quv korpusi o‘quvchilar ixtiyorida. 1 ta qurilishi tugallanmagan o‘yingoh uchun mablag‘ga zaruriyat sezilmoqda.
Maktab-internatida 5-11 sinflarda viloyatning barcha tumanlaridan kelgan 136 nafar iste’dodli o‘quvchilar ta’lim olish bilan bir qatorda kurash to‘garagida faol ishtirok etishadi. 6 nafar tajribali murabbiy, o‘quvchi yoshlarga qunt bilan milliy kurashimizning sir-asrorlarini o‘rgatishmoqda.
–Bitiruvchilarimizdan Muzaffarbek To‘raboyev, Sherxon To‘raboyev hamda O‘tkirbek To‘raboyevlar bir necha marotaba respublika, jahon va Osiyo chempionatlarida chempion bo‘lishdi. Xususan, Muzaffarbek To‘raboyev 2024-yilgi Parij olimpiadasida sportning dzyudo turi bo‘yicha faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritib, bronza medali sohibi bo‘lganligi, ustoz murabbiylarimizning zahmatli mehnatlarining samarasi deb o‘ylayman. Bitiruvchilarimizdan yana biri, Shohjahon Valijonov 2024 yil 12-may kuni Mongoliyada yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida 83 kilogram vaznda faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. O‘tgan yili Yigitali Shoynazarov hamda Shohjahon Valijonovlar O‘zbekiston chempioni bo‘lishganligi barchamizga quvonch bag‘ishladi, – deydi T. Muhammadiyev.
Barcha shart-sharoitga ega, keng va yorug‘ kurash zalida mashg‘ulotlar qizg‘in davom etmoqda. Kurash maktabi tarbiyalanuvchilari o‘z yosh toifasiga qarab, ustozlarning ko‘rsatmasiga binoan, kurash usullarini juft-juft bo‘lib bajarishmoqda. Yosh kurashchilarning ko‘zida o‘ziga nisbatan ishonch, bo‘lg‘usi musobaqalarga tayyorgarlik chog‘idagi aniq va chaqqon harakatlar, nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda orttirilgan tajriba bir qarashda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Eng muhimi, bu yoshlarning har birida qaysidir ma’noda iste’dod, kurashchanlik, chayirlik va chapdastlik, o‘ziga xoslik sezilib turibdi. Maktab o‘quvchilari viloyat va respublika miqyosidagi turli xil musobaqalarda munosib ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritishmoqda. O‘quvchilarning bu yutuqlarida ustozlari: Alisher Norboyev, Sherxon To‘raboyev va Sarboz Jabborovning beminnat hissasi bor. O‘z vaqtida qilingan zahmatli mehnat yaqin kelajakda o‘z mevasini berishiga shubha qilmasa ham bo‘ladi.

Xolmuhammad TOG‘AYMURODOV

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

BHMning 6 baravari miqdorida

Hukumat qarori bilan «Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan...

Yangi O‘zbekistonni barpo etish, fuqarolar farovonligini ta’minlash va mamlakatimizning...

Mavsum samarali tashkil etildi

Shoʻrchi tumanidagi 14-maktabgacha ta'lim tashkilotida “Yozgi sog'lomlashtirish mavsumini...

Jarimasi 3 750 000 so‘m

Viloyatiʼ prokuraturasi xodimlari, viloyat Ekologiya boshqarmasi hamda Milliy gvardiya...
KunTun
KunTun